Joriy yil 28-may kuni Prezidentimizning madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalari xodimlari, jumladan, bir guruh marhum ijodkorlarni mukofotlash toʻgʻrisidagi farmonlari qabul qilindi. 1-iyun kuni davlatimiz rahbari madaniyat va sanʼat sohasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Mazkur voqealar tom maʼnoda yangi Oʻzbekiston islohotlarining maʼnaviy arxitekturasini yanada yorqin koʻrsatib berdi.
Dastlab madaniyat, sanʼat va
adabiyot vakillariga davlat mukofotlari berilishi haqida gapirsak. Ayni
voqelikning maʼnaviy ahamiyati va yoshlar kamolotidagi oʻrni beqiyos. Bunday
eʼtiroflar ijod ahliga ragʻbat baxsh etib, yangi yutuqlarga ruhlantiradi.
Ayniqsa, oʻzidan bebaho meros qoldirgan, sermazmun hayoti va yuksak insoniy
fazilatlari bilan el-yurt xotirasidan oʻchmas joy egallagan marhum
ijodkorlarning mukofotlanishi yuksak ibrat namunasidir. Prezidentimizning
insonparvar siyosati natijasida anʼana tusiga kirgan bunday olijanob yondashuv
yangi Oʻzbekiston chinakamiga inson qadr-qimmati ulugʻlanadigan ijtimoiy davlat ekanini
amalda isbotlamoqda.
Ijodning eʼtirofi ijodkorning
oʻzi bilan birga yaqinlari, avlodlari va mahallasidagilarga ham faxr
bagʻishlaydi. Bunda katta maʼnaviy ragʻbat bor. Ayniqsa, marhum ijodkorlarning
mukofotlanishi butun boshli sulolaga va uning davomchilariga berilgan eʼtirof
hamdir.
Oila aʼzolari oʻz xonadonida
yigʻilib, bu voqeani farzandlari va nabiralari bilan xursandchilikda
nishonlayapti. Fotoalbomlarni varaqlab, oʻtgan kunlarni xotirlayapti. Shu
tariqa oilaviy anʼanalar rivoj topadi, avlodlar orasida hamjihatlik kuchayadi
va oʻz ildizlariga bogʻliqlik mustahkamlanadi.
Madaniyat va sanʼat sohasi
vakillari bilan uchrashuv koʻp jihatdan tarixiydir. Davlatimiz rahbari bu
muloqotni “ilhom berish kuni” deb nomlagani bejiz emas. Darhaqiqat, bildirilgan
tashabbuslar ada-biyot, sanʼat va madaniyat sohasi vakillariga kuchli ilhom
bagʻishladi.
Xususan, ijodkorlarni ragʻbatlantirish
va yosh isteʼdod egalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi tizim joriy
etilishi belgilandi. Teatr, kino, raqs, opera, folklor, estrada, akademik va
milliy cholgʻu, tasvi-riy va amaliy sanʼat kabi 21 ta yoʻnalish boʻyicha ijodiy
birlashmalar tashkil etish, har yili Milliy ijodkorlar qurultoyini oʻtkazish va
unda yil davomida eng yaxshi natija koʻrsatgan ijodkorlarni munosib taqdirlash
tashabbusi yangradi.
Musiqa sohasida yangi asarlar
yaratgan, xalqaro tanlovlarda gʻolib boʻlgan yoki asarlari mamlakat va xalqaro
sahnalarda ijro etilayotgan qoʻshiqchi, sozanda va kompozitorlar, adabiyot
sohasida esa asarlari keng eʼtirof etilgan, katta adadda chop etilgan, teatr va
kinoda sahnalashtirilgan shoir, yozuvchi va dramaturglar ragʻbatlantiriladi. Bunday
ijodkorlarga yil davomida har oyda 5 million soʻmdan gonorar beriladi. Ular
Oʻzbekiston boʻylab samolyot, poyezd va jamoat transportidan bepul foydalanadi.
Uchrashuvda ijodkorlarni
ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham qator imtiyozlar eʼlon qilindi. Har
yili 1000 nafar shoir va yozuvchi, madaniyat va sanʼat vakili, muzey xodimi va
rassomlarga uy-joy olish uchun ipoteka krediti dastlabki toʻlovining 50 foizi
qoplab beriladi.
Madaniyat va sanʼat sohasi
vakillari bilan uchrashuv bir haqiqatni isbotladi — yangi Oʻzbekiston tom
maʼnoda ijodkor qadr topayotgan zamin. Bugun qaysi ijodkor bilan
suhbatlashmang, oʻz yutuqlari, mehnatiga yarasha ragʻbat topayotgani haqida
joʻshib gapiradi. “Zamonimiz keldi. Ijod uchun eng yaxshi vaqt — hozir!” deydi
ular toʻlqinlanib.
Aslida ham shunday!
Vatanimizda ijod erkinligi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar eʼtiborga molik.
Dunyoga boqaylik: hamma mamlakatda ham holat bizdagidek emas. Hamma davlatning
rahbari ham ijodkorlar bilan muloqot qilmayapti va ular haqida qaygʻurmayapti.
Hatto rivojlangan davlatlarda ham ijod erkinligi borasida uzoq yillik
muammolarni, ijodiy turgʻunlikni kuzatish mumkin.
Aytmoqchi boʻlganimiz —
Oʻzbekistondagi ijod erkinligi muhiti oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolgan voqelik
yoki tasodifiy qarorlar hosilasi emas. Bunga ijod ahlini yurakdan yaxshi
koʻradigan, ularni qadrlaydigan va ijodkorning maʼnaviy missiyasini teran
anglaydigan Prezidentimizning siyosiy irodasi tufayli erishilmoqda.
Ijod
erkinligi — jamiyat drayveri
Fransiyalik faylasuf, Nobel mukofoti
sovrindori Alber Kamyu “Erkinlik — inson qadrining asosi”, deydi. Yozuvchining
bu nuqtayi nazari ijod erkinligi insonning maʼnaviy mohiyati bilan bogʻliq
ekanini koʻrsatadi. Erkinlik boʻlmasa, ijod ham, shaxs ham toʻliq rivojlana
olmaydi.
Ijod erkinligi jamiyat
rivojining asosiy drayverlaridan. Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar bu
erkinlikning ahamiyatini yanada kuchaytirdi va uni jamiyat taraqqiyotining
muhim omili sifatida namoyon qildi. Tizimli islohotlar natijasida jamiyatda
ochiqlik va fikrlar xilma-xilligiga nisbatan munosabat sezilarli oʻzgardi.
Mamlakatimizda ijod
erkinligini taʼminlash borasidagi siyosat mohiyatida bugunimiz va ertamiz uchun
hal qiluvchi ahamiyatga ega ulugʻvor maqsadlar bor.
Birinchidan, ijod erkinligi
har qanday zamonaviy demokratik jamiyatning poydevor prinsiplaridan. U
iqtisodiy, siyosiy va madaniy rivojlanishga turtki beradi. Tariximizdagi
Birinchi va Ikkinchi Renessans misolida bu haqiqatni koʻrishimiz mumkin. Bu
davrlarda xalqimiz orasidan yetishib chiqqan buyuk shaxslarni aynan ijod
erkinligi maydonga olib chiqqan. Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga
intilayotgan davlatimiz ham shu ezgu maqsadda ijod erkinligi uchun keng
sharoitlar yaratmoqda.
Ikkinchidan, ijod erkinligi —
yangi gʻoyalar va xilma-xillik manbai. Ijod gurkiragan muhitda yaratuvchanlik
boʻladi. Ijodkorlar tom maʼnoda jamiyatga ilgʻor fikrlarni tashuvchilardir.
Uchinchidan, ijod qilish
hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Yaratgan yuqtirmasa, isteʼdod bermasa,
biror asar yaratish, hattoki ikki misra yozish qiyin. Ijodkorlar noyob, xos
odamlar. Shunday ekan, ularni jamiyatning oʻziga xos vakillari sifatida
ardoqlash va hurmatini joyiga qoʻyish lozim.
Toʻrtinchidan, ijodni
qoʻllab-quvvatlash orqali jamiyatni harakatga keltirish mumkin. Odamlar oʻz mehnatiga
ragʻbatdan harakatga keladi, uygʻonadi va yangiliklar bunyod qiladi. Ijod
erkinligi insonni shaxs sifatida shakllantiradi.
Bir soʻz bilan aytganda,
Prezidentimizning ijod erkinligi sohasidagi islohotlari koʻp qirrali va tizimli
xarakterga ega. Ular aniq maqsadlarga tayangan. Huquqiy asoslar, ochiqlik
siyosati, davlat qoʻllab-quvvatlovi, taʼlim islohotlari oʻzaro uygʻun holda
rivojlanmoqda. Bu jarayonlar natijasida jamiyatda fikrlar xilma-xilligi, ijodiy
faollik va intellektual salohiyatning ortishi kuzatilmoqda.
Toʻqilmagan hikoyalar
Ijtimoiy tarmoqlarni kuzata
turib, baʼzida bir fikr xayolimga keladi. Yurtimizdagi soʻz va ijod erkinligi,
buning uchun yaratilgan sharoitlar haqida koʻp oʻylamayotgandekmiz, kam
gapirayotgandekmiz. Ijodkorlarga qaratilayotgan eʼtiborni tabiiy qabul qilishga
oʻrganib qoldik, koʻp ham hayratga tushmayapmiz.
Aslida, jamiyatimizdagi erkin
ijod muhitiga osonlik bilan erishilayotgani yoʻq. Buning ortida koʻp-koʻp
mashaqqatlar, katta mehnat yotibdi. Uzoqqa bormaylik, yaqin tariximizda ham
ijod erkinligining cheklanishi va ijodkorlarning norasmiy qora roʻyxatlarga
solinishiga doir koʻplab holatlarga guvoh boʻldik.
Bunga misollar yetarli.
I
1998-yil. Zominga ustoz
ijodkorlar bilan bordik. Yosh ijodkorlarning respublika seminari oʻtkazilmoqda.
Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf bir payt hayajonlanib shoira Halima
Xudoyberdiyevaga “Yuring, opa, sizga bir joyni koʻrsatib kelaman”, deb qoldi.
Biz ham ustozlarga hamroh boʻlib mashinada yoʻlga chiqdik.
Avtoulovlar Zomin
sanatoriysiga yaqin joyda toʻxtadi. Muhammad Yusuf Halima opaga qarab: “Opa,
koʻryapsizmi? — dedi togʻdan tushayotgan sharsharaga ishora qilib. — Siz shu
sharsharaga oʻxshaysiz. Men shu sharsharaga Halima Xudoyberdiyeva deb nom
qoʻydim. Siz shunday bagʻrikeng, dilbar shoirasiz. Ovozini eshityapsizmi?
Sizning sheʼrlaringizda shunday ohang bor, ruh bor. Sharsharaning ulugʻvorligi
uzoqdan yaxshi koʻrinadi”.
Oʻshanda Halima opa “Rahmat,
Muhammadjon” deb kulib qoʻydi. Lekin gʻamgin edi. Biz, yosh ijodkorlar bilib
turardik — Muhammad Yusufning bu lutfi aslida oʻsha kezlari norasmiy taqiqda
yurgan ustoz shoiraning koʻnglini koʻtarish uchun atayin qilingan harakat edi.
Keyinchalik ham davralarda,
oʻzaro suhbatlarda koʻp bora guvoh boʻldik — ustoz shoiraning uzoq yillar
chehrasi va qalbi yorishmadi...
Oʻzbekiston xalq shoiri Halima
Xudoyberdiyeva yangi davrda — katta tanaffusdan keyin norasmiy taqiqdan xalos
boʻldi. U 2017-yilda Prezidentimiz farmoniga koʻra “El-yurt hurmati” ordeni
bilan taqdirlandi. Ustoz ijodkor oʻzi orzulagan kunlarni, elu yurtning oldida
yuzi yorugʻ boʻlganini oz boʻlsa-da koʻrdi.
Bugun Guliston shahrida Halima
Xudoyberdiyeva nomidagi, Andijon shahrida esa Muhammad Yusuf nomidagi ijod
maktablari faoliyat yuritmoqda. Bu oʻquv dargohlarida yuzlab yangi isteʼdod
egalari kamolga yetmoqda.
II
1999-yil sentyabrida
Oʻzbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetiga oʻqishga qabul
qilindim. Omadni qarangki, bir vaqtning oʻzida “Oʻzbekiston ovozi” gazetasida
musahhih boʻlib ishlay boshladim. Tahririyat mashhur “Matbuotchilar uyi”ning
3-qavatida joylashgan edi. Shu qavatda yana bir “idora” — Oʻzbekiston matbuot
qoʻmitasining maxsus boshqarmasi (adashmasam, UzLIT deyilardi) ish yuritardi.
Vazifam taqozosiga koʻra gazeta nashrga tayyorlanayotgan kunlari shu
“boshqarma”da koʻp vaqtim oʻtardi. Tahririyatda koʻrilgan sahifalarni
ketma-ketlikda oʻqish uchun shu “idora”ning xodimlariga olib borar edim. Ular
oʻqib, ruxsat bergach, sahifani olib ketardim. Qandaydir tuzatish boʻlsa, oʻshani
tuzatardik. Bu idora ruxsat bermagan maqola, sheʼr, hikoya, kitob, qoʻyingki,
hech narsa nashr etilmasdi. Hatto shoirlarning sheʼrlaridagi misralar, soʻzlar,
sarlavhalarga ham eʼtirozlar bildirilardi. Qaysidir satri oʻzgartirilgani uchun
jigʻibiyron boʻlgan shoirlarni koʻp koʻrganman. Rasmlar ham kuchli nazoratdan
oʻtkazilardi. Bu haqiqiy senzura organi edi. Oʻsha kezlari rasman senzura yoʻq
deyilsa-da, yonginamizda — qoʻshni xonada shunday nazoratchi xodimlar ishlardi.
Oʻsha xonalarda juda koʻp
gazeta-jurnallarning bosh muharrirlarini — biz, talabalar uchun haqiqiy “kumir”
boʻlgan ustoz jurnalistlarni asabiy holda uchratganman. Ular odatda ruxsat
berilmagan qaysidir maqola yoki tuzatish boʻyicha oʻz fikrini bildirish,
bahslashish uchun kelardi. Xurshid Doʻstmuhammad, Ahmadjon Meliboyev, Azim
Suyun, Safar Ostonov, Ismat Xushev kabi ustoz jurnalistlarning “boshqarma”
xodimlari bilan bahslashganiga koʻp guvoh boʻlganman. Bunday bahslar aksariyat
hollarda “idora” xodimlarining gʻalabasi bilan yakunlanardi. Chunki oʻshanda
ularning aytgani aytgan edi.
Hozir bunday tuzilmalar yoʻq.
Tahririyatlar chinakamiga mustaqil. Oʻzlari xohlagan mavzuni oʻzlari
xohlagandek yoritmoqda. Ularning faoliyatiga nisbatan tashqi bosimlar va
asossiz aralashuvlar mavjud emas. Qonun doirasida ishlayotgan jurnalist
qonunning doimiy himoyasida.
III
Oʻzbekning isteʼdodli
shoirlaridan biri Yoʻldosh Eshbek ham uzoq yillar norasmiy taqiqda yurdi.
Kitoblari ancha vaqt nashr etilmadi, sheʼrlari matbuotda ham bosilmadi. Xorijga
chiqishiga cheklov qoʻyildi. Oʻsha yillarda televideniyeda ham chiqishlar
qilmadi.
Uch-toʻrt yil oldin Yoshlar
ishlari agentligida oʻtkazilgan bir tadbirda ustoz shoir oʻsha davrlarni eslab,
koʻzida yosh bilan gapirdi. “Uyda nabiralarim bilan ovora boʻlib oʻtirganimda
televideniye ekranidan ijodkor doʻstlarim koʻrinib qoladi. Sheʼr oʻqiydi yoki
fikr bildiradi. Shunda nabiralarimga maqtanib, “Bu shoir mening yaqin doʻstim
boʻladi. Birga universitetda oʻqiganmiz. Birga nashriyotda ishlaganmiz”,
deyman. Shunda nabiram mendan soʻraydi: “Bobo, siz ham shoirmisiz? Unda siz
nega televizorga chiqmaysiz?”. Nima deyishimni bilmay, kalovlanib qolaman.
Bolaga yolgʻon gapirib boʻlmaydi-ku! Lekin unga rostini ham qanday aytaman?!
Bilsangiz, bu juda ogʻir boʻlarkan. Uzoq yillar “Men shoirman”, deb
nabiralarimga baralla ayta olmadim. Oʻksib, oʻksinib yashadim. Hech kim
davrasiga taklif qilmay qoʻydi. Bir zamonlar boʻldi: koʻpchilik ijodkorlardan
oʻzini olib qochdi. Bu kunlarni hech bir ijodkor ukamga tilamayman”, degandi
oʻshanda alam bilan shoir.
Yoʻldosh Eshbek bugun
emin-erkin ijod qilmoqda. Joʻshib sheʼrlar oʻqimoqda. Davralarda qoʻr toʻkib
oʻtiribdi. Shoir intervyularidan birida “XX asr meni tan olmadi, lekin XXI
asrga rahmat!” degani eʼtiborga molik.
Yaqinda atoqli shoirimizga Prezidentimiz
3 xonali uy sovgʻa qildi. Davrlarning farqini koʻryapsizmi?!
IV
2016-yil noyabr oyi edi. Kuni
esimda yoʻq. Ziyolilar Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov bilan
vidolashish va marhumni soʻnggi yoʻlga kuzatish uchun yigʻilgan.
Oʻsha kunlarda Prezidentlikka
saylovlar kechayotgan oʻta dolzarb palla edi. Vidolashuv marosimida yigʻilgan
koʻpchilik tigʻiz davr boʻlishiga qaramay, Shavkat Mirziyoyevning vaqt topib,
shoirni soʻnggi manzilga kuzatishga kelganini va marhum ustoz shoirning mayitini
AQSHdan olib kelishga shaxsan oʻzi bosh-qosh boʻlganini aytardi. Ijodkorlar
davlatimiz rahbari haqida boshqacha samimiyat bilan soʻzlar, xuddi “oʻzining
odami”dek qabul qilardi. Harqalay men oʻsha kungi suhbatlarda shuni yurakdan
his qil-ganman.
Taomilga koʻra, dastlab ustoz
shoirning uyiga kirib, yaqinlaridan koʻngil soʻrab, sabr tilagan boʻldik. Odam
koʻpligi uchun uydan to vidolashuv manziligacha yoʻlakdan ikki-uch qator boʻlib
yurish lozim edi. Qarasam, yonginamda buyuk hofiz Sherali Joʻrayev yurib
boryapti. Hammamiz kabi gʻamga choʻmgan, kayfiyatsiz va chehrasi soʻlgʻin edi.
Darvozaning roʻparasida davlatimiz rahbari turgan edi. Marhumning xonadonidan
chiqib, “Doʻrmon” ijod uyiga qarab yoʻnaldik. Mendan oldinroqda buyuk hofiz
horgʻin yurib borardi.
Chamasi 20 qadam yurganidan
keyin Sherali Joʻrayev birdan orqaga — Prezidentimizga qaradi. Bu umidvor nigoh
koʻz oldimda manguga muhrlanib qolgan. Aniq esimda — hofizning nigohida yorugʻ
kunlar kelganidan umidvorlik, oʻzi kutgan yoqimli xabarga entikish bor edi.
