Mazkur tadbir tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini koʻpaytirish maqsadida “2017–2021-yillarda uglevodorodlar qazib chiqarishni koʻpaytirish Dasturi” doirasida “Janubiy Kemachi” konidagi 4-sonli kirish tarmogʻi blokidan “Janubiy Kemachi” siquv kompressor stansiyasi va “Koʻkdumaloq” siquv kompressor stansiyasigacha boʻlgan tabiiy gaz quvurida montaj ishlarini amalga oshirishga qaratilgan.
Gaz quvurini qurish loyihasi bosh pudratchi “ERIELL Oilfield Services Middle East DMCC” kompaniyasi tomonidan olib borilyapti.
Mazkur gaz quvurining ishga tushirilishi natijasida “Janubiy Kemachi” konidagi past bosimli quduq gazlarini alohida quvurlar orqali siquv kompressor stansiyalariga uzatish imkoniyati yaratilib, kunlik tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi koʻpayishiga erishiladi.
Bundan tashqari, ushbu gaz quvurlariga parallel ravishda “Janubiy Kemachi” konidagi 2-, 2R-, 4-, 5 va 6-sonli kirish tarmoqlar bloklarida separator va sigʻimlar oʻrnatish boʻyicha ham qurilish-montaj ishlari yakuniy bosqichda olib borilayotgan boʻlib, bu esa, oʻz navbatida quduqlardan qazib chiqarilayotgan tabiiy gazni dastlabki tayyorlash imkonini beradi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Janubiy Kemachi” koni Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumani hududida joylashgan boʻlib, 1980-yilda ishga tushirilgan.