Qoʻlida hunari borlar ham ishlamas, shahar olis, qishloqda ishlab chiqarish korxonalarini topish mahol edi. Hozir shu qishloqdagilar ancha jonlanib, turli yoʻnalishlarda oʻqib, ishlayapti, ayrimlari tadbirkorligini ham boshlabdi. Ayollardan biri avval uyida tikuvchilikni yoʻlga qoʻyib, 3-4 xotin-qizni yoniga olgach, mahalla unga boʻsh bino ajratibdi. Ana shu binoda tikuvchilik sexi tashkil etib, qishloqning 30 nafardan ziyod aholisini ish bilan taʼminlabdi.

Qishloqda bunday tadbirkorlar ancha koʻpayibdi. Xullas, aytaman desam, gap koʻp. Ammo amin boʻlganim, davlatimiz odamlarni bejiz tadbirkorlikka yoʻnaltirib, barcha sharoitlarni yaratib bermayotgan ekan. Chindan ham, bir hududda bitta tadbirkor boʻlsa ham oʻsha joyning rivoji, iqtisodiy oʻsishi, aholi bandligini taʼminlashga sezilarli hissa qoʻshadi. Bu borada xotin-qizlarning ulushi ortib borayotgani, ayniqsa, quvonarli.

Davlatimiz rahbari 2021-yilda yurtimiz tadbirkorlari bilan oʻtkazgan ilk ochiq muloqotini yodga olaylik. Oʻshanda biznes vakillariga juda katta ishonch bildirilib, ular yangi Oʻzbekistonda iqtisodiyotimiz va islohotlarimiz tayanchi hamda lokomotiviga aylangani taʼkidlangandi. Ishning koʻzini biladigan, ishbilarmon yurtdoshlarimiz mamlakatimiz bunyodkorlari, deya eʼtirof etilgandi.

Oxirgi yillarda tadbirkorlikning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy hayotimizdagi oʻrni ham ortib borayotgani ayni haqiqat. Yurtimizda har yili yaratilayotgan ish oʻrinlarining 90 foizi xususiy sektor hissasiga toʻgʻri kelayotgani buning isboti. Shu bois, tarmoqni qoʻllab-quvvatlash, imtiyozlar berish yil sayin kengaymoqda. Ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratilayotir.

Tadbirkor ayol kim?

Iqtisodiy rivojlanishning hozirgi bosqichida ayollarning tadbirkorlik faoliyatidagi ishtiroki jahon miqyosida “sokin inqilob” deya baholanmoqda. Statistik maʼlumotlarga koʻra, bugun dunyodagi 32,9 foiz firmalar boshqaruvida ayollar ishtirok etyapti. Bu koʻrsatkich Xitoyda 64,2 foiz, Irlandiyada 54,9 foizni tashkil etadi.

Bir qarashda ayollar tadbirkorligi tushunchasi amaliy jihatdan tushunarli. Ammo u nisbatan yangi soʻz boʻlib, kelib chiqishi va mohiyatini oʻrganish hali ham dolzarb. Yaʼni bu borada jahon olimlarining nazariy qarashlari turlicha. Masalan, oʻtgan asrning 90-yillarigacha dunyodagi asosiy akademik izlanishlar ayollar tadbirkorligi deganda individual tadbirkorlik yoki kasanachilikni nazarda tutgan. Biznes yuritishning haqiqiy shakli sifatida koʻproq erkaklar tadbirkorligi tan olingan. Biroq keyingi tadqiqotlar tadbirkorlikni ikkala jins vakillari uchun ham muvofiqlashtirish mumkinligini koʻrsatdi. Natijada ayollar tadbirkorligini yanada yaxshiroq tushuntirish uchun mavjud nazariy tadqiqotlarni kengaytirish zarurati yuzaga keldi.

Bu boradagi dastlabki tadqiqotlar 1970-yillar boshida Gʻarbda paydo boʻldi. Ularning adabiyotlarida ilk bor “tadbirkor ayol” tushunchasi tijorat korxonasini yurituvchi, tashkil etuvchi va boshqaruvchi ayol sifatida tavsiflandi. Keyinchalik u boshqa davlatlarda ham rivojlanib bordi. Bugungi kunga kelib esa xotin-qizlar tadbirkorligiga iqtisodiyot rivojidagi muhim boʻgʻinlardan biri sifatida qaralmoqda.

