"Jamiyat va ommaviy axborot vositalari" an'anaviy X Chimyon mediaforumi boshlandi

    Farg'ona viloyatining "Chimyon" sihatgohida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg'ona viloyati bo'limi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu forumda mamlakatimiz matbuoti darg'alari, ma'murlari va jurnalistika sohasi olimlaridan iborat 15 nafar trener va mamlakatimizning barcha viloyatlari va Qoraqalpog'iston Respublikasi ommaviy axborot vositalarining 70 nafar vakili ishtirok etmoqda. 

    Tadbirning ochilish marosimida ishtirok etgan Farg'ona viloyati hokimining o'rinbosari Hurshid Ahmedov soha vakillariga yurt ravnaqi, islohotlar jadallashuviga hissa qo'shishdek mas'uliyatli ishlarida muvaffaqiyat tiladi.

    Shuningdek, O'zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi, yuridik fanlari nomzodi Olimjon O'sarov o'zbek matbuotida so'z erkinligi va jamiyat ochiqligi, tajriba va tahlil xususida so'zladi.

    Shundan so'ng mediaforum o'z ishini boshladi. Ustoz jurnalistlar dolzarb masalalardagi tajribalari bilan bo'lishmoqdalar. Mazkur mediaforum 19-martga qadar davom etadi.

    Eslatib o'tamiz, mediaforum o'ninchi marotaba o'tkazilmoqda. O'tgan forumlar davomida 600 nafardan ortiq jurnalist kadrlarning malakasini oshirishga katta hissa qo'shishga erishilgan.