Ammo ulardan ham avval bunday lahzada xayolingizga muvaffaqiyat yoʻlidagi ogʻir mehnat, sabr, ichki kurashlar, yaqinlar, ustozlar qoʻllovi va albatta, ortingizda togʻdek madad boʻlib turgan vatan va xalq ishonchi keladi.

Men uchun 2025-yil ana shunday hislar bilan esda qoldi. Shaxmat taxtasi yonida oʻtirib, har bir yurishni oʻylab amalga oshirgan, ming bir hayajon bilan oʻtkazgan lahzalarim koʻp boʻldi. Oʻsha pallalarda nafaqat raqib, balki oʻzim bilan ham bahsga kirgan paytlarim yetarli.

2025-yil xalqaro maydonlarda koʻplab yirik turnirlarda ishtirok etdim. Kuchli raqiblar, keskin partiyalar, bir necha soatlab choʻzilgan oʻyinlar hayotimning odatiy manzarasiga aylandi. Osiyo va jahon miq­yosidagi musobaqalarda qoʻlga kiritilgan gʻalabalar, reytingdagi oʻsish, terma jamoa safida erishilgan natijalar, oʻylaymanki, yurtimiz yoshlarining intellektual salohiyatiga dalil, mamlakatimizda sportga, xususan, shaxmatga alohida eʼtibor va ragʻbatning amaldagi namoyoni boʻldi. Ayniqsa, Hindistonning Goa shahrida oʻtkazilgan FIDE jahon kubogida gʻolib boʻlib, bunday natijaga erishgan tarixdagi eng yosh shaxmatchi sifatida eʼtirof etilishim oʻzimga, oʻz kuchimga ishonchimni yanada oshirdi. Bu gʻalaba jahon shaxmat toji uchun kurashish imkonini beruvchi nomzodlar musobaqasida qatnashish yoʻllanmasini taqdim etishi bilan ham juda ahamiyatli edi.

Oʻtgan yil davomida boshimdan oʻtkazgan eng esda qolarli voqealardan biri Prezidentimiz bilan uchrashuv boʻldi. Davlatimiz rahbari menga “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi” unvonini berib, mukofotlarni topshirar ekan, bu ­eʼtibor shaxsiy yutuqdan kengroq maʼno kasb etishini chuqur his qildim. Bu ishonch oʻzbek shaxmatiga, yosh sportchilarga, intellektual mehnatga berilgan yuksak baho sifatida qalbimdan chuqur joy oldi. Oʻsha uchrashuvdan keyin xalqimiz oldidagi daxldorlik masʼuliyatim yanada ortdi deya olaman.

Yangi yil kayfiyati bilan kelajak haqida koʻp oʻylayapman. Oldinda turgan asosiy maqsadlarim aniq. Bu yil boʻlib oʻtadigan nomzodlar turnirida munosib ishtirok etish niyatim bor. Mazkur musobaqa shaxmat olamidagi eng katta sinovlardan biri sanaladi. Bunda har bir partiya, har bir yurish, har bir qaror jahon shaxmat tojiga eltadigan yoʻlning bir boʻlagi. Oʻsha yoʻlda bor kuchimni sarflab, yurtimiz bayrogʻini eng yuqori choʻqqiga olib chiqish orzusi bilan yashayapman.

2026-yil shukuhi kunlarida ich-ichimda oʻziga xos xotirjamlik, shukuh va eng muhimi, ishonch bor. Ortda qolgan 2025-yil esa menga nafaqat sportda, balki hayotda ham asqatadigan saboqlar berdi. Uni tengdoshlarim, uka-singillarim bilan ham boʻlishmoqchiman: imkoniyatlaringizga, bilim va salohiyatingizga ishoning, mehnatdan qochmang. Shunda natijalar oʻz vaqti bilan birin-ketin kelaveradi, orzular ushaladi.

Yangi yil barchamizga yangi imkoniyatlar, toza niyatlar ijobatini olib kelsin. Men oʻsha imkoniyatlarni shaxmat taxtasi ustida, halol kurash va tinimsiz izlanish bilan qarshi olishga tayyorman.

 

Javohir SINDOROV,

xalqaro grossmeyster,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi