Jamoat transporti: vaqtga biriktirilgan differensial tarif rejalari aprel oyidan joriy etiladi

    Transport 24 Fevral 2023 1143

    Taʼrifga koʻra bir soat ichida avtobusdan avtobusga birinchi marta oʻtish 70 foizgacha arzonlashadi.

    Bu haqda AOKAda Transport vazirligi, “Toshshahartransxizmat” AJ mutasaddilari ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi:

    Jamoat transportining jozibadorligini taʼminlash, yoʻnalishlarda barqaror harakat tezligini taʼminlash, aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida vaqtga briktirilgan differensial tarif rejalari aprel oyidan joriy etiladi.

    Bunda:

    — bir soat ichida avtobusdan avtobusga birinchi marta oʻtish 70 foizgacha arzonlashadi;

    — ikkinchi va keyingi oʻtishlar yoʻlovchi uchun bepul boʻladi;

    — avtobusdan metroga yoki metrodan avtobusga oʻtishda tarif 30 foizgacha arzonlashadi.

    Shu bilan birga jamoat transportidan kunlik aktiv foydalanuvchilar uchun bir kunlik limitsiz tariflar joriy etiladi.