Uzoq yillik taqiqdan horigan, katta sahnalarni sogʻingan va muxlislar
olqishining xumori tutgan gʻamgin nigoh edi u...
Hofiz oʻzi kuylaganidek,
“Zamon, zamon, bizning zamon, davron bizniki”, deyayotgandek edi bu nigohlar...
Oradan bir oz muddat oʻtib,
Sherali Joʻrayev katta sahnaga qaytdi. Hofiz 2018-yilda “Fidokorona xizmatlari
uchun” va 2022-yilda esa “El-yurt hurmati” ordenlari bilan taqdirlandi.
Ha, Shavkat Mirziyoyevning
Prezidentlikka saylanishi juda koʻp insonlarga, oʻz vaqtida har xil vajlar
bilan norasmiy taqiq qoʻyilgan yuzlab isteʼdod egalariga umid va hayot baxsh
etgani rost. Bu umidlar tez roʻyobga chiqdi. 2017-yildan keyingi davrda
norasmiy taqiqda boʻlgan va jamiyat eʼtiboridan chetda qolgan qanchadan-qancha
shunday isteʼdod egalari sahnalarga, teleefirlarga va ijodga qaytdi.
* * *
Bular — oʻzim bevosita guvoh
boʻlgan jarayonlar. Ushbu voqeliklar yurtimizda ijod erkinligi oʻz-oʻzidan
paydo boʻlib qolmagani, “osmondan chalpakdek yogʻilgan” hodisa emasligini,
bugungi kunlarga ayovsiz ku-rashlar bilan yetib kelganimizni yorqinroq
ifodalaydi.
Jamiyatni
oʻzgartirgan islohotlar
Oʻzbekistonda ijod erkinligi
uchun yaratilgan sharoitlar Prezidentimizning nafaqat xalqparvar siyosati,
balki shaxsiyati bilan ham bogʻliq. Davlatimiz yetakchisi madaniyat, sanʼat va
adabiyotning chinakam muxlisi ekanini koʻp bora taʼkidlagan. U hali hududlarda
ishlagan kezlardayoq koʻp xayrli ishlari ovoza boʻlgan. Masalan, Jizzax
viloyatida ishlagan davrida — 1997-yili Zomin respublika yosh ijodkorlar seminariga
asos solgan. Menga ham mana shu tarixiy seminarda ishtirok etish baxti nasib
etgan. Oʻshanda Prezidentimizning ustoz ijodkorlar bilan samimiy muloqotiga,
adabiyotga va ijodga yuksak mehriga guvoh boʻlganmiz.
Birgina shu seminar orqali
yuzlab isteʼdod egalari kashf etildi va katta adabiyotga qadam qoʻydi. Shuning
oʻziyoq oʻzbek adabiyoti taraqqiyotiga qoʻshilgan bemisl hissadir!
2017-yildan keyin
Oʻzbekistonda davlat boshqaruvida yangi bosqich boshlandi. Bu bosqichning eng
muhim xususiyati jamiyatni ochish, davlat va fuqaro oʻrtasida muloqotni
kuchaytirish va ijtimoiy fikrga nisbatan munosabatni oʻzgartirish boʻldi. Bu
siyosat ijod erkinligiga bevosita taʼsir qildi. Chunki jamoatchilik
muhokamalari kengaydi, ijodiy imkoniyatlar ortib bordi.
Mamlakatimiz yetakchisining
2017-yil 3-avgustda ijodkor ziyolilar bilan oʻtkazgan uchrashuvida kun
tartibidagi dolzarb masalalar va muammolar ochiq-oydin muhokama qilindi.
Madaniyat, sanʼat va adabiyotni rivojlantirishga doir ustuvor vazifalar
belgilanib, ijodkorlarni ham maʼnan, ham moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga doir
qator tashabbuslar ilgari surildi. Davlat ijod va ijodkorlar uchun doimiy gʻamxoʻrlikni,
jamiyatda ijod erkinligini taʼminlashni oʻz zimmasiga oldi. Shu asosda yangi
Oʻzbekistonda ijod erkinligi uchun — yozuvchilar, jurnalistlar, blogerlar,
sanʼatkorlar va mustaqil tadqiqotchilar faoliyati uchun yangi institutsional va
huquqiy muhit shakllana boshladi.
