Poytaxtimizning Mirobod tumanida “Tez yordam” xodimlari kaltaklangani haqida xabar berilgan edi. Ayni paytda ushbu hodisa oqibatida jiddiy tan jarohati olgan “103” haydovchisi I.H. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida tegishli muolajalarni olmoqda.
Dastlabki tekshiruvlar natijasida unga “Bosh miya yopiq shikastlanishi, bosh miya chayqalishi, chap tizza sohasi yumshoq toʻqimalarining lat yeyishi” tashxisi qoʻyilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri B.Musayev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining neyroxirurgiya boʻlimida davolanayotgan ushbu bemor holidan xabar oldi.
– Afsuski, keyingi paytlarda oʻz xizmat vazifasini oʻtayotgan shifokor va hamshiralar, ayniqsa, “Tez yordam” xodimlariga nisbatan kuch ishlatish holatlari tez-tez uchramoqda, – dedi B.Musayev. – Aholining sogʻligini himoya qilishda oʻzini ayamay jon kuydirayotgan tizim xodimlariga tajovuz qilgan kimsalarga nisbatan qonunchilikda qatʼiy javobgarlik belgilanishi ustida ishlanmoqda. Oʻylaymanki, qonunchilikka kiritilayotgan bu oʻzgarishlar soha vakillarining huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim asos boʻladi.
Vazir bemor bilan muloqot davomida unga tezroq sogʻayishini tilab, mushtumzoʻr fuqaroga nisbatan qonunda belgilangan tartibda jazo belgilanishi uchun barcha zarur choralar koʻrilishini maʼlum qildi.
Shuningdek, suhbat davomida bemor oʻz holidan xabar olgani kelgan vazirga alohida minnatdorlik bildirib, 64 yoshga kirganiga qaramay, xalq salomatligi yoʻlida gʻayrat-shijoat bilan mehnat qilishdan tolmasligini, otasi tengi insonga, qolaversa, tibbiyot brigidasi tarkibida chaqiruv manziliga borgan shifokor ayolga qoʻl koʻtargan kimsa esa qonun oldida javob berishiga qatʼiy ishonishini taʼkidladi.
Muloqot soʻngida oʻz xizmat vazifasiga masʼuliyat bilan yondashib, muhim daqiqalarda tezkorlik va professionallik sifatlarini namoyon etgan tez tibbiy yordam brigadasi xodimiga “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni berildi, deb yozadi Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.