Bu vazifani esa biror avtoulov jamoat transportichalik uddalay olmaydi. Qolaversa, Toshkent shahrida yengil avtomobillar soni tobora ortib, yoʻllarda tirbandlik koʻpaygan, shaxsiy avtomobilda harakatlanish qiyinlashib boryapti.
Chindan ham, bir vaqtlar faqat kinolarda koʻrganimiz avtomobil yoʻllaridagi uzundan-uzun tirbandliklar bugun poytaxtimiz uchun ham oddiy holga aylandi. Ayniqsa, ertalab va kechqurungi tigʻiz paytlarda bu tirbandliklar yanada ortadi.
Toʻgʻri, bu aksariyat rivojlangan davlatlarga xos. Toshkent shahri esa Markaziy Osiyodagi eng yirik megapolis. Aholi soni tez oʻsyapti, yiliga oʻrtacha 100 mingga oshmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda poytaxtimizda 5 million aholi boʻlib, shundan 3 millioni doimiy istiqomat qiluvchilardir. Shahrimizga kelib-ketuvchilar ham koʻp. Odamlarning aksariyati doimiy harakatlanishda jamoat transportidan foydalanishni afzal koʻradi. Mavjud talabni qondirish zarurati esa koʻproq avtobus va yoʻnalishlarga ehtiyoj tugʻdiradi. Yaʼni, jamoat transportini rivojlantirish orqali aholining ulardan foydalanish koʻrsatkichini oshirib, tirbandliklarni qisqartirish, ekologik xavfsizlikni taʼminlash kabi vazifalarga erishish mumkin.
Shu maqsadda yurtimizda jamoat transportining asosiy qismi boʻlgan avtobuslar harakati holatini yaxshilash boʻyicha zarur chora-tadbir va dasturlar amalga oshirilmoqda. Avtobuslar parkini yangilash, transport-infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish ishlari parallel tarzda olib borilyapti.
— Jamoat transporti koʻplab rivojlangan davlatlardagi kabi bizda ham odamlar kundalik hayotda foydalanadigan asosiy harakatlanish vositasiga aylanishi lozim, — deydi Transport vazirligi Jamoat transporti boshqarmasi boshligʻi Mirakbar Ikromov — Chunki katta shaharlarda yengil avtomobillar soni ortgani sari tirbandliklar ham oshib boraveradi. Bu esa fuqarolarning har kuni aniq manzilga qatnashida noqulayliklar tugʻdirib, koʻp vaqtining yoʻlda oʻtishiga olib keladi. Jamoat transporti bu masalada bir necha marta samaraliroq boʻlishi lozim. Biz aynan shunga intilyapmiz va bu borada aniq vazifalarni belgilab olganmiz. Xususan, poytaxtda aholiga qulay sharoit yaratish, shahardagi ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida yerusti jamoat transporti tizimini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Koʻchalarda jamoat transporti ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Natijada oxirgi yillarda shaharda qoʻshimcha jamoat transporti yoʻnalishlari ishga tushirilib, mavjud avtobuslar modernizatsiya qilindi, tizimni boshqarish va monitoring qilishning yangi texnologiyalari joriy etildi.
Har yili xorijdan avtobuslar olib kelinyapti. Masalan, 2022-yilda Toshkent shahri uchun 200 dona oʻrta sigʻimli va 190 dona katta sigʻimli avtobuslar va ilk bor 20 dona zamonaviy elektrobus xarid qilingan edi. 2023-yilda esa shahar jamoat transporti harakat tarkibini mukammal yangilash yuzasidan amalga oshirilgan loyihalar natijasida qoʻshimcha 1000 dona avtobus keltirildi. Ularning 302 tasi elektrobus boʻlib, asta-sekin shaharda shu kabi ekaologik transport vositalariga oʻtish koʻzda tutilgan. Umuman, shahrimizda soʻnggi ikki yilda avtobuslar soni 2 barobar, harakat tarkibining oʻrtacha sigʻimi esa 74 foizga oshdi. Ularning oraliq intervali 2-3-marta qisqarib, hozirda 8-10 daqiqani tashkil etyapti. Kunlik yoʻlovchi oqimi 1 million nafarga yetdi. Poytaxtga kirib keladigan aholining shahar markaziga yetib borish vaqti esa 45 daqiqadan 30 daqiqagacha qisqardi. Yoʻnalishlar masofasini oʻrtacha 18 kilometrdan 12 kilometrgacha qisqartirish hisobiga jamoat transporti oʻrtacha tezligini 18 kilometr soatdan 21 kilometr soatga koʻtarishga erishildi.
