Unda Senat aʼzolari, Vazirlar Mahkamasining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari kompleksi rahbariyati, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yigʻilishda Oliy Majlis Senatining navbatdagi yigirma uchinchi yalpi majlisida koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan masalalar, jumladan, “Xalqaro mehnat tashkilotining Qurilishda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi toʻgʻrisidagi 167-sonli Konvensiyasini ratifikatsiya qilish haqida”gi, “MDH ishtirokchi-davlatlarining soxta tovar belgilari va geografik koʻrsatkichlardan foydalanishning oldini olish va unga chek qoʻyish boʻyicha hamkorligi toʻgʻrisidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlar loyihalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik boʻyicha komissiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi masalasi muhokama etildi.
“Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining ijrosi yakunlariga bagʻishlangan Vazirlar Mahkamasining hisoboti koʻrib chiqildi. Amalga oshirilgan ishlar koʻlami, jumladan, investitsiyalarni jalb qilish va tashqi savdoni rivojlantirish, dasturda belgilangan maqsadli parametrlardan oshgan holda erishilgan bir qator koʻrsatkichlar qayd etildi. Eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish, joriy yilda rejalashtirilgan investitsiya loyihalarining sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash maqsadida yuqori ish surʼatlarini saqlab qolish muhimligi taʼkidlandi.
“MDH ishtirokchi-davlatlarining soxta tovar belgilari va geografik koʻrsatkichlardan foydalanishning oldini olish va unga chek qoʻyish boʻyicha hamkorligi toʻgʻrisidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasini muhokama qilish chogʻida soxta tovar belgilari va geografik koʻrsatkichlar bilan tovarlarni ishlab chiqarish va sotish, shuningdek, bunday tovarlarni MDH mamlakatlari davlat chegaralari orqali olib oʻtishning oldini olish, aniqlash va chek qoʻyish boʻyicha xalqaro hamkorlik qilish uchun sharoit yaratishning dolzarbligi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik boʻyicha komissiyasini tuzishni koʻrib chiqish asnosida davlatimiz rahbarining 2021-yil dekabr oyida Koreya Respublikasiga davlat tashrifining ahamiyati qayd etildi. Tashrif davomida iqtisodiyot, taʼlim, tibbiyot, energetika, avtomobilsozlik, madaniyat sohalarida yutuqlar va keng koʻlamli kelishuvlarga erishilgani, shuningdek, ularni amalga oshirish boʻyicha Hukumat hamda tegishli vazirlik va idoralarning kelishilgan holda ishlashi zarurligi taʼkidlandi.
Yigʻilish yakunlari boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, unda muhokama etilgan masalalar va qonun loyihalari ijrosi yuzasidan vazirlik va idoralarga aniq vazifa va tavsiyalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.