2017-yildan keyingi davrda
madaniy-maʼrifiy sohani isloh qilish, ijod ahlini qoʻllab-quvvatlash, ommaviy
axborot vositalari va ijtimoiy fikr erkinligini kengaytirishga qaratilgan
tizimli chora-tadbirlar koʻrildi. Bu jarayon “inson qadri”, “ochiqlik”,
“adolatli jamiyat” va “erkin fuqarolik muhiti” kabi gʻoyalar bilan uzviy
bogʻlandi.
Ijodkorlar uchun moddiy va
institutsional qoʻllab-quvvatlov ham muhim. Shu maqsadda adabiyot, teatr, kino,
musiqa va tasviriy sanʼat sohalarida turli grantlar, tanlovlar va ijodiy
loyihalar amalga oshirilmoqda. Ijodiy tashkilotlar faoliyatiga har jihatdan
koʻmak berilmoqda. “Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli
jamgʻarmasi” va “Ilhom” jamoat fondining tashkil etilishi ayni shu sohadagi
vazifalarni samarali hal etishga qaratilgan.
Madaniyat va sanʼat sohasi
vakillari bilan kuni kecha oʻtkazilgan uchrashuvda ham bu borada yangi
tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, har yili 100 nafar yosh davlat hisobidan
xorijiy madaniyat va sanʼat muassasalarida taʼlim olishga yuboriladi. Yosh
isteʼdod egalarini aniqlash, prodyuserlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash
maqsadida “Ijodga investitsiya” jamgʻarmasi tashkil etilib, unga yiliga 200
milliard soʻm ajratiladi.
Ijod erkinligini
taʼminlashning muhim omillaridan biri taʼlim va intellektual muhitni
rivojlantirishga qaratilgan islohotlar boʻldi. Ayni vaqtda yurtimizdagi 326 ta
musiqa va sanʼat, 29 ta ixtisoslashgan maktabda 95 ming oʻgʻil-qiz taʼlim
olmoqda. Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan taʼlim
muassasalari faoliyatining kengayishi mamlakatda mustaqil fikrlaydigan, tahlil
qila oladigan va ijodiy yondashuvga ega yangi intellektual avlodni
shakllantirishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, ijod maktablari orqali yoshlarda
badiiy tafakkur va mustaqil fikrlashni ri-vojlantirish maqsad qilindi.
* * *
Yangi Oʻzbekistonda ijod
erkinligini taʼminlashga qaratilgan islohotlar mamlakatning demokratik
taraqqiyoti va maʼnaviy yuksalishida muhim oʻrin tutmoqda. Bu jarayonda
davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi va madaniy sohani rivojlantirishga
qaratilgan tashabbuslari muhim omil boʻlayotir.
Prezidentimiz boshqaruvining
muhim xususiyati shundaki, davlat siyosatida inson manfaati va maʼnaviy
taraqqiyot oʻrtasidagi uygʻunlikka alohida eʼtibor qaratilmoqda. “Yangi
Oʻzbekiston” gʻoyasi faqat iqtisodiy modernizatsiya emas, balki erkin
fikrlaydigan, ijod qiladigan va jamiyat hayotida faol ishtirok etadigan shaxsni
shakllantirish konsepsiyasi sifatida namoyon boʻlmoqda.
Ijod erkinligi doimiy ravishda
takomillashuvni talab qiladigan dinamik jarayon ekanini eʼtiborga olsak,
kelgusida mazkur islohotlarning samaradorligi huquqiy davlatchilik, fuqarolik
jamiyati va intellektual muhit rivoji bilan yanada mustahkamlanishi shubhasiz.
Shuhrat ORIPOV,
jurnalist