Mamlakatimizda jamoat xavfsizligini taʼminlashni takomillashtirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Jumladan, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashish, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan samarali ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Shu maqsadda “Xavfsiz shahar”, “Obod va xavfsiz mahalla”, “Xavfsiz hudud” kabi loyihalar ijrosiga katta eʼtibor qaratilmoqda.

2020-yilda 4 ming 500 dan ziyod mahallada birorta ham jinoyat sodir etilmagani mamlakatimizda jamoat xavfsizligini taʼminlash va huquq­-tartibot ishlari yaxshilanib borayotgani, fuqarolarda qonunlarga itoat shakllangani, aholi tinchligi va osoyishtaligiga jiddiy eʼtibor qaratilayotganidan dalolat beradi. Ammo ayrim mahallalarda jinoyatlar soni oshgani bu boradagi faoliyat samaradorligi yetarli emasligini koʻrsatadi.

Shu yil 29-noyabrda Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora­-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilinishi jamoat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan tizimli chora­-tadbirlarning mantiqiy davomi boʻldi.

Farmonda Oʻzbekiston Respublikasida jamoat xavfsizligi konsepsiyasi, 2022–2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimini rivojlantirish strategiyasi, ushbu strategiya boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2023-yildan boshlab har yili manzilli chora-­tadbirlar dasturini tasdiqlash tadbirlari belgilangani alohida diqqatga sazovor. Shuningdek, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatining Milliy gvardiyaga berilishi, tumanlararo patrul­post xizmati boʻlinmalarini tashkil etish, mahallalarda profilaktika inspektorlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarning maqbullashtirilishi jamoat xavfsizligini taʼminlashda muhim rol oʻynaydi.

Ushbu konsepsiyaning asosiy maqsadi aholi tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, fuqarolarda qonunga itoatkorlik va jamoat xavfsizligi madaniyatini shakllantirish, “Xalq manfaatlariga xizmat qilish” tamoyilini amalga oshirish hisoblanadi. Bu maqsadga erishish jamoat xavfsizligini taʼminlashning yaxlit tizimini ishlab chiqish, huquqbuzarliklarning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni ochish va tergov qilish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar boʻlinmalarining kasbiy tayyorgarligini yuksaltirish asosida amalga oshiriladi.

2021-yil 12-fevral kuni Prezidentimiz raisligida jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish masalasida Ichki ishlar vazirligi hayʼatining kengaytirilgan yigʻilishi bayonida kriminogen vaziyati ogʻir boʻlgan mahallalarda jinoyatchilik sabablarini ilmiy diagnoz qilish asosida aniqlash hamda sektor rahbarlari, mahalla raislari va profilaktika inspektorlari uchun “fuqarobay” ishlash metodikasini yaratish vazifasi qoʻyilgan edi.

Ushbu yigʻilishda huquq-­tartibot idoralari, xususan, ichki ishlar organlari hali xalqchil tuzilmaga, fuqarolarning chinakam himoyachisiga aylanmaganiga eʼtibor qaratildi. Jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini taʼminlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi yoʻnalishidagi ishlar tanqidiy tahlil qilindi.

Jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida konsepsiyada belgilangan vazifalar fuqarolarning huquq va erkinliklariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, koʻzlangan maqsadga erishish uchun yanada qulay sharoit yaratish, “Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz turizm”, “Obod va xavfsiz mahalla” konsepsiyalarini amalga oshirish maqsadida zamonaviy texnika va texnologiyalar, jalb etilayotgan kuch va vositalarni boshqarishning axborot-­kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan markazlashgan yangi tizimini shakllantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, Milliy gvardiya organlarining jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash faoliyati, xususan, transport xavfsizligi, turizm xavfsizligi, ommaviy tadbirlar, favqulodda vaziyatlar sharoitida jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash va shu kabi boshqa dolzarb mavzularda ilmiy­tadqiqotlar oʻtkazish, patrul­post, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, xavfsiz turizm, transport xavfsizligi faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha malakali mutaxassis kadrlar tayyorlashni takomillashtirishga zamin yaratadi.

Shuningdek, farmonda belgilangan chora­-tadbirlarning amaliyotga tatbiq etilishi davlat obyektlari, oʻta muhim, toifalangan obyektlar, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-­mulkini qoʻriqlash, jamoat tartibini saqlash, jumladan, ommaviy tadbirlar, mitinglar, yigʻilishlar, namoyishlar oʻtkazilayotganda hamda fuqarolar gavjum boʻladigan joylarda jamoat tartibini saqlashga yordam beradi. Qoʻriqlanadigan shaxslarning xavfsizligini taʼminlash, chet davlatlarning rasmiy vakillarini, oliy darajadagi xorijiy delegatsiyalarni kutib olish va kuzatib qoʻyish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokidagi tantanali tadbirlarda rasmiy marosimlarni oʻtkazish, huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qoʻyish kabi vazifalarni hal etishga koʻmak beradi.

Shu bilan birga, jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlashning mustahkam, zamon talablariga moslashuvchan boʻlgan samarali mexanizmini yaratish, oʻz navbatida, mazkur faoliyatning nazariy asoslari tahlil etilishini taqozo qiladi. Shu maʼnoda, Jamoat xavfsizligi asoslari fanining kiritilishi bu yoʻnalishda sifatli kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Muxtasar aytganda, “Oʻzbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-­tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon jamoat tartibi va xavfsizligini mustahkamlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash samaradorligini takomillashtirish, yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayonida tinchlik­xotirjamlik, xavfsizlikni taʼminlash, millatlararo totuvlik va ijtimoiy adolatni yoʻlga qoʻy ish, bagʻrikenglik, yurtimizda adolatli demokratik huquqiy davlat qurish va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etishda muhim amaliy ahamiyat kasb etadi.

Muhammadi Usmonov,

Yuriy Poʻlatov,

Oʻzbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi universiteti professorlari,

yuridik fanlar doktorlari