Keng jamoatchilik, mutaxassislar, ekspertlar buni ijobiy, JST sari tashlangan dadil qadam oʻlaroq qabul qilmoqda.
Maʼlumki, Oʻzbekiston oʻz mustaqilligining dastlabki yillarida, hali uzoq 1994-yildayoq JSTga aʼzo boʻlish uchun ariza topshirgan edi. Ammo turli sabablarga koʻra bu masala ortga surildi.
2017-yilga kelib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur masalani yana kun tartibiga qoʻydi va ishlar yangidan boshlanib ketdi. Ketma-ket qarorlar, farmonlar qabul qilindi. Mamlakatimizda “Oʻzbekiston Respublikasining davlat boji toʻgʻrisida”, “Elektr energetikasi toʻgʻrisida”, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi. Prezidentimizning yurtimizning JSTga aʼzo boʻlishini tezlashtirishga qaratilgan bir qator farmon va qarorlari boshlangan harakatlarni, taʼbir joiz boʻlsa, yangi qon bilan taʼminladi.
Darhaqiqat, davlatimizning JSTga aʼzoligi masalasi koʻpchilikning diqqat markazida turibdi.
Savol tugʻiladi, mazkur tashkilotga aʼzo boʻlish Oʻzbekistonga nima beradi? Bu bozorga kirmoqchi boʻlgan mamlakat qanday shartlarni bajarishi kerak?
Avvalo shuni taʼkidlash joizki, Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishning uchta muhim sharti bor. Birinchisi, xalqaro savdoni liberallashtirish, ikkinchisi — tashkilotga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi savdo bitimlari oshkora boʻlishini taʼminlash va uchinchisi — mamlakatlararo raqobat muhitini tashkil qilish.
Demak, Jahon savdo tashkilotining tub mohiyati turli mamlakatlar, mintaqalararo halol savdoni yoʻlga qoʻyish va ayni paytda taraqqiyot yoʻliga gʻov boʻlayotgan monopol kompaniyalarning ildiziga bolta urishdan iborat.
Bu — Oʻzbekiston uchun koni foyda, deganidir.
JST kichkina, imkoniyatlari chegaralangan tuzilma emas. Bugungi kunda unga dunyoning 164 ta davlati aʼzo. Global savdo va jahon yalpi ichki mahsulotining deyarli 98 foizi ushbu mamlakatlar hissasiga toʻgʻri kelishining oʻziyoq koʻp narsani anglatadi.
Yuqorida aytganimizdek, JSTga aʼzo boʻlish uchun birinchi galda daʼvogar davlatning iqtisodiyoti erkin boʻlmogʻi va jahon bozori uchun eshiklari ochiq boʻlishi lozim. Ayni chogʻda davlatning iqtisodiyotga aralashuvi juda kam boʻlishi, isteʼmolchilar huquqlarini cheklaydigan monopol kompaniyalarni keskin kamaytirish zarur boʻladi.
Tashkilotning toʻlaqonli aʼzosi boʻlish uchun ushbu talablarni bajarishdan tashqari yana davlat oʻz qonunlarini Jahon savdo tashkilotining talablariga moslashtirishi ham shart.
Shuni alohida taʼkidlash oʻrinliki, Oʻzbekiston JSTga aʼzo boʻlish yoʻlida jiddiy, puxta oʻylangan maqsadlar bilan borayotir. Yodimizda, konstitutsiyaviy islohotlar vaqtida 67-moddaga aynan shu maqsadni koʻzlab oʻzgartirish kiritilgan edi.
Oliy Majlis Senati tomonidan qabul qilingan “Bozor islohotlari va Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonlari yanada jadallashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunga binoan esa Oʻzbekistonda mavjud qonunchilik normalari Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirildi.
Qonunda metall parchalari va chiqindilarni qayta ishlash hamda tabiiy gaz savdosini litsenziyalash orqali raqobatni kuchaytirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va resurslardan samarali foydalanishni taʼminlash koʻzda tutilgan.
JSTga aʼzo boʻlishning muhim shartlaridan yana biri imtiyozli — eksklyuziv huquqlarni bekor qilish hisoblanadi. Maʼlumki, JSTning Tariflar va savdo boʻyicha bosh bitimida aʼzo davlatlar savdodagi tarif va cheklovlarni kamaytirish va xalqaro savdoda kamsituvchi munosabatni bartaraf etishi lozimligi belgilangan.
Mazkur talabga muvofiq, 2024-yil 3-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilingan edi. Farmon bilan ayrim xoʻjalik subyektlariga berilgan maxsus imtiyozli (eksklyuziv) huquqlar bekor qilindi.
Xususan, 2025-yil 1-yanvardan “Oʻzmetkombinat” AJning respublika hududida qora metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish) hamda “Oʻzikkilamchiranglimetall” AJning rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash, eksport qilish boʻyicha imtiyozlari — eksklyuziv huquqlar oʻz kuchini yoʻqotdi.
2026-yil 1-iyuldan “UzGasTrade” AJning tabiiy gazni yagona eksport qiluvchi va import orqali xarid qiluvchi operator sifatidagi huquqi hamda “Oʻzenergosotish” AJning elektr energiyasini eksport va import qilishdagi markazlashgan huquqlari ham bekor qilinadi.
Qabul qilingan qonunning yana bir ahamiyatli jihati bor. Unga koʻra, davlat tomonidan berilayotgan ayrim imtiyoz — eksklyuziv huquqlar bekor qilinadi. Ushbu faoliyat boʻyicha litsenziyalash tartib-tao-millari joriy qilinishidan kelib chiqib, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi hamda “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonunlarga qora va rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish hamda tabiiy gazning ulgurji va chakana savdosi boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyalash tartibini joriy etish bilan bogʻliq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Bu esa oʻz-oʻzidan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida sof, halol raqobat muhitini yaratishga keng yoʻl ochadi.
Bundan tashqari, qonun bilan qora va rangli metall parchalari hamda chiqindilarini tayyorlash, qayta ishlash va realizatsiya qilish faoliyati endi litsenziya asosida amalga oshiriladi. Litsenziya olish uchun davlat boji bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari qilib belgilandi.
Shu bilan birga, litsenziyalash qoidalarini buzganlik uchun yuridik shaxslarga qoʻllanadigan jarimalarning eng yuqori miqdori ham qonunda belgilab qoʻyildi. Endi litsenziyalash sohasida huquqni buzganlar BHMning 300 baravari miqdorida jarima toʻlaydi.
Mazkur qonun iqtisodiyotimizning eng muhim boʻgʻiniga, qora va rangli metall parchalari va chiqindilari, tabiiy gaz savdosi sohasiga xususiy sektorni va innovatsiyalarni jalb etishga, shuningdek, raqobat va ochiq bozor muhitini yaratishda asosiy omil boʻladi.
Qonunda Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvarda qabul qilingan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonuni ilovasiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilgani esa tabiiy gaz va elektr energiyasi bozorida yagona va adolatli shartlar yaratadi.
Umuman olganda, ushbu qonun Oʻzbekistonni JST sari yanada yaqinlashtiradi. Unda belgilangan oʻzgarishlar nafaqat Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi mavqeini, balki ichki bozorda sogʻlom raqobat muhitini ham mustahkamlaydi. Bularning barchasi erkin bozor uchun oʻta muhim omildir.
Zero, mutaxassislar har bir davlatning JSTga qoʻshilishini azim daryoning ummonga quyilishiga qiyoslaydi. Ummonning imkoniyatlari naqadar cheksizligi esa hammaga ayon. Oʻzbekiston atalmish azim daryoning sharqirab ummonga qoʻshilish onlari kun sayin yaqinlashayotgani hammamizga muborak boʻlgay.
Abdusaid KOʻCHIMOV,
Oliy Majlis Senati aʼzosi








