Joriy yil 21-fevral kuni Janubiy Koreyada qiyin vaziyatga tushib qolgan 23 yoshli vatandoshimiz T.A. “Koreyadagi oʻzbekistonliklar uyushmasi”ga koʻmak soʻrab murojaat qildi.
Hamyurtimiz bilan oʻtkazilgan muloqotda u ogʻir moliyaviy ahvolda hamda Janubiy Koreya hududida vizasiz qolgani, tibbiy koʻrikdan oʻtishga muhtojligi va ayni paytda ishga layoqatsiz ekanligini maʼlum qilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, vatandoshimizga “Koreyadagi oʻzbekistonliklar uyushmasi” tomonidan amaliy koʻmak koʻrsatildi. Hamyurtimiz uyushma qoshida 2021-yilda tashkil etilgan “Umid” ijtimoiy taʼminot markaziga vaqtincha istiqomat qilish uchun joylashtirilib, unga zarur boʻlgan buyumlar xarid qilindi.
Ayni paytda uyushma masʼullari vatandoshimizga bepul tibbiy xizmat koʻrsatish uchun Janubiy Koreyadagi shifoxonalar bilan muzokaralar olib bormoqda.
Maʼlumot oʻrnida qayd etish joizki, Janubiy Koreyadagi koʻp sonli vatandoshlar tashabbusi hamda ushbu davlatdagi diplomatiya vakolatxonamiz koʻmagi bilan tashkil etilgan “Koreyadagi oʻzbekistonliklar uyushmasi” 2020-yil 27-avgust kuni rasman roʻyxatdan oʻtgan.
Hozirgi kunga qadar uyushma tomonidan vatandoshlarimizga turli sohalarda yordam koʻrsatib kelinmoqda. Ular imtiyozli shartlarda yuridik xizmatlar koʻrsatish, Janubiy Koreya shifoxonalarida ortopedik jarrohlik boʻyicha bepul davolanish, talabalar uchun shaxsiy sugʻurta boshqa qirralarni qamrab olgan.