“Janubiy Koreya – Oʻzbekiston” parlament doʻstlik assotsiatsiyasida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

    Xalqaro hamkorlik 22 Iyul 2022 1298

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreya Milliy assambleyasi “Janubiy Koreya – Oʻzbekiston” parlament doʻstlik assotsiatsiyasi raisi Pak Kvang On bilan uchrashdi.

    Suhbatda Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlari har tomonlama rivojlanib borayotgani, turli darajalarda, shu jumladan parlamentlararo hamkorlik yoʻnalishida ham samarali siyosiy muloqot va aloqalar faol davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Oʻzbekiston-Janubiy Koreya munosabatlarini mustahkamlashda parlamentlararo doʻstlik guruhlari muhim oʻrin tutadi. Davlat boshqaruvini isloh qilish, fuqarolik jamiyati, gender masalalari, taʼlim va hududlarni rivojlantirishga doir qonun ijodkorligi masalalarida tajriba almashishda mazkur guruhlarining oʻrni katta.

    Oʻtgan yil iyun oyida parlamentlararo doʻstlik guruhlarining navbatdagi uchrashuvi onlayn shaklda boʻlib oʻtdi. Muloqot chogʻida doʻstlik guruhlarining navbatdagi yigʻilishini joriy yil avgust oyida Toshkent shahrida oʻtkazishga kelishib olindi. Shuningdek, qoʻshma dastur va loyihalarni ilgari surishning yangi institutsional mexanizmlarini joriy qilish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.

    Muloqot davomida Janubiy Koreya vakillariga Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar, xususan, inson huquqlari, ijtimoiy davlat, yoshlar masalalari boʻyicha kiritish taklif qilinayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot taqdim etildi.

    “Janubiy Koreya – Oʻzbekiston” parlament doʻstlik assotsiatsiyasi raisi Oʻzbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarni qoʻllab-quvvatladi.

    “Asosiy qonunga kiritish taklif etilayotgan oʻzgartishlarda “Oʻzbekiston-ijtimoiy davlat” tamoyilini amalga oshirish boʻyicha konstitutsiyaviy normani belgilash masalalariga alohida eʼtibor qaratilayotgani Oʻzbekistonda “inson-jamiyat-davlat” tamoyilining amalda oʻz ifodasini topishi uchun huquqiy asos boʻladi”, — dedi Pak Kvang On.

    Tomonlar konstruktiv va amaliy ruhdagi muloqotlarni izchil davom ettirishga, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil boʻlayotgan parlamentlararo hamkorlikni hamda doʻstlik guruhlari oʻrtasidagi aloqalarni yanada kengaytirishga kelishib oldi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.