Musobaqaning erkaklar oʻrtasidagi bahslarida toʻrt nafar hamyurtimiz - Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yakubboyev va Shamsiddin Vohidov ishtirok etadi.
Ayollar oʻrtasidagi bahslarda esa Nilufar Yakubboyeva oʻz omadini sinab koʻradi.
Hamyurtlarimizning musobaqadagi ehtimoliy raqiblari aniq boʻldi. Unga koʻra, vakillarimiz ilk bosqichni quyidagi raqiblarga qarshi boshlaydi.
Jumladan, Nodirbek Abdusattorov 1-bosqichdan avtomatik oʻtadi, 2-bosqichda Vaxap Shanal (Turkiya) / Zdenko Kozul (Xorvatiya) oʻyini gʻolibi bilan dona suradi.
Shamsiddin Vohidov 1-bosqichda mezbonlar vakili Abdulla Gadimbayli, 2-bosqichda esa ispaniyalik David Anton Guiyarro bilan kuch sinashsa, Javohir Sindarov 1-bosqichda Deng Kipriano Rean (JAR), 2-bosqichda Markus Ragger (Avstriya) / Karim Vagei (Misr) oʻyini gʻolibi bilan roʻbaroʻ keladi. Yana bir kuchli shaxmatchimiz Nodirbek Yakubboyev esa 1-bosqichda misrlik Malek Koniaxli, 2-bosqichda esa vengriyalik Benjamin Gledura va qirgʻizistonlik Eldiar Orozbayev juftligi gʻolibi bilan hisob-kitob qiladi.
Qizlardan yagona vakilamiz Nilufar Yakubboyeva 1-bosqichda Yeva Repkova (Slovakiya), 2-bosqichda Yu Venyun (Xitoy)ga qarshi dona suradi.
Eslatib oʻtamiz, musobaqa Olimpiya tizimida oʻtkaziladi. Magʻlub sportchi musobaqa bilan xayrlashadi. Gʻolib esa musobaqani davom ettiradi.