Muzokaralar oʻzaro manfaatli hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilishga bagʻishlandi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda ITB faoliyati jadal kengayib borayotgani qayd etildi. Ayni paytda Oʻzbekistondagi ITBning investitsiyaviy portfeli umumiy qiymati 1,8 milliard dollarlik 29 ta loyihadan iboratdir. Shulardan umumiy qiymati 996 million dollarga teng 21ta loyiha amalga oshirilgan va 825 million dollarlik 8ta loyiha hayotga tatbiq etilyapti.
Tomonlar amalga oshirilayotgan loyihalarni hayotga joriy etilishini jadallashtirish chora-tadbirlarini muhokama qildilar va joriy yilda ITB tomonidan tasdiqlanishi kutilayotgan infratuzilmaviy rivojlanish, taʼlim va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash sohalarida yangi loyihalarni koʻrib chiqish boʻyicha keyingi tadbirlarni belgilab oldi.
ITB rahbari Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot Strategiyasining qabul qilinishini olqishladi va unda belgilangan ustuvor vazifalar dolzarbligini taʼkidlab, ushbu Strategiyani amalda tatbiq etish hamda Oʻzbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada rivojlantirishga hissa qoʻshishga tayyorligini bildirdi.
Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish vazifalari koʻrib chiqildi. Joriy yil yanvar oyida xususiy investorlarni Jamgʻarma faoliyatida ishtirok etishga jalb qilish uchun ITB “roud-shou” oʻtkazgani aytib oʻtildi. Tomonlar shu yilning ikkinchi choragida jamgʻarma faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida tashkiliy va moliyaviy masalalarni jadal hal qilish boʻyicha faol ish olib borishga sodiqligini bildirdi.
ITB bilan 2023-2025-yillarga moʻljallangan yangi Hamkorlik dasturini birgalikda ishlab chiqish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari yuzasidan fikr almashildi, ular qatorida aholi bandligi va malakasini oshirish, hududlar va qishloq joylarda xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va startaplarni qoʻllab-quvvatlash, suv taʼminoti tizimlari, kanalizatsiya, kommunal va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish kabi yoʻnalishlar belgilab olindi. ITB tomonidan Arab muvofiqlashtirish guruhi bilan hamkorlikda yaratilgan SmartED yangi moliyalashtirish mexanizmidan foydalangan holda taʼlim tizimini takomillashtirishning dolzarbligi ham alohida taʼkidlandi.
Maʼlumot uchun: SmartEd dasturi qiymati 500 million dollardir. Dastur “Taʼlim sohasida global hamkorlik” moliyaviy platformasi tomonidan taqdim etilgan 100 million dollarlik grant moliyalashtirish paketini, shuningdek, imtiyozli moliyalashtirish paketini oʻz ichiga oladi va ITBga aʼzo mamlakatlarda taʼlim loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.
ITB rahbariyati, shuningdek, savdoni moliyalashtirish hamda mamlakat tijorat banklari bilan hamkorlik qilishning boshqa moliyaviy vositalarini ishga solib, Oʻzbekistonda kichik biznes va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish imkoniyatlarini koʻrib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Oʻzbekiston tomoni ITB va (APICORP) Arab neft investitsiya korporatsiyasi muqobil energetika, infratuzilmaviy qurilish, suv resurslarini boshqarish va chiqindilarni yoʻq qilish sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirishga, shu jumladan Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlarning xususiy kompaniyalari va investorlarini jalb qilishga qaratilgan yangi “Infra Initiative” qoʻshma tashabbusini olqishladi.
Odamlar zich, qishloq va chekka hududlarda yashovchi aholi uchun taʼlim sifatini yuksaltirish maqsadida Oʻzbekiston hududlaridagi 400 ta maktabni rekonstruksiya qilish dasturini amalga joriy etish boʻyicha ITB tomonidan qoʻshimcha mablagʻ ajratishning istiqbollari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston tomoni ITBning alohida chegara oʻtish punktlarining imkoniyatlarini oshirish va samaradorligini yuksaltirishda texnik yordam koʻrsatish hamda Oʻzbekistonda yoʻl harakati xavfsizligini boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan tashabbusini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Ushbu sohaning bugungi holatini tahlil qilish hamda bu yoʻnalishda ilgʻor innovatsion ishlanmalar va amaliyotlarni joriy qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqish uchun Oʻzbekistonga ekspertlar guruhini yuborish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Oʻzbekiston xalqaro islom Akademiyasida intellektual maʼruzalar zali tashkil etishga grant mablagʻlari ajratgani uchun ITB Prezidentiga minnatdorlik bildirildi. Boshqa manbalar bilan bir qatorda ITB Transformatsiya jamgʻarmasi va Oʻzaro hamkorlik platformasi resurslaridan foydalangan holda ikki tomonlama munosabatlarning boshqa yoʻnalishlarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirilishi muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha muhokama qilingan tashabbuslar va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar belgilab olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.