Shunga qaramay, bu tushuncha borasidagi oʻrganishlar hamon davom etyapti. Ushbu qarashlarning ayrimlariga toʻxtalsak. Odatda, “tadbirkor ayol” deganda ishbilarmonlik tashabbusiga ega, oʻz faoliyatini tashkil etgan va uni yuritadigan xotin-qizlar tushuniladi. Bunday ayol moliyaviy tavakkalchilikni oʻz zimmasiga olishi bilan xususiy sektordagi yollanma ishchidan farq qiladi. Qolaversa, mazkur faoliyatni nazorat qilishi ham uni toʻlaqonli tadbirkor ayol maqomiga erishtiradi.

Yana bir tadqiqotchi olimning keltirishicha, tadbirkor ayol biznes va ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan, yuritadigan va tashkil qiladigan, boshqa xotin-qizlarga ish imkoniyatlarini taqdim etadigan shaxsdir. Bu yondashuv haddan tashqari koʻp talablarni oʻz ichiga olgani sababli tushuncha doirasini toraytiradi. Gap shundaki, faoliyat egasi boʻlgan ayol hech kimni ishga yollamasa ham tadbirkor ayolligicha qoladi.

Boshqa tomondan, ayollar tadbirkorligi shaxsni emas, balki faoliyatni ifodalovchi tushuncha boʻlib, u haqida baʼzi adabiyotlarda turli fikrlar keltirilgan. Ulardan birida yozilishicha, ayollar tadbirkorligi deganda xotin-qizlar egalik va nazorat qiladigan faoliyatdagi kapitalning 51 foizidan kam boʻlmagan ulushida hamda mazkur korxonada yaratilgan ish oʻrinlarining kamida 51 foizida ayollar boʻlgan biznes faoliyati tushuniladi. Hindiston va boshqa qator davlatlarda ana shu tushuncha mavjud. Ammo bu borada dunyo mamlakatlaridagi yondashuvlar turlicha. Masalan, Malayziya, Norvegiya, Tojikiston, Latviya kabi koʻplab davlatlarda ayollar tadbirkorligi yakka tadbirkor, MCHJ direktori va MCHJ egalarini nazarda tutadi. Yakka tartibdagi tadbirkorlik baʼzi mamlakatlarda bir shaxsga tegishli boʻlgan barcha korxonalarni qamrab olgan umumiy atama boʻlsa, boshqa joylar, masalan, AQSH, Oʻzbekistonda YATT cheklanmagan shaxsiy javobgarlikka ega boʻlgan va muayyan soliq rejimiga boʻysunadigan faoliyat bilan bogʻliq aniq huquqiy maqomdir. Bu maqomga egalik qilish huquqi esa xotin-qizlarga ham birdek berilgan.

Ayollar tadbirkorligi termini butun faoliyatga tegishli ekanidan kelib chiqsak, uning rahbari ayol boʻlishi ham mantiqli. Ammo mulkka egalikning salmoqli qismi ayolga tegishli boʻlib, faoliyatni istalgan yollanma boshqaruvchi yuritsa ham ayollar tadbirkorligiga kiritish oʻrinli boʻladi. Chunki yollanma direktor lavozimidan ozod etilganda faoliyat egasi boʻlgan ayol tadbirkor qarori bilan yangi boshqaruvchi tayinlanadi. Bunda umumiy nazorat ayol tadbirkorda boʻlishi talab etiladi.

Zamonasiga yarasha...

Xotin-qizlar nafaqat katta korxonaga rahbarlik qilish, balki oʻzini oʻzi band qilish orqali ham tadbirkorga aylanishi mumkin. Gap shundaki, hozirgi kunda oʻzini oʻzi band qilish mehnat shartnomasisiz daromad topishning keng tarqalgan shakllaridan biri sanaladi. U qator xalqaro maʼlumotlar bazalarida tadbirkorlik koʻrsatkichi sifatida toʻliq tan olinadi va baʼzi mamlakatlarda yolgʻiz tadbirkor (Sole proprietors) deb koʻrsatiladi. Boisi, qiymat yaratib, uni sota olish va daromadini mustaqil oshira bilish tadbirkorlik xususiyatlaridan biridir.