Yengil avtomobilga nisbatan 135 barobar samaraliroq
Chindan, oxirgi bir necha yilda Toshkentning jamoat transport tizimi sezilarli darajada yaxshilandi. Ochigʻini aytganda, yurtimizda bu tizim yillar davomida bir holatda qotib qolgan, isloh qilishga eng muhtoj sohalardan biri edi. Bolaligimdan to oʻsmir davrimgacha jamoat transporti yoʻnalishida katta oʻzgarish boʻlgani, doimiy koʻrinishdagi manzara yangilanganini eslolmayman. Yodimda, 2010-yillarda avtobuslar salonida kichkina televizorlar paydo boʻldi. Oʻshanda biz uchun bu katta yangilikdek tuyulgan. Ammo bu odamlarni jamoat transportidan foydalanishga jalb eta olmadi. Chunki avtobuslar soni kam, oraliq intervallar juda uzoq, avtobuslar bekatga yetib kelib, u yerda yana bir muddat turib, to harakatlanguncha ancha vaqt oʻtardi. Hozir esa avtobuslarni uzoq kutishga toʻgʻri kelmaydi, hatto qachon kelishini ham mobil ilovalar orqali koʻrib turish mumkin.
— Qish qahratoni yoki yoz jaziramasida bekatda avtobus kutish azob edi, — deydi fuqaro Shoyim Boltayev. — Kamiga transportdagi tirbandlikni koʻrib, navbatdagisini kutishga toʻgʻri kelardi. Bu, ayniqsa, ishga yoki oʻqishga shoshilayotgan yoʻlovchilarga noqulaylik tugʻdirardi. Oʻzim pensionerman. Har doim jamoat transportidan foydalanaman. Toʻgʻrisini aytsam, keyingi yillarda shahrimizda avtobuslar qatnovi koʻpaydi. Yangi, zamonaviy transportlarda, qulay sharoitlarda manzilga yetib olyapmiz.
Tahlillarga koʻra, hozir poytaxtdagi muqim aholining kunlik qatnovi soni oʻrtacha 9 millionn boʻlib, shundan 6 millioni harakatlanish transportida amalga oshirilmoqda. Ushbu qatnovlarning 1,7 millioni, yaʼni 28 foizi jamoat transporti hissasiga toʻgʻri keladi. Bu hali kam koʻrsatkich. Yaqin yillarda aholining koʻp qismini jamoat transportida harakatlanishga jalb etish koʻzda tutilgan.
Eʼtibor berilsa, koʻchalarda harakatlanayotgan mashinalarning koʻpida faqat 1 ta odam ketayotgan boʻladi, 5 ta odam toʻliq boʻlganini deyarli koʻrmaymiz. Agar ana shu shaxsiy mashinada ketayotganlarni bitta avtobusga jamlaydigan boʻlsak, 50 ta avtomobilni harakatdan chiqarish mumkin. Mutaxassislarning aytishicha, Toshkent shahrida bitta yengil avtotransport vositasida bir kunda oʻrtacha 4,3 nafar yoʻlovchi tashilsa, bitta avtobusda bu koʻrsatkich oʻrtacha 580 yoʻlovchini tashkil etmoqda. Bu avtobusning yengil avtotransportga nisbatan 135 barobar samarador ekanini koʻrsatadi. Shaharda tirbandliklarning oldini olish, aholining kunlik harakatlanishga boʻlgan ehtiyojini qondirib, yoʻlga sarflanadigan vaqt va moddiy resurslar samaradorligini oshirish uchun ham sifatli, qulay, xavfsiz va jozibador jamoat transporti tizimini joriy etish lozim.
