Janubiy Koreya Oʻzbekistonda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshiradi

    Xalqaro hamkorlik 1 Fevral 2023 1961

    Joriy yil 31-yanvarda Toshkent shahrida xorijiy mutaxassislar ishtirokida seminar boʻlib oʻtdi.

    Tadbir Koreyaning iqtisodiy innovatsion hamkorlik boʻyicha “EIPP” (The Economic Innovation Partnership Program) dasturining Oʻzbekistondagi loyihalari doirasidagi olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi chora-tadbirlarni ishlab chiqishga bagʻishlandi.

    Seminarda Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi, Eksimbanki, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasining tegishli vazirlik va idoralari vakillari, yetakchi konsalting kompaniyalari mutaxassislari ishtirok etdi.

    Tadbir davomida EIPP loyihalari doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning borishi, jumladan, fotoelektr panellar ishlab chiqarish va yarimoʻtkazgichli elektronika boʻyicha innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish klasterini yaratish kabi yoʻnalishlar taqdim etildi. Muhokama davomida kelgusidagi amaliy harakatlar, jumladan, yangi istiqbolli loyihalar boʻyicha loyiha oldi hujjatlarini birgalikda ishlab chiqishga doir amaliy choralar ishlab chiqildi.

    Seminar yakunida ishtirokchilar kelgusidagi hamkorlik formatini belgilab, 2023-yilga moʻljallangan Dasturni amalga oshirish doirasida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.