Lekin shunday taqdirlar ham borki, farzand ota-ona mehridan mosuvo boʼladi. Goʼdak hayotning beshafqat, ogʼir zarbalariga duch keladi. Bunday holatlarda esa faqatgina jamiyatdagi mehrli muhit, odamlarning eʼtiborli munosabati koʼngli oʼksik bolalar hayotini yana izga solishga qodir.
Shu maʼnoda, Prezidentimiz tashabbusi bilan ota-ona mehridan mahrum boʼlgan va nogironligi bor bolalarni qoʼllab-quvvatlash, ularni jamiyatning faol aʼzolari sifatida tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratilayotgani tahsinga munosib.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 28 iyulda poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 21-Mehribonlik uyiga tashrif buyurib, bu yerdagi sharoit bilan tanishdi va shu kuni nogironligi boʼlgan, ota-ona qaramogʼidan mahrum, yetim bolalarni davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlashni kengaytirish hamda ijtimoiy nafaqalarni takomillashtirish masalalari boʼyicha videoselektor yigʼilishi oʼtkazdi. Shu yigʼilishda eʼtibor va mehrga muhtoj oʼgʼil-qizlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish yuzasidan qator vazirlik va idoralar rahbarlariga vazifalar belgilab berdi.
Kuni kecha esa Prezidentimizning ikkita — “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi hamda “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarni davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarorlari qabul qilindi.
Qarorlarda yetim bolalar va ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish, ularning barkamol avlod sifatida shakllanishi hamda ijtimoiy moslashuvini taʼminlash uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratish, bunday bolalarni davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlash masalalari boʼyicha bir-biridan dolzarb va ahamiyatli masalalarni amalga oshirish belgilandi.
Shu oʼrinda taʼkidlash kerakki, Oʼzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchalari, oilaviy bolalar uylari va “SOS” Oʼzbekiston bolalar mahallalari”ning biriktirilishi zimmamizga ham masʼuliyat, ham ishonch yukladi.
Yer yuzida har bir bola baxtiyor yashashga haqli. Barcha tengdoshlari qatori yetim va ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalar ham toʼlaqonli tarbiya olish, davolanish, oʼqish, oʼzi qiziqqan faoliyat bilan shugʼullanish orqali qobiliyatini namoyon etish, vaqtini mazmunli oʼtkazish imkoniga ega boʼlishi lozim. Bu masalaga hukumat darajasida eʼtibor qaratilganining oʼziyoq bolalarga muassasalarda va undan keyingi hayot yoʼlida oʼz oʼrnini topishiga har tomonlama koʼmaklashish uchun hozirdanoq harakat boshlashimizga turtki boʼldi.
Mehribonlik uyi muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirishga masʼul Milliy gvardiya qoʼmondonining oʼrinbosari lavozimi hamda Jamoat xavfsizligi universiteti tarkibida “Harbiy vatanparvarlik, maʼnaviymaʼrifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash kafedrasi” tashkil etilishi zimmamizga yuklatilgan masʼuliyatning zalvori nechogʼliq ahamiyatli ekanini tasdiqlaydi. Bu borada soha xodimlari allaqachon oʼz vazifalarini sidqidildan bajarishga kirishdi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarning taʼlim-tarbiya olishiga alohida eʼtibor qaratish oldimizdagi ustuvor vazifalardan biridir. Xususan, ularning taʼlim olishini ragʼbatlantirish maqsadida Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari tarbiyalanuvchilari uchun reja asosida xorijiy til va kompyuter savodxonligi kurslari tashkil etiladi. Muassasalarga oliy taʼlim muassasasi hamda bolalar va oʼsmirlar sport maktablarining biriktirilishi, shuningdek, oliy taʼlim muassasalari rektorlari tarbiya muassasalarida toʼgaraklar tashkil etilishiga va kutubxona fondini boyitishga masʼulligi belgilangani bois, bu borada muassasalararo hamkorlik yoʼlga qoʼyilib, reja asosida ishlar tashkil etiladi.
Jumladan, endilikda har bir bolaning xohish-istagi, qiziqishi va kelajakdagi maqsadlari, orzu-umidlari oʼzidan soʼralishi, tanlagan kasb va yoʼnalishiga koʼra, ularni oliy taʼlim muassasalariga kiruvchi “alohida imtiyozga ega toifalar” sifatida nazoratga olinib, eʼtibordan chetda qolib ketishiga yoʼl qoʼyilmaydi.
Prezident qarorida Mehribonlik uylari va bolalar shaharchalaridagi oʼgʼil-qizlar mamlakatimizning tarixiy shaharlariga sayohatga olib chiqilishi belgilangan boʼlib, bu boradagi ishlarni hozirdan rejalashtirish, tarixiy maskanlarga tashriflarini uyushtirish davomida ularga Oʼzbekiston tarixini bilish, oʼzlikni anglash va Vatani bilan gʼururlanish hissini uygʼotish borasidagi nazariy bilimlarni ham singdirish lozim.