— Toshkent shahrida roʻyxatdan oʻtgan 760 ming avtotransport mavjud boʻlib, ular soni yiliga 76 mingtaga koʻpaymoqda, — deydi Transport vazirligi huzuridagi loyiha ofisi rahbari Murodjon Obidov. — Poytaxtda transport vositalari doimiy harakatlanadigan asosiy yoʻl tarmoqlari uzunligi 470 kilometr boʻlgani holda, 380—400 ming avtotransport harakatiga moʻljallangan. Ammo, odatda, bu raqam 1 millionga yetib, avtotransportlar harakati bir vaqtning oʻzida harakatlanish sigʻimidan 2 barobar oshib ketyapti. Bu asosiy koʻchalarga 2 barobar koʻp yuklama tushyapti, degani. Yoʻllarda turnaqator tirbandliklar yuzaga kelishi ham shu bilan bogʻliq. Bu oldimizga jiddiy va tezkor choralar koʻrish vazifasini qoʻyadi. Xususan, Toshkent shahrining uzunligi 29 kilometr boʻlgan 8 ta asosiy transport arteriyalarida yoʻl boʻyi parkovkalarni tartibga solish, jamoat transporti harakat ustuvorligini taʼminlash, piyodalar uchun toʻsiqsiz va xavfsiz muhit yaratish boʻyicha qurilish-rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish, aglomeratsiya hududini shahar jamoat transporti tarmogʻi, jumladan, metro bekatlari bilan bogʻlaydigan shahar tariflar rejasi asosida avtobus yoʻnalishlarini tashkil etish, transport oqimi samarali muvofiqlashtirilgan boshqaruv (aqlli svetoforlar) tizimlarini oʻz ichiga olgan kompleks tadbirlarni amalga oshirish kabi vazifalar belgilangan.
Avtobuslar ham yoʻlda harakatlanadi va ular ham tirbandliklarda qolishi mumkin. Bunday holatda ularning qulayligini taʼminlash, odamlar jamoat transportida manziliga tezroq yetib oladi, deyish qiyin. Alohida avtobus yoʻlaklari tashkil etish esa masalaga eng toʻgʻri yechimdir. Poytaxtimizda 2023-yildan ana shunday yoʻllar tashkil etila boshladi. Maxsus yoʻlaklar koʻchaning oʻng tomonida faqat avtobuslar harakati uchun tashkil etiladi, unda harakatlanadigan yengil avtomobillarga esa jarima belgilangan.
2023-yil boshida Toshkent shahrida 186,6 kilometr avtobus yoʻlaklari tashkil etish belgilab olingan boʻlsa, Prezidentimizning tegishli qarori bilan 2025-yilgacha poytaxt koʻchalarida jamoat transporti doimiy harakatlanadigan umumiy uzunligi 475 kilometr boʻlgan 36 ta alohida avtobus yoʻlaklari paydo boʻladi.
Shu asosda “Yashil shahar” transport yoʻlagini barpo etish ham koʻzda tutilgan. Bu boʻyicha Transport vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Toshkent — Kam uglerodli avtotransportga investitsiyalar jalb etishni jadallashtirish (TAILEV)” loyihasi tayyorlanib, kuni kecha taqdimoti oʻtkazildi.
— Yashil transport yoʻlagi Shota Rustaveli koʻchasida joriy etiladi, — deydi Loyihani boshqarish guruhi rahbari Nodir Xudoyberdiyev. — Uning konsept-dizayni, matematik modeli va texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilgan. Loyihaga koʻra, mazkur yoʻlak joriy etilishi natijasida yoʻlak boʻylab avtotransportning oʻrtacha tezligi 11 foiz oshishi, atmosfera havosi ifloslanishi 12,3 foiz qisqarishiga erishilishi hisoblab chiqilgan. Chunki unda asosan elektrobuslar harakatlanadi. Qolaversa, alohida velosiped yoʻlaklari, yashil hududlar tashkil etiladi.
Loyihani ishlab chiqishda yoʻlovchi va aholi fikri oʻrganilib, nogironligi boʻlgan shaxslar, qariyalar, bolalar va ayollarning jamoat transporti infratuzilmasiga ehtiyoji inobatga olindi. Oʻrganishlarga koʻra, bir kunda yoʻlak boʻylab avtobusda harakatlanadigan barcha yoʻlovchilar hamda shaxsiy transport egalarining tejalgan umumiy vaqti 3 318 soatni, tejalgan yoqilgʻi yiliga 2,6 million litrni tashkil etib, yiliga 21,2 milliard soʻm iqtisodiy samaraga olib keladi.
Loyihaning yana bir yangiligi, yashil transport koridorida ayrim avtobus bekatlari koʻchaning yon qismida emas, balki markazida joylashadi. Bunda yoʻlovchilarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida har bir bekatdagi svetofor, piyodalar oʻtish yoʻlaklari tegishlicha tartibga solinadi. Ushbu yoʻlak orqali harakatlanadigan avtobus yoʻnalishlaridan boshlanishiga kuniga 70 mingdan ortiq yoʻlovchi foydalanishi hisob-kitob qilingan.
Avtobus yoki Damas?!
Yurtimizning barcha hududida jamoat transportiga talab yuqori. Ayniqsa, chekka hududlar, qishloqlarda aholi qatnovini tashkil etishda avtobuslar eng qulay transport vositasi hisoblanadi.
— 2020-yil 30-noyabrda davlatimiz rahbari raisligida transport sohasidagi mavjud muammolarni bartaraf etish va tizimni rivojlantirish boʻyicha kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan yigʻilishda jamoat transportining yangi yoʻnalishlar tarmogʻini “qishloqdan — tuman markaziga”, “tuman markazidan — viloyat markazlariga” bogʻlash tizimini tashkil etish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi, — deydi Transport vazirligi Jamoat transporti boshqarmasi boshligʻi Mirakbar Ikromov. — Jarayon avvalida mamlakatimizning barcha hududlari, mahallalar va ular tarkibidagi aholi yashash maskanlarining jamoat transporti bilan qamrab olinganligi toʻliq xatlovdan oʻtkazilib, mavjud tizim tahlil qilindi. Natijalarga koʻra, 9 406 ta mahalladan 1 113 tasi tuman markazlari bilan bogʻlanganmagani, shahar va tumanlarda 81 ta avtovokzal va avtostansiyalar hamda 2 860 ta oraliq bekatlar qurish va rekonstruksiya qilishga ehtiyoj borligi aniqlandi. Olis hududlarga qatnovchi yoʻnalishlarning aksariyati past rentabelli va norentabel boʻlgani sababli mahallalar va qishloqlarni tumanlar markazi bilan bogʻlovchi 200 dan ortiq avtobus yoʻnalishlari yopilib ketgani maʼlum boʻldi. Shundan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan norentabel yoʻnalishlarda ishlayotgan tashuvchilarga 2021-yilda 51,1 million, 2022-yilda 8,5 milliard va 2023-yilda 12,1 milliard soʻmdan ortiq subsidiya berildi. Buning natijasida hududlarda yangi yoʻnalishlar setkasi ishlab chiqilib, jamoat transporti yetib bormagan 1 081 ta fuqarolar yigʻiniga jamoat transporti vositalari harakati yoʻlga qoʻyildi.
Birgina Toshkent viloyati misolida ham ushbu ishlarning amaliy natijasini koʻrish mumkin. Toshkent tumanida yashaganim bois, 2023-yil boshida shu yerdagi Chimkent yoʻli koʻchasi boʻylab shahar yoʻnalishidagi avtobus qatnovining yoʻlga qoʻyilishi katta voqelik boʻlganini ayta olaman. Hudud aholisi, odatda, Damas avtomobilida qatnar, yoʻl haqi esa 5 ming soʻmgacha koʻtarilib ketgandi. Shahar yoʻnalishidagi avtobus narxi esa 1400 soʻm boʻlgani koʻpchilikka manzur boʻldi. Bu yoʻldan avval sira bunday katta, shinam avtobus qatnamagan. Qaysidir yillari qoʻyib berilgan avtobuslar eski, kichik va ichi tor boʻlgani, bekatlarda odam toʻlgunga qadar turgani uchun aholi qimmat boʻlsa ham Damasda qatnashni afzal koʻrgan. Bu yil nafaqat Toshkent tumani, balki viloyatning boshqa hududlariga ham yangi avtobus yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyilib, aholining quvonchiga sabab boʻldi.
— Ayni paytda Toshkent viloyati jamoat transportida 74 ta shahar yoʻnalishi mavjud boʻlib, shundan 17 tasi avtobus, 11 tasi mikroavtobus, 46 tasi Damas transport vositalaridir, — deydi viloyat Transport boshqarmasi xodimi Faxriddin Soliyev. — Hududimizda 204 ta yoʻlovchi tashish yoʻnalishlariga xizmat koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyat olib boradi. Ular tomonidan oʻtgan yili jami 6 ta avtobus va 183 ta mikroavtobus xarid qilinib, yoʻnalishga yoʻlga quyildi. Shuningdek, tegishli qarorlar asosida “Toshshahartransxizmat” AJga tegishli 160 ta Isuzu rusumli avtobus Toshkent viloyati aholisiga xizmat koʻrsatish uchun bepul topshirildi. Ayni paytda ular odamlarning uzogʻini yaqin qilmoqda.
Viloyatda avtobuslar uchun alohida yoʻlaklar tashkil etish ham boshlangan. Dastlabki harakatlar oʻtgan yilning noyabr oyida Angren shahrida olib borildi. Shaharning “Bunyodkor” koʻchasi boʻylab belgilangan yoʻnalishli transport vochitalari uchun yoʻl yotiq chiziqlari chizilib, harakatlanish tasmasi bilan ajratildi. Mazkur yoʻllarda avtobus harakatlanish yoʻnalishini bildiruvchi “A” belgilari chizildi. Maxsus avtobus yoʻlaklari Olmaliq shahri, keyinchalik, boshqa hududlarda ham tashkil etilishi belgilangan.
Viloyatda yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanuvchi 50 dan ortiq korxonada dispetcherlik xizmatlari tashkil qilingan. Kelasi yili viloyatning 7 ta shahridagi shahar ichi avtobus yoʻnalishlari dispetcherlik xizmatiga ulanadi. Qolaversa, 2024-yilda Toshkent viloyati shaharlarida avtobus yoʻnalishlarining yangi tarmogʻini joriy etish, avtomatlashtirilgan toʻlov tizimi va dispetcherlik xizmatini bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
Bari raqamlashadi
Xuddi shu vazifalar yurtimizning boshqa hududlarida ham faol amalga oshiriladi. Bu 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarorida koʻrsatilgan.
Poytaxtimiz bu borada yetakchilik qilishi, shubhasiz. Oʻtgan yilning oʻzida shahar boʻylab jamoat transporti tizimini raqamlashtirishning yangi tartib va usullari joriy etildi. Elektron toʻlovlarni ommalashtirish, yoʻlovchilar uchun qulay tariflar hamda tabaqalashgan tariflarni joriy etish kabilar shular jumlasidan. Yaʼni, jamoat transportida toʻlov tizimidan tortib, kunlik yoʻlovchi tashuvlari soni, sifatini nazorat qilishning bari avtomatlashtirilgan tizimga oʻtdi. Ayniqsa, toʻlovlarni naqd pulda emas, balki ATTO va bank kartalari orqali amalga oshirish koʻpchiligimizga qulaylik yaratayotgani rost.
— Elektron tizimlarni qoʻllashdan koʻzlangan asosiy maqsad, avvalo, shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan, — deydi Trasnport vazirligi huzuridagi “Raqamli transport markazi” davlat muassasasi direktori Shoxruz Hojiyev. — Buning xalqimiz orasida ijobiy qabul qilinib, keng ommalashayotgani zamonaviy qarashlar bilan ham bogʻliq. Hozir har sohada raqamlashtirishga oʻtish zaruratga aylangan. Xususan, 2020-yilda Toshkent shahar jamoat transportida avtomatlashtirilgan toʻlov tizimidan 45 mingdan ziyod yoʻlovchi foydalangan boʻlsa, 2023-yilga kelib ular soni 78 mingdan ziyod yoki 173,5 foizga yetdi. Tizim orqali tushayotgan tushumlar esa 28,4 milliard soʻmdan 98,6 milliard soʻmga oshdi. Ayni paytda elektron toʻlovlarning umumiy tushumdagi ulushi 60 foizni tashkil etmoqda. Demak, toʻlovlarni elektron tarzda amalga oshirish odamlar uchun qulay va ular bu afzallikdan foydalanyapti. Mana shu jihatni yanada ragʻbatlantirish maqsadida 2023-yil 1-noyabrdan boshlab Toshkent shahrida aholi uchun qulay boʻlgan yangi toʻlov tariflari joriy etildi. Unda elektron toʻlov tizimi foydalanuvchilariga ustuvorlik berilgani boisi ham shunda.
