Jahon banki bilan korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida hamkorlik masalalari muhokama etildi

    Xavfsizlik 31 Yanvar 2023 1660

    Joriy yil 31-yanvarda Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Narimon Umarov Jahon banki vakili Daniyela Felkman bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Jahon banki bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalari, shuningdek, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga qaratilgan islohotlar, qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish jarayonida ularda korrupsion omillarga yoʻl qoʻymaslik borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etildi.

    Xususan, mamlakatimizda davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qoʻyishga qaratilgan 90 ga yaqin, shundan bevosita korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini tartibga soluvchi 10 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligi, shuningdek, “Korrupsiyasiz soha” loyihalari, “Yoʻl xaritalari” va Dasturlar doirasida bir qator ijobiy yutuqlarga erishilayotganligi taʼkidlandi.

    “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinib, unda ishga kirishga nomzodlarni ochiq mustaqil tanlov orqali saralab olish jarayonini huquqiy tartibga solish, davlat fuqarolik xizmatchilarining ish samaradorligi va kompetensiyasini baholash mezonlari, ularning malakasini oshirishga oid qator normalar belgilandi.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga qaratilgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2022-yilda qabul qilingan “Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasida” korrupsiyadan holi mamlakat barpo etish belgilanganligi davlat idoralari, xususan, parlament oldiga bu boradagi ishlarni amalga oshirishda ulkan masʼuliyat yuklaydi.

    Shuningdek, bugungi kunda “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Qonun parlamentda muhokama qilinayotgan boʻlsa, “Davlat xizmatchilarining daromadlarini deklaratsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilayotganligi qayd etildi.

    Uchrashuvda Jahon banki vakillari tomonidan “Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha institutsional salohiyatini kuchaytirish” mavzusidagi Bank loyihasining maqsadi va kutilayotgan natijalar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi va ularni amalga oshirishda parlamentning roli toʻgʻrisidagi masalalar muhokama etildi.

    Uchrashuv yakunida Jahon banki bilan hamkorlikni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.