O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 12-13 mart kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida huddudda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, viloyat, tuman, shahar ma’naviyat va ma’rifat kengashlari faoliyatini namunali darajaga ko‘tarish yuzasidan muhim vazifalar belgilangan edi.
Ayni vazifalar ijrosi yuzasidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligi tomonidan ZOOM platformasi asosida “Ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etishda samarali va zamonaviy yondoshuvlar” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy onlayn konferensiya tashkil qilindi.
Mazkur konferensiyada mamlakatimizda hududiy - viloyat, shahar, tuman Ma’naviyat va ma’rifat kengashlari faoliyati va muvofiqlashtiruvchi o‘rnini namunali darajaga ko‘tarish, bu boradagi ishlarning uzviyligi va samaradorligini ta’minlash yuzasidan o‘tgan vaqt davomida Xorazm viloyatida amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish, jamiyatda ma’naviy-ma’rifiy muhit shakllantirilishining samarali va zamonaviy usullari, yondashuvlari borasidagi masalalar muhokama qilindi.
- O‘tgan vaqt davomida Xorazm viloyat Ma’naviyat va ma’rifat kengashi ko‘plab e’tiborga molik ishlarni amalga oshirdi, - deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, - Mazkur kengash yordamida “Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy” asarlar to‘plami, Komil Avazning “Ogahiy” asari, Yulduz Rahmonovaning “Xiva shahri tarixi” hamda “Xiva tarixidan lavhalar”, Qurbon Muhammadrizoning 3 jildli “Abu Rayhon Beruniy” asari singari 18 nomdagi kitoblar 20000 dan ortiq adadda nashr etilib, tashkilot va muassasalarga tarqatildi. Shuningdek, 30 dan ortiq targ‘ibotchilar ma’naviy-ma’rifiy ishlardagi faolligi uchun turli qimmatbaho sovg‘alar, 50 dan ortiq smartfonlar, 1000 dan ortiq kitoblar jamlanmalari bilan taqdirlab borilgan.
Shuningdek, konferensiya ishtirokchilari “Hududlarning ma’naviy qiyofasi”ni o‘rganish yuzasidan ekspert guruhlari tuzilib, barcha ko‘chalar ma’naviy ekpertizadan o‘tkazilganligiga alohida e’tibor qaratdilar. 2019 yilda Xorazm viloyat Ma’naviyat va ma’rifat kengashining ishchi organi hisoblangan viloyat bo‘limi tomonidan hududdagi barcha korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda yillik ma’naviy-ma’rifiy ishlar rejasi shakllantirilib, “Ma’rifat” targ‘ibotchilari ishtirokida dolzarb va muhim mavzularda “Ma’naviyat soat” larining o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. “Ma’naviyat soat”larining tizimli va ta’sirchan ravishda o‘tkazilishini monitoring qilib borish amaliyoti ham olib borilmoqda.
- Jaloliddin Manguberdi tarixini o‘rganish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida “Jaloliddin Manguberdi” fondi tashkil etildi, - deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi Xorazm viloyati bo‘limi rahbari B.Abdirimov. - Buyuk sarkardaning tarixi, taqdiri xususidagi moziyning sinoatli davrini yoritish masalasi va tashabbusi davlat rahbariga taqdim qilindi. Prezident topshirig‘i asosida 2020 yil 23 iyul kuni Vazirlar Mahkamasining “Jaloliddin Manguberdi tarixining yangi sahifalarini o‘rganish” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha farmoyishi qabul qilindi.
Shuni aytib o‘tish lozimki, Xorazm viloyati Ma’naviyat va ma’rifat kengashi, uning ishchi organi bo‘lgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi faoliyati o‘tgan davr mobaynida berilgan topshiriqlar va vazifalar asosida yangi boqichga ko‘tarildi. Ta’lim muassasalari, davlat va jamoat tashkilotlarining bu boradagi faoliyatini tashkil etish, muvofiqlashitirish tizimini yaratish borasida esa muhim qadamlar qo‘yildi. Ishtirokchilar “Xorazm tajribasi”ning ibratli ishlarini respublikamizdagi barcha hududlarda amalga oshirish va bu jarayondagi o‘zaro hamkorlik borasida kelishib oldilar.