Janubiy Koreyadagi vatandoshimiz Oʻzbekistonda eletroskuterlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyadi

    Biznes 18 Oktabr 2021 912

    Oʻzbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi “Oltin daftar”ga kiritilgan fargʻonalik yurtdoshimiz mamlakatimizda oʻzining tadbirkorlik faoliyati koʻlamini kengaytirmoqda.

    Koreya Respublikasida faoliyat yuritayotgan tadbirkor yurtdoshlarimiz bilan elchixona tomonidan olib borilayotgan muntazam muloqot vatandoshlarimizning mamlakatimizda investitsiya loyihalarini amalga oshirish va tadbirkorlik faoliyatini keng yoʻlga qoʻyish hamda kengaytirish borasida koʻplab rejalari borligini namoyon etmoqda. Vatandoshlarimizning rejalari nafaqat yagona loyihani amalga oshirish, balki koʻplab sohalarni rivojiga hissa qoʻshish orqali yangi ish oʻrinlarini yaratishni koʻzda tutadi.

    Ana shunday vatandoshlarimizdan biri fargʻonalik U.Azimov Fargʻona shahrida oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyganini maʼlum qildi. Tadbirkor 2012-yilda Koreya Respublikasiga tahsil olish maqsadida kelgan. Janubiy Koreyaning nufuzli oliy oʻquv yurtlarining xalqaro marketing va keyinchalik global biznes yoʻnalishlari boʻyicha bakalavr va magistrlik darajalarini tamomlagan. 2018-yildan boshlab esa xorijiy komaniyalarning Janubiy Koreyadagi filiallarida faoliyat olib borish bilan oʻz malakasini oshirib borgan, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

    - Janubiy Koreyada faoliyat yuritib borishim davomida oʻz yurtimizda ham tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyishni oldimga maqsad qilib qoʻygan edim. Biz oilamiz bilan kelishgan holda shaharning gavjum hududlaridan birida mahalliy ruhdagi hamda milliy taomlardan iborat boʻlgan umumiy ovqatlanish maskanini barpo etishga kirishdik, - dedi U.Azimov. - Dastlab ushbu faoliyatimizni kichikroq maydonda tashkil etib, keyinchalik uni kengaytirishga ham erishdik. Hozirda 15 sotix maydondan iborat hududda “Osh markazi”ni tashkil etib, shahar aholisi va mehmonlari uchun xizmat koʻrsatib kelayapmiz. Unda, asosan, xalqimiz tomonidan sevib tanovvul qilinadigan milliy taomlarimizdan osh va shoʻrva mijozlarga taklif qilinmoqda. Shuningdek turli xil kabob taomlarini ham taomnomamiz roʻyxatiga qoʻshish nazarda tutilmoqda. Ayni paytda markazda 30 ga yaqin mahalliy aholining bandligi taʼminlangan.

    Ushbu tadbirkor vatandoshimiz mazkur loyihasi bilan bir qatorda oʻzining tadbirkorlik koʻlamini kengaytirishni ham maqsad qilib qoʻyganini, hozirda yangi turdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida tegishli hisob-kitob ishlarini olib borayotganligini maʼlum qildi. Aniqrogʻi mamlakatimiz poytaxtida eletroskuterlarni ishlab chiqarish va ijaraga berish faoliyatini keng yoʻlga qoʻyishni rejalashtirayotganini taʼkidladi.

    - Loyihalar koʻlamini kengaytirish maqsadida yaqin vaqtda Oʻzbekistonga borib, elektroskuterlarni mamlakatimizda yigʻish uchun zarur yer maydonlarini aniqlashni rejalashtirganman, - dedi vatandoshimiz. - Mahsulotning mahalliylashtirish darajasini oshirish va tannarxini imkon qadar kamaytirish maqsadida, eletrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi mahalliy tadbirkorlar bilan ham muzokaralar oʻtkazish niyatidamiz. Bu, oʻz navbatida, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab quvvatlash va mijozlarga yuqori boʻlmagan narxlarda mahsulotlarimizni taklif qilish imkoniyatini yaratib berishiga ishonaman.

    Mazkur muloqotlar jarayonida tadbirkor vatandoshlarimizga ularning biznes rejalarini imkon qadar samarali amalga oshirishini taʼminlash maqsadida yurtimizda soʻnggi yillarda tadbirkorlik uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha tegishli maʼlumotlar toʻliq yetkazib berilmoqda. Shuningdek, elchixona tomonidan mahalliy hokimiyatlar, vazirliklar va tadbirkor yurtdoshlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik muntazam ravishda davom ettirilyapti.

    Vatandoshlarimiz tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan investitsiya loyihalari va tadbirkorlik faoliyatlari albatta mamlakat, avvalambor oʻsha hudud iqtisodiy-ijtimoiy ravnaqi yoʻlida xizmat qilishi alohida taʼkidlanmoqda.