2021-yil 3-fevraldagi Prezident farmoni bilan tasdiqlangan “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi 273 ta banddan iborat boʻlib, shundan fevral oyida 7 ta band, mart oyida 34 ta band boʻyicha vazifalar ijrosi koʻzda tutilgan va ulardan 19 ta band ijrosi taʼminlangan.

Rejaga koʻra, joriy yil 26-martda Davlat dasturining ijrosi yuzasidan navbatdagi jamoatchilik eshituvi tashkil etildi. Tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari, Innovatsion rivojlanish, Moliya, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Sogʻliqni saqlash, Xalq taʼlimi vazirliklari hamda Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi vakillari amalga oshirilgan ishlar boʻyicha batafsil axborotlar taqdim etdi.

Davlat dasturining 150-bandiga muvofiq, davlat mablagʻlari hisobidan ishsiz fuqarolar, kambagʻal oila aʼzolariga ularning bandligini taʼminlash va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash uchun berilayotgan moddiy yordam va subsidiyalar samaradorligini oshirish maqsadida ijtimoiy kontrakt tizimini joriy etish belgilangan.

Adiba Nuriddinova, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarma boshligʻi:

— Qator davlatlar tajribasida bu tartib koʻp yillardan beri amalda va oʻz samarasini bergan. Oʻtgan yili davlat rahbari Oʻzbekistonda ham uni joriy qilish tashabbusini ilgari surdi. Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan ajratiladigan subsidiya, grant va yordam pullarini eksperimentga kiritish maqsadga muvofiq deb topildi. Hozirda jismoniy shaxslarga beriladigan 10 dan ziyod subsidiyalar mavjud. Qolaversa, band boʻlmagan fuqarolarga ishsizlik nafaqasi ham berilmoqda. Ushbu mablagʻlarning toʻgʻri, manzilli sarflanishini taʼminlash maqsadida endilikda ijtimoiy kontrakt tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Tizim joriy yilning 1-dekabriga qadar respublikaning 28 ta hududidagi bitta tuman va bitta shaharda aprobatsiyadan oʻtkaziladi. Bugungi kunda normativ hujjat loyihasi tayyorlangan. Bularning bari eng avvalo, yurtimizda kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan.

Ijtimoiy kontrakt tizimi qanday ishlaydi? U bekor qilinishi ham mumkinmi? Maʼlum qilinishicha, fuqarolarning mahalladagi mehnat inspektori yordamchisiga subsidiya soʻrab qilgan murojaati 3 kun ichida koʻrib chiqiladi va oʻzaro ijtimoiy kontrakt tuziladi. Bir oydan soʻng inspektor yordamchisi monitoring qiladi. Bunda agar ajratilgan subsidiya tashqi omillar sababli natija bermasa, uni boshqa yoʻnalishga yoʻnaltirish taklif etiladi. Agar samarali foydalanmaslik fuqaro tomonidan yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, shartnoma bekor qilinishi mumkin. Bu davlat mablagʻlarining maqsadsiz sarflanishining oldini oladi.

Maʼlumot uchun: Oʻtgan yilning yanvar-fevral oylarida 10 ming fuqaroga ishsizlik nafaqasi belgilangan. Bu yil mos davrda 33 ming nafar fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlangan.

Davlat dasturining 166-bandiga muvofiq, hududlarda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ilm-fanga keng jalb qilish, nufuzli ilmiy maktablarni shakllantirish, ularning ilmiy salohiyatini oshirish, soddalashtirilgan tartibda yoshlarning ilmiy va startap loyihalarini moliyalashtirish maqsadida ilmiy dasturni amalga oshirish belgilangan. Shundan kelib chiqib, hozirda “Yoshlarning ilmiy laboratoriyalardan jamoaviy foydalanish boʻyicha mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun 16-fevralda Adliya vazirligiga kiritilgan.