Hozirgi vaqtda oʻzini oʻzi band qilganlar zamonaviy terminda “frilanser” deb atalmoqda va undagi faoliyat turlari juda koʻp. Dasturchi, tikuvchi, taksichi, bola parvarishlaydigan va boshqa koʻplab ish egalari oʻzini oʻzi band qilganlar sanaladi. Mamlakatimizda oxirgi yillarda bu faoliyat turlari kengayib boryapti va hatto tomorqa egalari ham ular qatoriga kiritilgan. Shu jihatdan, oʻzini oʻzi band qilganlarni ham tadbirkor deyish mumkin va bu, ayniqsa, xotin-qizlar uchun ishbilarmonlikning juda qulay va istiqbolli shaklidir.

Aslida ayollar tabiatan yaxshigina tadbirkor boʻladi. Buni ularning oila byudjetini toʻgʻri taqsimlashi, tejab ishlatishi, shaxsiy ishlarini doim aniq rejalashtira olishi va hokazolarda koʻrish mumkin. Shuning uchun ayollar tadbirkorligining aksariyati muvaffaqiyatli amalga oshmoqda. Yurtimizda qaysi tarmoq boʻlmasin, unda dadil ish boshlab, oʻz biznesini tashkil etayotgan xotin-qizlar safi yil sayin kengayib boryapti. Bu ushbu yoʻnalishga berilayotgan keng imkoniyatlar, ajratilayotgan katta mablagʻlar, muhimi, ayollarga bildirilayotgan ulkan ishonch mahsuli, deyish mumkin. Ana shu imkoniyatlardan bugun yuzlab, minglab xotin-qiz samarali foydalanib, kasb va ishbilarmonlikni puxta oʻrganyapti, tadbirkorlikni boshlab, oʻzi, oilasi, qolaversa, hududidagi ayollar bandligini taʼminlamoqda. Oʻtgan yillar davomida Namangandan Anna Dobrix, margʻilonlik Nargiza Aminova, xorazmlik Shahlo Yoʻldosheva, Toshkent shahridan Munira Qoriyeva, Madina Ayupova, Toshkent viloyatidan Nargiza Bekmurodova, surxondaryolik Muhabbat Qayumova kabi yuzlab ayollar el-yurtimizga tanilgan tadbirkorga aylandilar.

Shunday tirishqoq, gʻayratli tadbirkorlardan biri Munira Hamroyeva ham bir emas, bir nechta yoʻnalishda ishini yoʻlga qoʻygan. Navoiylik ayol “Xatirchi asl ipak gilamlari” MCHJ hamda “Durdona tekstil” ishlab chiqarish korxonalariga rahbarlik qilib kelmoqda. Birida gilam toʻqilsa, boshqasida kiyim-kechak tikiladi. Korxona koʻp tarmoqli boʻlib, non va non mahsulotlari ham ishlab chiqariladi. Ishni kuniga 10 ta non yopishdan boshlagan korxona hozir 1 ming 200 tagacha mahsulot chiqaradi. Tumandagi 20 ta maktabgacha taʼlim muassasasiga shartnoma asosida non yetkazib beradi. Gilamlari esa boshqa viloyatlarda ham xaridorgir. Yaqinda Eronga eksportni yoʻlga qoʻydi.

Tadbirkor 40 dan ortiq kishini ish bilan taʼminlagan, ularning aksariyati xotin-qizlar. “Ayollar daftari”da turgan xotin-qizlarni tadbirkorlikka ham oʻqitib kelyapti. Shogirdlarining koʻpi uy bogʻchalar ochib, 60 tagacha bolani tarbiyalayapti. Mehnati ortidan roʻzgʻoriga hissa qoʻshyapti. Eng muhimi, ular yaqinlari bagʻrida va farzand tarbiyasini birdek olib bormoqda.

