Bugun Oʻzbekistonning Seuldagi elchisi Vitaliy Fen Janubiy Koreyaning “BOMI Engineering & Construction Co., Ltd.” kompaniyasi raisi Kim Dok Yongni qabul qildi.

Muloqotda Kim Dok Yong boshchiligidagi delegatsiyaning 14-15-aprel kunlari Oʻzbekistonga tashrifi yakunlari muhokama qilindi.

Kim Dok Yong Oʻzbekiston rahbariyatiga “Tashkent City” xalqaro biznes markazi hududida “BOMI Financial Center” koʻp qavatli bino qurilishini amalga oshirishda koʻrsatilayotgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi. U Toshkent shahrida hukumat ishchi guruhi aʼzolari bilan boʻlib oʻtgan muzokaralar yakunlarini mamnuniyat bilan qayd etdi. Ushbu uchrashuv davomida tomonlar “Tashkent City” hududida “BOMI Financial Center” qurilishini jadallashtirish boʻyicha kelishuvga erishdi va birgalikda oʻtkaziladigan tadbirlarning aniq muddatlarini kelishib oldi.

Kim Dok Yong Seulga qaytgach, Oʻzbekistondagi loyiha doirasida barcha jarayonlarni tezlashtirish uchun mutaxassislar guruhini tuzganini maʼlum qildi. Pandemiyaga qaramay, kompaniya vakillari Toshkentga tashrifdan soʻng erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida bajarish uchun qoʻshimcha mablagʻlarni jalb qildi. Ayni paytda, Oʻzbekiston vakillari ham obyekt qurilishida faol ish olib boryapti.

“BOMI Engineering & Construction Co., Ltd.” raisi yana bir bor kompaniya Toshkentda eng zamonaviy va yuqori texnologik bino qurishga tayyor ekanini tasdiqladi. Kim Dok Yong “Tashkent City”dagi “BOMI Financial Center” Janubiy Koreya va Oʻzbekiston oʻrtasida mustahkamlanib borayotgan doʻstlik ramziga aylanishini taʼkidladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.