Prezidentning 2019-yil 9-yanvardagi PF-5618-son Farmoniga muvofiq “Yuksak huquqiy madaniyat - mamlakat taraqqiyoti kafolati” degan konseptual gʻoya asosida tizimli va keng qamrovli huquqiy targʻibot tadbirlarini tashkil qilishni nazarda tutuvchi Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Aholining barcha qatlamlari huquqiy savodxonligini oshirish, yuksak darajadagi huquqiy ongga ega boʻlishlari hamda huquqiy bilimlarini kundalik hayotda qoʻllay olishlari davlat organlari va tashkilotlarining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. U “shaxs - oila - mahalla - taʼlim muassasasi - tashkilot - jamiyat” prinsipi boʻyicha tizimli va uzviy tashkil etiladi.

2022-2023-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi quyidagilarni nazarda tutadi:

  • oilada va taʼlim muassasalarida huquqiy tarbiyani shakllantirish va huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar:

- notinchlik va zoʻravonlikning bolalar tarbiyasidagi salbiy oqibatlari haqida maʼlumot yetkazish va ularning oldini olish;

- oliy taʼlim muassasalari hamda kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish oʻquv markazlarida inson huquqlari, ayollar huquqlari, bola huquqlari oʻquv kurslarini tashkil etish;

- ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga imtiyozlar va moddiy yordam berish masalalari boʻyicha axborot-targʻibot ishlari va boshqalar;

  • davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining huquqiy madaniyatini yuksaltirish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar:

- “Huquqiy savodxonlik oyligi”, “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” va “Konstitutsiyaviy huquq oyligi”ni oʻtkazish;

- huquqiy savodxonlikka oid minimal talablar boʻyicha oʻqitish va ularning huquqiy bilimlarini baholash va boshqalar;

  • aholi barcha qatlamlarining huquqiy madaniyatini yuksaltirish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar:

- “bepul huquqiy maslahat bilan har bir uyga” loyihasi;

- nogironligi boʻlgan shaxslar uchun xayriya aksiyalari;

- murojaatlarni tahlil qilish va tahlil natijasiga koʻra manzilli huquqiy targʻibot va boshqalar;

  • jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishda huquqiy targʻibotning innovatsion usullarini joriy qilish, shuningdek, OAVning rolini kuchaytirish:

- videoroliklar tasvirga olish hamda OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqatish;

- aholi va tadbirkorlik subyektlariga huquqiy masalalar boʻyicha yechimlarni beruvchi portallarni huquqiy mavzudagi materiallar bilan boyitish;

- “Huquqiy axborot” telegram kanali qamrovini kengaytirish va boshqalar;

  • yuridik taʼlimni, shuningdek, yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirish, huquqiy madaniyatni yuksaltirishning ilmiy asoslarini tadqiq etish (yuridik oliy taʼlim muassasalari oʻquv dasturlariga “Tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlar bilan ishlash” mavzusini kiritish; yuridik sohada ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirib kelayotgan tadqiqotchilar uchun onlayn xizmatlarni koʻrsatish imkonini beruvchi elektron platforma yaratish).

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 17.05.2022-yildan kuchga kirdi.