Xususan, maʼnaviyat va maʼrifat yoʻnalishidagi faoliyatni uzluksiz takomillashtirish, targʻibot tadbirlarining samaradorligini oshirish, sohaga oid tadqiqot ishlarini tashkil etish, qoʻllanma va adabiyotlar yaratish, bu boradagi faoliyatni muvofiqlashtirish, mavjud maʼnaviy tahdidlarga qarshi targʻibot tizimini kuchaytirish, yurtimizda kechayotgan izchil islohotlar mohiyatini aholiga yetkazish, hamyurtlarimizning Vatanimizda olib borilayotgan bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishiga nisbatan daxldorlik tuygʻusini oshirish boʻyicha muhim vazifalar belgilab olindi.

Oʻz navbatida, davlatimiz ­rahbari tomonidan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning yagona tizimini yaratish, xususan, yoshlarni bolaligidanoq bilimli va fazilatli etib tarbiyalash, buning uchun maktabgacha taʼlim tashkilotlariga metodik yordam koʻrsatish muhimligi, maktablar, oʻrta maxsus va oliy taʼlim tashkilotlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha koʻrsatma berildi. Barcha oliygoh va ularning filiallarida mavjud shtat birliklari doirasida yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektor lavozimi joriy etilishi maʼlum qilindi.

Shu bilan birga, milliy va diniy qadriyatlarimizda farzand tarbiyasidagi nozik jihatlarga eʼtibor qaratish lozimligi, kompyuter, internet, telefon, televideniye, ayniqsa, xususiy kanallardagi yengil-yelpi, mazmunan sayoz va turli zararli odatlarni targʻib etuvchi filmlar yoshlar tarbiyasiga salbiy taʼsir etayotgani alohida taʼkidlab oʻtildi. Shundan kelib chiqib, senator va deputatlarni amaldagi qonunlarni yana bir bor tahlil etish, nazoratga olish orqali javobgarlik va masʼuliyatni oshirishga chaqirildi.

Davlatimiz rahbari videoselektor yigʻilishida buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosini oʻrganish yoshlarimizning maʼnaviyatini yuksaltirishga xizmat qilishi borasidagi fikr-mulohazalarini bildirdiki, bu ayni muddaodir. Shu maqsadda Toshkent shahridagi “Gʻalaba bogʻi” majmuasi xalqimiz, ayniqsa, yoshlar uchun harbiy tarix va ajdodlarimiz qahramonligini oʻrganish boʻyicha ilmiy markazga aylantiriladi. Qolaversa, milliy gʻoya targʻiboti, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, jamiyatda adabiyot va kitobxonlikni yana-da rivojlantirish maqsadida “Ijod” jamoat fondi negizida Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash fondi tashkil etiladi.

Yigʻilishda yana qator gʻoya va takliflar ilgari surilib, bularning barchasi pirovardida yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini mustahkamlash, ularning yurtimizda olib borilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini oshirishga, milliy qadriyat va anʼanalarimiz, betakror madaniy va maʼnaviy merosimiz, buyuk ajdodlarimizdan qolgan noyob yodgorliklarni ilmiy jihatdan oʻrganishga, zamonaviy bilim, koʻnikmaga ega, mamlakat kelajagi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan, sergʻayrat yoshlarni tarbiyalashga xizmat qilishi shubhasiz.

Prezidentimiz yigʻilishda: “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir”, deya ulkan haqiqatni yana bir marta yodimizga solib oʻtdi. Bu ayni chogʻda oldimizda turgan vazifalar nechogʻliq salmoqli ekanini anglatadi. Shunday ekan, biz, senatorlar ham mazkur vazifalar ijrosida kamarbasta boʻlishimiz talab etiladi.

Baxtiyor SAYFULLAYEV,

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi