Janubiy Koreya kompaniyasi Oʻzbekistonda uchta yirik loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda

    Investitsiyalar 10 Fevral 2021 1389

    Janubiy Koreya kompaniyasi kelgusida Oʻzbekistonda uchta loyiha – Qoʻqon City, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligida yagona boʻlgan loyiha instituti va 800 million dollarlik golf kompleksi loyihalarini amalga oshiradi.

    Oʻzbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi Vitaliy Fen “Hanshin Engineering & Construction Co., Ltd” kompaniyasi raisi Choi Ëng Son bilan uchrashdi.

    Maʼlum qilinishicha, uchrashuvda Janubiy Koreya kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladigan qator investitsiya loyihalari muhokama qilingan. Xabarda Janubiy Koreya kompaniyasi Oʻzbekistonda uchta loyiha – Qoʻqon City, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligida yagona boʻlgan loyiha instituti va 800 million dollarlik golf kompleksi loyihalarini amalga oshirishi aytilgan.

    Shuningdek, kompaniya Qurilish vazirligi bilan “Qishloqqurilishloyiha”, “Toshuyjoyliti” MCHJ va “Oʻzogʻirsanoatloyiha” AJ bazasida qoʻshma loyiha institutini qurish masalasini koʻrib chiqayotgani qayd etilgan. Ushbu institut MDHda yagona loyihaga aylanadi.

    Bundan tashqari kompaniya tomonidan Qoʻqon shahrida 34 gektar maydonga Qoʻqon City turar joy majmuasi quriladi. Buning uchun kompaniya vakillari 2020-yil noyabrda Fargʻonaga tashrif buyurgan va uy-joy ichki bozorini oʻrganib, qurilish materiallari yetkazuvchilari bilan muzokaralar oʻtkazgan.

    Uchrashuvda Samarqand viloyatida golf maydoni qurish loyihasi yuzasidan kelishuvlar tuzilgan. Unga koʻra, 270 gektar ajratiladigan maydonning 194 ga qismiga golf maydoni va unga tashrif buyuruvchilar uchun turarjoy, 6 gektarga xalqaro maktab, 7 gektarga savdo-koʻngilochar markaz, shuningdek, 55 gektarga koʻp qavatli uy-joylar quriladi.

    Ushbu loyiha konsepsiyasi 2019-yilda viloyat hokimi Erkin Turdimov va Investitsiyalar va Tashqi savdo vazirligiga taqdim qilingan.