Oradan bir yil oʻtib, yana jahon minbarida Oʻzbekiston tomoni mintaqaviy va xalqaro jarayonlarga nisbatan munosabatini, yuzaga kelayotgan global muammolarga nisbatan takliflarini ilgari surdi. Bunday munosabat xalqaro jamoatchilikning ijobiy munosabatiga sabab boʻlmoqda, bildirilgan takliflar amaliy yechimga egaligi koʻpchilikning eʼtiborini oʻziga tortmoqda.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston tashabbusi bilan qabul qilinayotgan xalqaro hujjatlar bu fikrni isbotlaydi. Bunga misol sifatida BMT Bosh Assambleyasining Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiyasi qabul qilinganini yoki dunyo uchun amaliy ahamiyatga ega boʻlgan hujjat — BMT Bosh Assambleyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatilgan Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi kodeksni keltirish mumkin.
Aytish lozimki, Oʻzbekiston global muammolarni jim kuzatib turgan davlat emas. Bashariyat taqdiriga soya solayotgan har qanday muammo borki, uni hal etishda oʻzining hissasini qoʻshyapti. Birgina misol: Oʻzbekiston oʻz chegarasi orqali yaqinda yana bir sinovdan oʻtgan va ogʻir damlarni boshdan kechirayotgan afgʻon xalqiga zaruriy yordam — birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari, neft va elektr energiyasini yetkazib berishni qayta tikladi.
Bu — jafokash afgʻon xalqi muammosini hal etishda qardosh Oʻzbekistonning “Haqiqiy doʻst kulfatda bilinadi” degan hikmatga qanchalik amal qilishini koʻrsatdi. Bu — boshqa xalqlar singari afgʻon xalqining tinch va farovon yashashga haqli ekanligini dunyoga namoyon etgan namuna boʻldi.
Bir yarim yildan ortiqroq davrdan beri global qiyinchilik keltirib chiqarayotgan pandemiyaga qarshi davlatlarning kuch va imkoniyatini birlashtirish bundan buyon ham muhim masala boʻlib qolaveradi. Yigʻilishda Oʻzbekiston tomoni COVID-19 pandemiyasiga qarshi samarali kurashda va vaksinatsiya natijalarini xalqaro miqyosda tan olish jarayonida Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining muvofiqlashtiruvchi rolini yanada kuchaytirishni taklif etdi.
Haqiqatan ham, mazkur tashkilot COVID-19 tarqala boshlaganda barcha mamlakatlarni bundan ogohlantirdi, pandemiya global tus olgan vaqtda kasallanganlarni davolash boʻyicha yoʻriqnomalar ishlab chiqdi. Dunyo boʻyicha eng ilgʻor davlatlarda kasallikning zararli taʼsirini kamaytirishga qaratilgan vaksinalarni yaratish jarayonini muvofiqlashtirib bordi va vaksinatsiya natijalarini tan olish bilan bogʻliq faoliyatni yoʻlga qoʻydi. Ayni vaqtgacha ham COVID-19 ning yangidan tarqalayotgan har qanday shtammlari haqida dunyo ahliga maʼlumotlar berib borilmoqda.
Shunday ekan, jahon minbaridan aytib oʻtilgan mazkur taklif bugungi kunda va kelajakda ham pandemiyaga qarshi samarali kurash jarayonini muvofiqlashtirish, eng ilgʻor tibbiy davolash uslublarini qoʻllash va muvaffaqiyatli vaksinalarni oʻzaro tan olishda muhim ahamiyatga ega boʻladi.
Oʻzbekistonda pandemiyaga qarshi kurash yuqori darajada tashkil etildi. Bugun har bir fuqaro oʻziga yaqin tibbiy poliklinikadan koronavirusga qarshi bepul emlanishi mumkin. Vaksinalarni tanlash imkoniyati fuqarolar ixtiyoriga berilgan. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida barcha zarur tibbiy sharoit yaratildi.
Shunday qilib, BMT minbaridan turib aytilgan fikrlar uzoqni koʻzlagani, olam va odam taqdiriga daxldorligi, insoniyatni qiynayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgani bilan tarixiy ahamiyatga ega. Oddiy haqiqat — maʼruzadagi fikrlaru gʻoyalar, mushohadayu takliflar har birimizga milliy va umumbashariy muammolarni uygʻun holatda talqin etish, teran mushohada zarurligini koʻrsatdi.
Hech bir inson ikkinchi bir inson muammosi oldida jim qarab turmaydi. Unga insoniylik asosida yordam beradi. Davlat ham insonlar jamoasidan tashkil topgan tuzilma. Bir davlatdagi notinch va qiyin vaziyatga nisbatan boshqa davlatlar jim qarab turmasligi kerak. Shu bois Oʻzbekiston jahon davlatlarini global muammolarni daxldorlik bilan, birgalikda hal etishga daʼvat etmoqda. Bu yoʻlda oʻzi namuna boʻlishga intilmoqda.
Shavkat SHARIPOV,
pedagogika fanlari doktori, professor