Madaniy meros agentligida Xalqaro hamkorlik boʻyicha xorijlik restavratorlar, madaniy merosni saqlash boʻyicha jahon tajribasini oʻrganish hamda amaliyotga tatbiq etish boʻyicha bir qancha yoʻnalishda ishlar olib borilmoqda.
Kecha Madaniy meros agentligida Italiyaning “ASSORESTAURO” assotsiatsiyasi rahbariyati bilan rasmiy uchrashuv oʻtkazildi. Uchrashuvda madaniyat vaziri oʻrinbosari - agentlik rahbariyati tomonidan Kamola Akilova, Italiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Agostina Pinna, “ASSORESTAURO” assotsiatsiyasining prezidenti Alessandro Botsetti, Assotsiatsiya maslahatchisi Nikola Berlukkilar ishtirok etdi.
Rasmiy uchrashuvda Kamola Akilova italiyalik hamkorlar bilan muloqot jarayonida, Oʻzbekiston-Italiya oʻrtasidagi diplomatik aloqalarning asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida tarixiy meʼmorchilik oʻziga xos oʻringa ega ekanligini aytib oʻtdi. Italiyada tarixiy inshoatlarning saqlanishi va asrab kelinishi tahsinga sazavorligini aytdi.
Hozirgi kungacha Oʻzbekistonda 8000 ga yaqin madaniy meros obyektlari mavjud boʻlib, ularning 4500 tasi arxeologik, 2000 tasi arxitektura, qolganlari madaniy obida koʻrinishida ekanligini, madaniy meros obyektlarini asrash hamda konservatsiya ishlariga Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan oxirgi oxirgi toʻrt yil mobaynida madaniy meros obyektlarini davlat tomonidan qonunchilik negizida asrab-avaylanishiga katta ahamiyat berilayotganini alohida taʼkidladi. XX asrda oʻzbek restavratorlari maktabi boʻlgan, restavratsiya instituti tashkil qilingan. Institutda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilgan.
1990-yillarda nomaʼlum sabablarga koʻra restavratsiya instituti tarqatib yuborildi. Oxirgi yillarda ushbu institutni tiklash boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Oʻzbekistonda anʼanaviy ustoz-shogird maktabi bor. Biroq meʼmorchilikdagi injiniring sohasi tajribasini oʻrganish, hunarni ilm darajasiga olib chiqish uchun sizdek xorijlik hamkorlar tajribasini oʻrganmoqdamiz. Bu borada restavratsiya boʻyicha turkiyalik, xitoylik mutaxassislar bilan regeneratsiya, restavratsiya boʻyicha ish tajribasini oʻrganmoqdamiz”,-dedi Kamola Akilova. - “Oʻzbekiston Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida joylashgan mamlakat sifatida juda koʻp oʻziga xos madaniy meros obyektlariga ega. Mamlakatdagi 4 ta shahar YUNESKO roʻyxatiga kirgan”.
Italiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Agostina Pinna, Oʻzbekiston va, ayniqsa, Samarqand sehrli diyor sifatida dunyoga mashhur ekanligini, italiyalik shaharsoz mutaxassislarning tashrifidan koʻzlangan maqsad, Samarqanddagi oʻrta asrlarga oid boʻlgan madaniy yodgorliklarni oʻrganish ekanligini aytib oʻtdi.
“ASSORESTAURO” assotsiatsiyasining prezidenti Alessandro Botsetti, Italiya davlatining yillik moliya byudjetidagi mablagʻning 15% restavratsiya ishlariga sarflanishini taʼkidladi.
“ASSORESTAURO” assotsiatsiyasining maslahatchisi Nikola Berlukki assotsiatsiya faoliyati boʻyicha elektron taqdimotni namoyish etar ekan, uning madaniy meros obyektlari diagnostikasi, restavratsiya, regeneratsiya, dizayn, restavratsiya jarayonida ishlatiladigan qurilish materiallarini ishlab chiqish singari yoʻnalishlarini aytib oʻtdi. “ASSORESTAURO” assotsiatsiyasi Rossiya, Xitoy, AQSH, Kanada, Eron kabi davlatlarda restavratsiya va regeneratsiya ishlari boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Turkiyaning Istanbul, Rossiyaning Moskva, Eronning Isfahon va Tabriz shaharlarida regeneratsiya, restavratsiya ishlarini olib borishdan tashqari arxitektorlarga, regeneratsiya ustalariga binoni tiklash, saqlash, taʼmirlash masalalari, jarayonni moliyalashtirish, ishni toʻgʻri tashkil etish – injeniring boʻyicha treninglar oʻtkazilganligi, bu borada assotsiatsiya tomonidan uning faoliyat tajribasi asosida oʻquv qoʻllanmalar yaratilgan.
“ASSORESTAURO” assotsiatsiyasi vakillarining xizmat safari dasturiga Samarqand shahridagi madaniy meros obyektlarini oʻrganish ham kiritilgan.