Italiyalik professor-oʻqituvchilar Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida dars beradi

    Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti rektori, professor Sh.Hasanov Italiyaning Tushia universiteti rektori Stefano Yubertini boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, Tushia universiteti Italiyaning nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri boʻlib, Viterbo shahrida joylashgan. 1979-yilda tashkil etilgan ushbu universitet 6 ta oʻquv fakultetidan iborat. Oliygoh qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalar boʻyicha kadrlar tayyorlaydi. Universitet xalqaro QS reytingida 901–950 oʻrinlarni egallagan.

    Institut rahbari mehmonlarga oliy taʼlim muassasasining faoliyati, professor-oʻqituvchilar, tadqiqotchilar va talabalarga yaratilgan sharoitlar, xalqaro hamkorlik aloqalari hamda amaldagi ilmiy loyihalar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi. Bundan tashqari, mehmonlar institutda amalga oshirilayotgan xalqaro loyihalar, talabalar startaplarini bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ham ega boʻlishdi.

    Uchrashuv davomida istiqboldagi hamkorlik aloqalari muhokama qilinib, toʻrtta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha qoʻshma dasturlar ishlab chiqilishi, shuningdek, Italiyalik professor-oʻqituvchilarning institutda dars berishi boʻyicha kelishuvga erishildi. Hamkorlikdagi qoʻshma taʼlimga Markaziy va Yaqin Sharq mamlakatlaridan mingga yaqin talabalar jalb qilinishi rejalashtirildi.

    Institutning mana shunday nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishi professor-oʻqituvchilar, talabalar uchun yangi imkoniyatlarni ochib, taʼlim sifatining oshishiga, ilmiy faoliyatning yuksalishiga, bitiruvchi talabalarning xalqaro darajada raqobatbardosh kadr boʻlishida oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatadi.