Italiyalik travmatolog oʻzbekistonlik hamkasblari bilan noyob operatsiyalar oʻtkazdi

    Salomatlik 31 May 2022 2522

    Italiyaning Ravenna shahridagi “Santa Maria delle Croci” gospitali rahbari, Emiliya-Romanya hududi bosh travmatologi Alberto Belluatini dunyoning ilgʻor amaliyotini yurtimizda qoʻllash maqsadda mamlakatimizga taklif etildi.

    Taniqli shifokor Oʻzbekistonga safari davomida Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida boʻlib, toʻrt nafar bemorda yuqori texnologik murakkab operatsiyalar oʻtkazdi.

    Aslida chanoq-son boʻgʻimlarini endoprotezlash amaliyoti muassasa mutaxassislari uchun yangilik emas. Bu borada shifokorlarimiz katta tajriba va salohiyat toʻplagan. Ammo bu galgi bemorlarning holati ancha murakkab edi.

    Masalan, ulardan biriga “ikki tomonlama koksartroz, koronavirusdan soʻnggi sindrom, ikkala son suyaklari boshchalarining aseptik nekrozi” tashxisi qoʻyilgan edi.

    Italiyalik shifokor oʻzbekistonlik hamkasblari ishtirokida bu dardni davolash uchun noyob amaliyot oʻtkazishga qaror qildi. Natijada bir vaqtning oʻzida bemorning ikkala chanoq-son boʻgʻimiga zamonaviy endoprotez moslamalari oʻrnatildi. Ikki soat davom etgan operatsiya muvaffaqiyatli oʻtdi.

    Bundan tashqari, Alberto Belluatini tomonidan 20 nafardan ortiq bemorlar konsultatsiya qilindi. Markazning reabilitatsiya, artroskopiya, sport travmatologiyasi, jarohatlar oqibati hamda kattalar travmatologiyasi boʻlimlarida tibbiy koʻriklari tashkil etildi.

    Yana bir eʼtiborli jihati, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining “Santa Maria delle Croci” gospitali bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish yuzasidan muzokaralar olib borildi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.