Bolalar uchun sportning yakka kurash, futbol, suzish, tennis, shaxmat, chavandozlik kabi sport toʼgaraklari tashkil etilishi ularning sogʼlom va barkamol, ayni paytda, mamlakatimizda yuksalib borayotgan sport turlari bilan shugʼullanish, buning ortidan mazkur yoʼnalishlarda oʼz qobiliyatini namoyon etish imkonini beradi.
Аytish joizki, muassasalardagi sport obʼektlari faoliyati va sport sektsiyalariga qatnashuvchilar soni oʼrganib chiqilganda, Toshkent shahridagi 30-, Buxoro shahridagi 32-, Fargʼona viloyatidagi 1- va 2- Mehribonlik uylarida sport zallari va suzish basseynlarining mavjud emasligi, ularda bolalar jismoniy sogʼlomlashtirish va sport masalalari ancha ortda qolganini koʼramiz.
Bundan keyin barcha Mehribonlik uylari va bolalar shaharchalarida sport zallari, futbol, voleybol, basketbol maydonlari, kurash va gimnastika hamda trenajyor zallari hamda basseynlar bilan taʼminlanadi.
Prezident qarori asosida yetim bolalar va ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarni kasbga oʼqitishga hamda ularning bandligini taʼminlash boʼyicha ham yangi mexanizm joriy etilmoqda. Unga koʼra, kasb egallash istagida boʼlgan yetim va ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalar Bandlikka koʼmaklashish jamgʼarmasi mablagʼlari hisobidan “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga oʼqitish markazlarida kasb-hunarga oʼqitiladi. Bunday bolalarning biznes loyihalari uchun “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida navbatsiz kreditlar ajratiladi.
Qaror bilan joriy yilning 15 avgustidan boshlab yetim bolalar va ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlashning yangi tartibi oʼrnatiladi. Mazkur tartibga asosan oʼzlariga biriktirilgan turar joyga ega boʼlmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarga 18 yoshga toʼlgan yilda koʼp kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam boʼlmagan 1 xonali, voyaga yetgan yetim bolalar oʼrtasida nikoh tuzilgan hollarda 50 kvadrat metrdan kam boʼlmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi.
Bu borada yetim bolalarga uy-joy ajratishning “onlayn-navbat” tizimi yaratiladi hamda ajratilgan uy-joylar toʼgʼrisidagi maʼlumotlar har oyda rasmiy veb-sayt orqali eʼlon qilib boriladi.
Shu oʼrinda bir xushxabarni ham aytib oʼtishni istardik. Prezidentimizning Yunusobod tumanidagi 21-Mehribonlik uyiga tashrif buyurishi va videoselektor yigʼilishida belgilab bergan vazifalaridan soʼng Milliy gvardiya qoʼmondoni poytaxtimizda Oilaviy bolalar uyi tashkil qilish istagida boʼlgan fuqarolarni qabul qilib, ularga qisqa muddatlarda barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berilishi yuzasidan tegishliligi boʼyicha masʼul vazirlik va tashkilotlar xodimlari bilan hamkorlik boshlangan edi.
Аmalga oshirilgan ishlar natijasida Toshkent shahrining Yunusobod tumanida ilk marotaba Murodjon Hasanov va Umida Turdaliyevalar oilasi 21-Mehribonlik uyidan 5 nafar oʼgʼilqizni oʼz tarbiyasiga olib, Oilaviy bolalar uyi faoliyatini yoʼlga qoʼydi.
Mazkur bolalar uyi ochilish marosimida Milliy gvardiya qoʼmondonligi, Yunusobod tuman hokimligi va boshqa masʼul vazirlik hamda tashkilotlar mutasaddi rahbarlari ishtirok etib, Umida Turdalieva boshlagan ushbu olijanob ishga muvaffaqiyat tilagan holda, doimo koʼmakdosh boʼlishga hamda oila aʼzosiga aylangan ushbu oʼgʼil-qizlarning maʼnaviyatli va vatanparvar boʼlib kamol topishiga ishonch bildirdi.
Yurtimizda bu kabi savobli ishlarga bosh qoʼshish istagida boʼlgan yurtdoshlarimiz koʼp. Hademay koʼplab oilaviy bolalar uylari yetim va otaona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarga oʼz bagʼrini ochadi. Bir soʼz bilan aytganda, Prezidentimizning har ikki qarori yangi Oʼzbekistondagi bagʼrikenglik, xalqparvarlik islohotlariga hamohang holda, yurtimizda hech kim eʼtibor va gʼamxoʼrlikdan chetda qolmasligini yana bir bor namoyon etdi.
Sarvar MАMАYUSUPOV,
Milliy gvardiya qoʼmondonining yoshlar bilan ishlash masalalari boʼyicha oʼrinbosari