Transport kartalaridan foydalanilgan holda bir soat ichida bir yoʻnalishli yoʻlovchi transportidan boshqasiga oʻtish sonidan kelib chiqqan holda imtiyozli va bepul tarif rejalari ham mavjud. Unga koʻra, bir soat ichida uchinchi va toʻrtinchi avtobusdan foydalanish mutlaqo bepul etib belgilandi. Yoʻlkirani toʻlashda tabaqalashtirilgan tarif va elektron toʻlov tizimlarini qoʻllash xorij tajribasida ancha oldin ommalashgan. Mutaxassislar oʻsha tajribani oʻrganib, yangiliklarni joriy etayotgani samaradorlikni yanada oshirmoqda.
Poytaxtda 2023-yil 1-avgustdan boshlab 167 ta yoʻnalishdan iborat yangi yoʻnalishlar tarmogʻida toʻliq brutto-shartnoma tizimi yoʻlga qoʻyilgani ham raqamlashtirishning bir koʻrinishi. Brutto-shartnoma tizimi — bu yoʻnalishlarda cheklangan tariflarda yoʻlovchi tashish xizmatlari uchun “bosib oʻtilgan yoʻl” va “sifat” mezonlaridan kelib chiqqan holda hisob-kitob qilishni nazarda tutuvchi vakolatli organ va tashuvchi oʻrtasida tuzilgan shartnomani anglatadi.
— Ayni paytda Toshkent shahrida 167 ta yangi yoʻnalishlar tarmogʻida kuniga 1 638 ta avtobus harkat qilmoqda, — deydi “Toshshahartransxizmat” AJ rahbari Anvar Joʻrayev. — Brutto-shartnoma tizimi asosida yoʻlovchilar soni va tushumlar solishtiriladi. Olingan natijalarga koʻra, masalan, sentyabr oyida aprel oyiga nisbatan avtobus saroylarida haftalik oʻrtacha tushum 4,5 milliard soʻmdan 6,5 milliard soʻmga, tashilgan yoʻlovchilar soni esa 4,2 milliondan 5,5 milliongacha oshgan. Bunda naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushi 41 foizdan 51 foizga yetdi.
— Ilgari kunlik pul tushumi boʻyicha planimiz bor edi, — deydi haydovchi Dilmuhammad Amirqulov. — Avtobus boshqarayotgan odam rulni ushlaganidan boshlab to ishini tamomlaguniga qadar ana shu belgilangan rejani bajarish haqida oʻylardi. Bu oʻz-oʻzidan ishimizga ham xalaqit bergan paytlar koʻp boʻlgan. Sababi, jamoat transportiga turfa xarakterli odamlar chiqadi va haydovchining holati bilan hisoblashmaydi. Endi esa plan degan narsalar olib tashlandi. Elektron tizim asosida yoʻlovchilardan yoʻl haqi olish imkoni yoʻlga qoʻyildi. Oylik maoshlarimiz qariyb ikki barobar oshdi. Xullas, tizimdagi yangiliklar ham haydovchi, ham yoʻlovchi uchun qulaylik yaratmoqda.
Jamoat transporti yoʻnalishida markazlashgan dispetcherlik xizmatini joriy qilish boʻyicha ham ish olib borilyapti. Bu boradagi xorijiy hamkor esa Xitoynnig yetakchi “Magnetic North” kompaniyasidir. Ushbu dasturda yoʻnalishdagi avtobuslarni onlayn kuzatish, avtobus ish tartibi hisobini yuritish, yoʻlovchilar oqimini aniqlash, yoʻnalishlar va avtokorxonalar kesimida tahlil qilish, haydovchilarni onlayn kuzatish va haydovchi bilan VoIP tizimi orqali onlayn bogʻlanish imkoniyatlari yaratilgan. Xitoyliklar bilan birgalikda ishlab chiqilgan dastur dastlab Toshkent shahrida joriy qilindi, 2024-yilda esa barcha hududlarda tatbiq etiladi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri