Jahon banki innovatsiyalarni rivojlantirish uchun Oʻzbekistonga 50 mln dollar ajratdi

    Investitsiyalar 29 Oktabr 2020 1699

    Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi Oʻzbekistondagi innovatsiyalar tizimini modernizatsiya qilish uchun 50 mln dollar ajratishni maʼqulladi.

    Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi “Oʻzbekistonda milliy innovatsion tizimni modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish uchun 50 mln dollar miqdorida mablagʻ ajratishni maʼqulladi. Bu haqda bankning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi maʼlum qildi.

    Taʼkidlanishicha, loyiha davlat ilmiy-tadqiqot institutlari (ITI) va universitetlarda xalqaro darajadagi tadqiqotlarni oʻtkazishga hissa qoʻshadi va ularning ish natijalarini tijoratlashtirishga imkon beradi.

    Tadqiqot mavzulari qayta tiklanadigan energiya manbalari, kam uglerodli texnologiyalar, tibbiyot va virusologiya sohasidagi turli mavzular, shu jumladan COVID-19 hamda boshqa ilm-fan va texnologiyalarning istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha boʻlishi mumkin. Loyiha doirasida moliyalashtiriladigan tadqiqotlar natijalari boʻyicha xalqaro ekspert jurnallarida 50 ga yaqin maqolalarni nashr etish rejalashtirilgan.

    Bundan tashqari, mahalliy firma va kompaniyalar mahalliy hamda xalqaro bozorlarda talabga javob beradigan yangi yoki mavjud innovatsion mahsulotlar va xizmatlarning startap va ilmiy-tadqiqot ishlariga sarmoya kiritish uchun 30 ga yaqin grant olishlari mumkin. Masalan, ular tibbiyot, farmatsevtika va biotexnologik mahsulotlar va xizmatlarni ishlab chiqarishda, shuningdek ilm-fan va texnologiyaning boshqa istiqbolli yoʻnalishlarida loyihalarni moliyalashtirishga ariza topshirishlari mumkin boʻladi.

    Loyiha doirasida alohida ilmiy-tadqiqot institutlari infratuzilmasi va laboratoriyalarini modernizatsiya qilishga mablagʻlar ajratiladi, ularning roʻyxati tegishli tashkilotlarning ehtiyojlarini har tomonlama baholagandan soʻng Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

    Shuningdek, loyiha mablagʻlari Oʻzbekistonda ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalarni tijoratlashtirishni tartibga solish uchun zarur boʻlgan qonunchilik bazasini tayyorlashga hamda ushbu sohalarda tegishli institutsional islohotlarni oʻtkazishga sarflanadi.