Muloqot chogʻida dunyo boʻylab sayyohlik tashriflarining tiklanib borayotganini inobatga olib, Janubiy koreyalik turistlarni Oʻzbekistonga jalb qilish ishlarini tizimli va faol yoʻlga qoʻyish boʻyicha fikr va mulohazalar almashildi.

Xususan, Kyonggi universiteti professori Oʻzbekistonning qadimiy tarixi, rivojlanib borayotgan zamonaviy infratuzilmasi va mehmondoʻst oʻzbek xalqining boy madaniy anʼanalari xorijiy turistlarni mamlakatga jalb qiluvchi muhim omillar ekanini taʼkidladi. Turizm sohasini takomillashtirish, ushbu yoʻnalishdagi malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar, jumladan, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-yilda tashkil etilgan Samarqand shahridagi “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meʼros universiteti faoliyati yuqori baholandi.

Uchrashuvda Samarqand xalqaro turizm va madaniy meʼros universiteti bilan Kyonggi universiteti ishtirokida qoʻshma taʼlim dasturlarini ishlab chiqish, oliy bilim yurtlari professor va talabalari oʻrtasida ilmiy almashinuvlarni yoʻlga qoʻyish va boshqa oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarda hamkorlik oʻrnatish masalalari muhokama qilindi. Shu maqsadda tez orada elchixona koʻmagida ushbu oliy taʼlim maskanlari vakillari orasida onlayn-muloqot tashkil etishga kelishib olindi.

Shuningdek, Kyonggi universitetining turizm sohasidagi uzoq yillik tajribasi va turizm sanoati vakillari bilan yaqin aloqalarini ishga solgan holda, Janubiy Koreyaning yirik sayyohlik agentliklari hamda OAV vakillarini Oʻzbekistonda oʻtkazilishi rejalashtirilgan xalqaro sayyohlik yarmarkalari va koʻrgazmalariga jalb qilish boʻyicha doimiy ravishda hamkorlikni amalga oshirishga kelishildi.