Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, «Maʼrifat» targʻibotchilar jamiyati, Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi hamkorligida XX asr boshlarida xalqimizni ozodlik va ilm-maʼrifatga chorlab, tom maʼnoda millatni uygʻotish umidida yashagan jadid bobolarimiz hayotiga bagʻishlangan «Jadidlar orzusi» spektakli sahnalashtirildi.
Joriy yilning 17-may kuni Oʻzbekiston Kasaba uyushmalarida federatsiyasi saroyida ushbu sahna asarining premyerasi boʻlib oʻtadi.
«Jadidlar orzusi» spektakli Turkistonda bir necha maktablar ochilishiga sababchi boʻlgan, birinchi oʻzbek dramaturgi Mahmudxoʻja Behbudiy, oʻzining «Jamiyati xayriya» fondi tufayli yetim bolalarni chet ellarda oʻqishiga beminnat hissa qoʻshgan Abdulla Avloniy va milliy uygʻonish harakatining yana bir namoyandasi Abdulhamid Choʻlpon hayotiga bagʻishlanadi.
Unda oʻz davrida bobolarimiz har qanday qiyinchiliklarga qaramasdan vatan ravnaqi, yurt osoyishtaligi va eng muhimi xalqimiz erk tushunchasini his qilishi uchun tolibi ilmlar safi kengayishida koʻrsatgan behisob xizmatlari tilga olinadi.
Spektakl namoyishidan koʻzlangan maqsad ham har bir vatandoshimiz qalbida jadid bobolarimizdagi shiddatni uygʻotish, ularni millat birligi va taraqqiyoti yoʻlida yagona maqsad sari ogʻishmasdan yakdillikda harakat qilishga undashdir.
Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, «Maʼrifatparvar ajdodlarimizning merosi bugun biz qurayotgan huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati uchun poydevor boʻlib xizmat qilishi tabiiy. Bu kimgadir yoqadimi yoki yoʻqmi, xalqimiz jadid bobolarimiz koʻrsatib bergan yoʻldan ogʻishmay borishi kerak. Chunki ularning gʻoya va dasturlari Yangi Oʻzbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uygʻun va hamohangdir».