Tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlar siyosati, yosh avlod vakillari salohiyatini namoyon etish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida soʻz yuritildi. Davlatimiz rahbarining 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida»gi farmonining mazmun-mohiyati tushuntirib berildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlat dasturida belgilangan tadbirlar va dolzarb vazifalar mamlakatimizning demokratik islohotlar yoʻlidan izchil borayotganining yaqqol tasdiqlashi tadbir ishtirokchilari tomonidan eʼtirof etildi.
Yil dasturining qamrovi va koʻlami kengligi, unda rejalashtirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga qariyb 30 trillion soʻmga yaqin, 2 milliard 600 million dollardan ziyod va 57,5 million yevro miqdoridagi mablagʻ yoʻnaltirilishi taʼkidlandi.
“Davra suhbati”da, shuningdek, joriy yil 10-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Davlat dasturi ijrosini samarali tashkil etish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi yakunlari boʻyicha ham maʼlumot taqdim etildi.
Tadbir ishtirokchilari oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi.