Muloqot chogʻida mazkur muzey mutaxassislari bilan tarixiy va madaniy meros obyektlarini asrash, ommabop koʻrgazmalar tashkil etish va boshqa yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligini keng nishonlash doirasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan ham oʻzaro fikr almashildi.
Uchrashuvda Samarqand shahridagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti kutubxonasi fondini boyitish uchun Koreya Milliy muzeyi tomonidan tayyorlangan kitob va qoʻllanmalar toʻplami taqdim etildi.
Muzey mutaxassislari tomonidan maʼlum qilinishicha, ushbu toʻplam soʻnggi yillarda oʻtkazilgan koʻrgazma va taqdimotlar bilan bogʻliq materiallardan tashkil topgan boʻlib, “Ipak yoʻli” xalqaro universitetining muzeylar faoliyatini takomillashtirish va madaniy meros obyektlari taqdimotlarini tashkil etish boʻyicha izlanishlarda juda asqotishi mumkin.
Aytib oʻtish joizki, Janubiy Koreyalik hamkorlar “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti faoliyatini takomillashtirishda faol ishtirok etib kelmoqda.
Jumladan, 2021-yil davomida Koreyaning Xanyang universiteti, YUNESKOning Osiyo-Tinch okeani mintaqasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish taʼlim markazi (Asia-Pacific Centre of Education for International Understanding Under The Auspices of UNESCO) va Koreya madaniy meros fondi tomonidan turizm sanoati, madaniy meros, tarix, meʼmorchilik, xizmat koʻrsatish sohasi va boshqa mavzularni qamrab olgan yuzlab ilmiy qoʻllanmalar, darslik, audio va video materiallar “Ipak yoʻli” xalqaro universitetiga begʻaraz yordam sifatida yuborilgan.