Avvallari bunday ayollar sanoqli boʻlardi. Hozir ular juda koʻp. Bugun tadbirkorlik subyektlarining 28 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Bundan olti yil oldingi bilan solishtirganda, bu ancha yuqori koʻrsatkich. Qaysi hududga, qaysi qishloqqa bormaylik, albatta, bir tadbirkor ayol bor. Boʻlganda ham oddiy tadbirkor emas, koʻzlari yonib turadigan, ham oilasi, ham ishini uddalab, boshqa xotin-qizlarga namuna boʻlayotgan, gʻayrati, shijoati bilan natija koʻrsatayotgan zamonaviy Toʻmaris, Bibixonimlardir. Ularga havas qilayotgan yana qanchadan qancha xotin-qiz kasb-hunar oʻrganib, tadbirkorlikni boshlayotganini oʻzingiz tasavvur qilavering.

Ochiq muloqot yangi vazifalarni belgilab beradi

Bugun jamiyatimizda ichki va tashqi bozorda mustahkam oʻrni, nufuzi va brendiga ega boʻlgan haqiqiy tadbirkorlar sinfi shakllana boshladi. Bu avvalgi davrlarda tilimizdan tushmaydigan savdogar, olibsotar yoki dehqon emas, aynan tadbirkordir. U oʻz ishini biladigan, bir yoʻnalishning barcha jihatlarini faoliyatida birlashtirgan, ish yuritishdan tortib, moliyaviy masalalargacha eplay oladigan ishbilarmon odam. Ana shunday insonlarning erkin faoliyati uchun esa bugun barcha sharoitlar yaratib berilyapti.

Yangi Oʻzbekistonda zamonaviy, oʻzbek modeli asosidagi tadbirkorlik muhiti shakllanganiga guvoh boʻlyapmiz. Buning uchun saʼy-harakatlar koʻlami ancha keng. Xususan, oʻtgan davr mobaynida ishbilarmon kishi davlatnnig chinakam doʻstiga aylandi. Birgina 2017—2022-yillarda yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish hamda tizim vakillari huquqlarini himoya qilish yoʻnalishida 3 mingdan ziyod qonunchilik hujjati qabul qilindi. Biznes vakillariga kredit va subsidiya olish, litsenziya, koʻchmas mulk va resurslarga ega boʻlish, eksport kabi masalalarda koʻplab yangi imkoniyat va sharoitlar yaratildi. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo boʻyicha mavjud cheklovlar, toʻsiq va gʻovlarning aksariyatiga barham berildi.

2021-yil avgust oyidan davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini oʻtkazish anʼanaga aylangani va 20-avgust yurtimizda Tadbirkorlar kuni sifatida nishonlanayotgani ham soha vakillari doimo qoʻllab-quvvatlanayotganining yorqin ifodasidir. Ochiq muloqotda berilayotgan takliflar, ilgari surilgan tashabbuslar hamda belgilangan yangi yoʻnalish va vazifalar tadbirkorlik faoliyatining yanada rivojlanishiga yoʻl ochmoqda. Har yili ishbilarmon doira vakillari uchrashuvga katta tayyorgarlik koʻrib, takliflar berishda faol ishtirok etayotgani boisi ham shunda. Birgina oʻtgan yilgi muloqot arafasida tadbirkorlar tomonidan 12 mingdan ortiq murojaat kelib tushgani buning isboti.

Prezidentimizning tadbirkorlar bilan bu yilgi ochiq muloqoti ham qizgʻin ruhda oʻtishi shubhasiz. Biznes vakillaridan murojaatlar, fikr va takliflarni qabul qilish boshlangan va jadal davom etyapti. Bu murojaatlarning koʻpiga jarayonning oʻzidayoq yechimlar ham berilmoqda. Maqsad har bir ishbilarmonni qoʻllab-quvvatlab, har tomonlama yordam berishdan iborat.

Bu imkoniyatlarga javoban tadbirkorlar ham yanada rivojlanishga harakat qilmoqda, mamlakat iqtisodiyotining haqiqiy tayanchiga aylanishga intilmoqda. Ular orasida xotin-qizlar ulushi ortib borayotgani barchamizni quvontiradi.

Gulbahor XOʻJAMURODOVA,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti dotsenti,

iqtisodiyot fanlari nomzodi