Olimjon Toʻychiyev, Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari:

— Yoshlarni tizimli ravishda ilm-fanga jalb qilish masalalarida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasi tashkil qilindi. Lekin shunga qaramasdan yoshlarni ilm-fan bilan qamrovi mavjud salohiyatdan birmuncha past darajada qolmoqda. Vaziyat tahlili shuni koʻrsatdiki, yosh olimlarimizning ilmiy-tadqiqot faoliyatini, startap loyihalarini moliyalashtirishga qoʻyiladigan talablar bir necha yillardan buyon mazkur faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgan tajribali olimlarga qoʻyilgan talablarga juda yaqin. Shundan kelib chiqib, yosh olimlarga qoʻyiladigan talablar ularning imkoniyatlariga monand ravishda qayta koʻrib chiqilib, diversifikatsiya qilindi. Davlat dasturining mazkur bandi Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda Oʻzbekistonda olimlarning oʻrtacha yoshini maqbul darajaga keltirishga qaratilgan. Yaʼni bugungi kunda Oʻzbekistonda olimlarimizning oʻrtacha yoshi 50 yoshdan baland boʻlib, jahondagi oʻrtacha koʻrsatkichlardan birmuncha baland hisoblanadi. Ushbu vazifani bajarish maqsadida Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilgan boʻlib, unda 3 ta — “Akademik harakatchanlik” dasturini shakllantirish, amalga oshirish, moliyalashtirish va monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi, “Boʻlajak olim” tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi va Yosh olimlarni yetakchi ilmiy tashkilotlarda qisqa muddatli ilmiy stajirovkalar oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihalarini tasdiqlash nazarda tutilgan.

Taʼkidlanishicha, magistraturaga ajratilgan kvotalar miqdorini 30% darajada belgilash masalasi koʻrib chiqilmoqda. Bu orqali 130 dan ortiq oliy taʼlim muassasalari va respublikamiz iqtisodiyotiga zarur boʻlgan ilmiy kadrlarni yetkazib berish imkoni paydo boʻladi.

Davlat dasturining 184-bandiga muvofiq, aholiga davlat tomonidan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari bilan kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish belgilangan.

Qayd etilishicha, kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar paketiga tez tibbiy yordam, sanitar aviatsiya, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, oila shifokori yoʻllanmasi va tor soha mutaxassislari koʻrsatmasiga muvofiq koʻrsatiladigan konsultativ-diagnostik yordam, kunduzgi statsionarda koʻrsatiladigan (shifoxona oʻrnini bosuvchi) yordam, statsionar yordam, tibbiy koʻrsatmaga asosan qon va uning komponentlari bilan taʼminlash, tibbiy reabilitatsiya, aholining ayrim qatlamlariga koʻrsatiladigan palliativ yordamlar kiradi.

Zohid Ermatov, Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi direktorining birinchi oʻrinbosari:

— Bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi aholi sogʻligʻini saqlash maqsadida davlat tomonidan tasdiqlanadi. Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi Sirdaryo viloyatidagi tibbiyot muassasalari bilan shartnoma tuzish orqali kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlarni sotib oladi. Uning isteʼmolchisi esa aholi hisoblanadi.

Joriy yilda Sirdaryo viloyatida eksperiment tariqasida elektron sogʻliqni saqlash tizimi joriy etilmoqda. Bunda har bir bemorga tibbiy kartalar ochish, xizmat koʻrsatish elektron tarzda boʻladi. Bu maqsadlarga byudjetdan 28 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan.

Davlat dasturining ijrosi muntazam ravishda jamoatchilik eʼtiborida boʻlishi, bu borada jamoatchilik nazorati tadbirlari doimiy davom ettirilishi qayd etildi.

Maʼlumki, Davlat rahbari tomonidan Oʻzbekiston xalqi va Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida qonun hujjatlari ijrosini tashkil etishda jamoatchilik ishtiroki va nazoratini keng yoʻlga qoʻyish, jumladan, “jamoatchilik eshituvlari” va “jamoatchilik monitoringi” tizimini joriy qilish yuzasidan topshiriqlar berilgan edi. Belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida “Jamoatchilik.uz” platformasi ishga tushirildi, deb xabar beradi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.