Janubiy Koreya hukumati COVID-19 ga qarshi kurashish uchun Oʻzbekistonga 5 million dollar ajratmoqda

    Xalqaro hamkorlik 29 Iyun 2020 1234

    Bugun Janubiy Koreya hukumati Oʻzbekistonda COVID-19 ga qarshi qarshi kurashish uchun 5 million dollar miqdorda shoshilinch yordam koʻrsatish toʻgʻrisida qaror qabul qildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri Koreya Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi maʼlumotlariga tayanib.

    Shu munosabat bilan Koreyaning Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning Toshkentdagi vakolatxonasi va Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi oʻrtasida ushbu dasturni imkon qadar tezroq amalga oshirish uchun oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash rejalashtirilmoqda.

    Ushbu qoʻllab-quvvatlash doirasida COVID-19 tarqalishiga qarshi kurashish, jumladan, tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, professional xodimlar, asosan tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, COVID-19 haqida maʼlumot beruvchi mobil ilovalarni ishlab chiqish va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini taʼminlash kabi turli xil tadbirlar amalga oshiriladi.

    Eslatib oʻtamiz, koronavirus infeksiyasi tarqalishining dastlabki bosqichida ham Koreya Respublikasi Oʻzbekistonga yordam koʻrsatgan edi. Xususan, professor Soy Chje Uk va Yun Sing Ju mamlakatga maslahatchi sifatida yuborilib, mahalliy mutaxassislarga epidemiyaga qarshi kurashishda yordam berishgan.

    Aprel oyining oxirida respublikaga umumiy qiymati 250 ming AQSh dollariga teng diagnostika toʻplamlari taqdim etildi. Iyulda 300 ming dollardan ortiq qiymatga ega 35 million dona niqob yuborish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, KOICA, Koreya xalqaro sogʻliqni saqlash va tibbiyot jamgʻarmasi (KOFIH), Koreya suv resurslari korporatsiyasi (KWRC) va Koreyaning yer va uy-joy korporatsiyasi (LH) kabi tashkilotlar oziq-ovqat va tibbiyot buyumlarini aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga yetkazib berishni ham qoʻllab-quvvatlashmoqda.