Italiyalik ekspertlar Oʻzbekistonda “yashil” iqtisodiyotga oʻtilishini qoʻllab-quvvatlaydi

    Ushbu guruhlar faoliyati iqlim oʻzgarishi asoratlarini yumshatish va moslashtirish choralarini qoʻllashga hamda agrooziq-ovqat sektorida “yashil” oʻtish jarayonini tezlashtirishga yoʻnaltirilgan.

    30-yanvardan 4-fevralga qadar O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturi ko'magida Qishloq xo'jaligi tadqiqotlari va iqtisodiyoti kengashi (CREA) ekspertlarining mamlakatimizga tashrifi bo'lib o'tmoqda.

    Qishloq xo'jaligi vazirligi ma'lumotiga ko'ra, Italiya milliy tadqiqot muassasasi qishloq xo'jaligi, agrosanoat, baliqchilik, o'rmon xo'jaligi va iqtisodiyot bo'yicha boy tajribaga ega bo'lib, operativ va innovatsion guruhlarni yaratish hamda rivojlantirish uchun har tomonlama yordam ko'rsatadigan etakchi tashkilot hisoblanadi.

    Ushbu safar Evropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan «Agrooziq-ovqat sektorida «yashil» iqtisodiyotga inklyuziv o'tishni qo'llab-quvvatlash va O'zbekistonda qishloq xo'jaligi bilimlari va innovatsiyalarining «iqlimga mos» tizimini rivojlantirish» (EU-AGRIN) loyihasi doirasida amalga oshirildi.

    Italiyalik ekspertlar O'zbekistonning tajriba hududlarida loyihalarni amalga oshirish uchun innovatsion guruhlarni yaratish hamda faoliyat yuritishi bo'yicha mahalliy institut va muassasalarning bilim va salohiyatini oshirishga ko'maklashadi.

    Ushbu guruhlar faoliyati iqlim o'zgarishi asoratlarini yumshatish va moslashtirish choralarini qo'llashga hamda agrooziq-ovqat sektorida “yashil” o'tish jarayonini tezlashtirishga yo'naltirilgan.

    Safar davomida tegishli tashkilot va idoralar mutaxassislari, fan, ta'lim sohasi vakillari, shuningdek, fermerlar va boshqa manfaatdor tomonlar uchun o'quv seminari o'tkazilmoqda. Shuningdek, vazirlik va idoralar, xususiy sektor va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvlar ham ko'zda tutilgan.