Maʼlum boʻlishicha, Namangan shahridagi xususiy bandlik agentligining norasmiy ishchisi Toʻraqoʻrgʻon tumanida yashovchi 4 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni tanishlari orqali Janubiy Koreyaga ishga joylashtirish evaziga har biridan 2000 AQSH dollari talab qilgan. U oldindan 1000 dollar olgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan qoʻlga olingan.
Boshqa holatda esa Namangandagi turistik firma rahbari oʻz hamshaharini Slovakiyaga ishga joʻnatishni vaʼda qilib, 40 million soʻm talab qilgan va oldindan 600 AQSH dollari hamda 2,8 million soʻm olgan vaqtida ushlangan.
Tekshiruvlar natijasida, mazkur shaxs avval ham firibgarlik bilan bogʻliq jinoyat uchun sudlangani maʼlum boʻldi.
Hozirda har ikki holat boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.









