Aytish joizki, mazkur yoʻnalishdagi ishlar izchillik kasb etgan. Yaʼni birgina Yunusobod tumanining Hasanboy, Hamkorobod mahallalariga ham metrogacha avtobuslar qatnovi tashkil etiladi.

— Bugungi kunda poytaxtimiz trans­port tizimi shaxsan davlatimiz rahbari eʼtiborida, — deydi Toshkent shahar transport boshqarmasi boʻlim boshligʻi Ahrolxoʻja Toshxoʻjayev. — Prezidentimiz iyun oyining oʻzida ikki marotaba ushbu masalaga doir uchrashuv oʻtkazgani ham buning tasdigʻi. Xususan, 6-iyun kuni Toshkent yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqichi qurilishini borib koʻrishi jarayonida jamoat transporti bilan yaxshi qamrab olinmagan mahallalarga 12 ta yangi avtobus yoʻnalishi ochib, metro bekatlari bilan bogʻlash, shuningdek, Toshkent viloyatidan poytaxtga kirib keluvchi 9 ta tezkor avtobus qatnovlari tashkil etilishi taʼkidlangan edi. 13-iyunda esa ushbu topshiriqlar ijrosi boʻyicha taqdimot oʻtkazildi. Oʻrganib chiqilgan 26 ta mahalladan biri — “Tiklanish”da yoʻlga qoʻyilayotgan transport qatnovi uning ijrosi hisoblanadi.

Shuningdek, poytaxtga Toshkent viloyatidan yoʻlovchilar oqimi koʻp yoʻnalishlar oʻrganib chiqilib, shahar atrofidan metropoliten bilan bogʻlovchi 9 ta ekspress yoʻnalishi yoʻlga qoʻyiladi. Gʻishtkoʻprik chegara postidan Yunusobod metro liniyasigacha, shuningdek, Toshkent viloyatining qator tumanlaridan metro bekatlariga yangi yoʻnalishlar ochiladi. Bu boʻyicha zarur hujjatlar ishlab chiqilgan. Bular, oʻz navbatida, aholining jamoat transporti uchun yoʻl haqi va vaqtini tejaydi. Shaharga kirib keluvchi yengil avtomobillar sonini 97 mingtagacha, magistral koʻchalardagi tirbandlikni esa 10 foizgacha kamaytiradi.

Tirbandlik, avtobuslar kechikishi...

Poytaxtimizda jamoat transporti tizimini rivojlantirish, yoʻlovchilarga sifatli va xavfsiz xizmat koʻrsatish, infratuzilmani yaxshilash, harakat tarkibini zamonaviy avtobuslar bilan yangilash, yoʻllarda, ayniqsa, piyodalarga qulaylik yaratish maqsadida 2022-yil 2-fevral kuni Prezidentimizning “Toshkent shahar jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ­qabul qilindi.

Bugungi kunda Toshkent shahrida ­jamoat transportida yoʻlovchilarni tashish avtobus, metropoliten, yoʻnalish­li va yoʻnalishsiz taksilarda amalga oshirilmoqda. Jamoat transportini kengaytirish maqsadidagi ishlar esa toʻrtta — magistral, bogʻlovchi, halqa hamda yetkazib beruvchi yoʻnalishlariga boʻlinadi.

— Qayd etish kerakki, hozirgi kunda poytaxt transport tizimida muammolar mavjud, — deydi A.Toshxoʻjayev. — Xususan, jamoat transporti harakat tarkiblari bir necha yillardan buyon yangilanmagan. Transportlarning tasarruf muddatlari eskirgan va yetishmaydi. Vaholanki, Toshkent — megapolis shahar. Uning hududi tobora kengayib boryapti. Bu esa jamoat transporti tizimini ham takomillashtirishni talab etadi.

Ayni paytda Toshkent shahrida avto­buslar boʻyicha 140 ta, yoʻnalish­li taksilar boʻyicha 67 ta, metropoliten boʻyicha 4 ta yoʻnalish mavjud. Hozirda avto­buslarda kuniga oʻrtacha 400 ming, metropolitenda esa oʻrtacha 380-400 ming kishi manziliga yetkaziladi. Poytaxtga kunlik kirib-chiqishlarni inobatga olsak, jamoat transportini rivojlantirish naqadar muhim ekanligini anglash qiyin emas. Shu bois, davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan qarori asosida Toshkent shahar jamoat transporti tizimini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Unga binoan, “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati korxonalari harakat tarkibi 2022-2025-yillarda 1 ming 63 ta, shu jumladan, 673 ta elektrobus bilan toʻldiriladi.

 

 

Yana bir jihat, Transport vazirligi qoshida xorijiy va mahalliy mutaxassislardan iborat “Loyiha ofisi” tashkil etilgan boʻlib, u shahar transport tizimidagi muammolarni oʻrganish va yechimini topish bilan shugʻullanadi. Oʻtgan uch oy davomida ofis tomonidan shahardagi jami 140 ta chorraha faoliyati tahlil qilindi va natijada ayni payt­da 40 ta chorrahaning oʻtkazuvchanligini oshirish choralari koʻrilyapti. Chunki tirbandlikni koʻchalarni kengaytirish bilan bartaraf etish mushkul. Aksincha, chorrahalarning oʻtkazuvchanligini oshirish orqali masalaga yechim topish mumkin.

Chindan ham, hozir poytaxtning bir nechta yirik chorrahalari parametrlari oʻzgartirilyapti. Bu — ana shu “Loyiha ofisi” mutaxassislari tavsiyalari asosida amalga oshirilayotgan ishlardir. Mutaxassislar tahlilicha, bitta chorrahadan bir soatda oʻrtacha 900 tadan ortiq avtomobil oʻtadigan boʻlsa, oʻzgarishlardan soʻng bu koʻrsatkich 1200 taga yetkaziladi.

Bundan tashqari, hozirgi kunda bir nechta yoʻnalishlarga elektrobuslar qatnovi ham yoʻlga qoʻyilmoqda. Bunday transport vositalarining hozirgi kun uchun qanchalik muhim ekanligini quyidagi raqamlar ham tasdiqlaydi. Yaʼni tahlillarga qaraganda, 130 646 kilometr masofa bosib oʻtish uchun 12 metr­lik dizel yonilgʻisida ishlaydigan “Mercedec benz-LF” avtobuslari 51,1 tonna dizel yonilgʻisi yoqib, uning natijasida atmosferaga 10,6 tonna miqdordagi zararli moddalar chiqargan boʻlar edi. Elektrobuslarda esa bu raqam nolga teng. Qolaversa, iqtisodiy xarajatda ham tafovut yuqori. Anʼanaviy bitta yoʻnalishdagi avtobuslar korxonaga bir oy ichida 200 million soʻmga yaqin zarar keltirgan boʻlsa, elektr bilan harakatlanuvchi transport, aksincha, 30 million soʻm daromad olib kelgan.

Konsepsiyadan nimalar kutilmoqda?

Bugungi kunda shaharda 4 mingdan ortiq koʻcha mavjud boʻlib, ularning uzunligi 5 ming 900 kilometrdan iborat. Poytaxt­da avtomobil transporti vositalari soni 638 ming 840 tani tashkil etib, hududlardan kuniga oʻrtacha 150 mingdan ortiq avtotransport vositalari kirib-chiqadi. Transport va piyodalar harakati 550 ta svetofor va 40 mingta yoʻl belgilari yordamida tartibga solinadi.

Toshkent shahar jamoat transporti tizimini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ana shunday miqyosdagi ishlarni yanada yaxshilashga xizmat qiladi. Zero, unda yoʻnalishdagi avtobus­larning tasarruf tezligini 17 foizga oshirish, avtobus qatnovlari muntazamligini 95 foizga yetkazish, yoʻnalish harakat intervalini 35 foizgacha qisqartirish, shahar hududlarini yoʻlovchilar transporti bilan toʻliq qamrab olish, atrof-muhitga jamoat transportining salbiy taʼsirini kamaytirish, shaharning aholi gavjum nuqtalarida yoʻlovchilarning bir transportdan ikkinchi transport turiga yoki boshqa transport yoʻnalishiga oʻrtacha 10 daqiqa ichida xavfsiz oʻtish imkoniyatini yaratish, shahar markazida harakatlanayotgan yengil avtomobillar sonini 20 foizgacha qisqartirish, umumiy yoʻlovchilar oqimining 10-15 foizini velosiped tran­sportidan foydalanishiga erishish kabi koʻplab vazifalar belgilab olingan.

Muhimi, bu boradagi ishlarga jiddiy kirishilmoqda. Muammolar tahlil qilinib, yechimlari izlanyapti. Imkoniyatlar yuzaga kelyapti.

Dilshod Ulugʻmurodov,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri