Janubiy Koreyaning kunlik nufuzli bosma nashrlaridan biri — “The Korea Times” gazetasida Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi Malika Qodirxonova qalamiga mansub “Gender tenglik strategiyasi barqarorlik va yuksalishga xizmat qilmoqda” sarlavhali maqolasi chop etildi.
“Yangilanayotgan Oʻzbekistonning bugungi rivojlanish bosqichidagi barcha koʻrsatkichlar asosiy omili ham aynan inson va uning manfaatlari hisoblanadi, — deyiladi maqolada. — Shu bois, 2023-yilga «Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nom berildi.
Islohotlarda xalqqa xizmat qilish, aholi roziligiga erishish, ularning dardi bilan yashash, muammolarini hal etish ustuvorlik kasb etadi. Bunday jarayonlarda ochiqlik va oshkoralikka amal qilgan holda, inson huquqi va erkinliklarini taʼminlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu yoʻnalishdagi asosiy natija va xalqaro eʼtirof sifatida Oʻzbekiston ilk bor BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga uch yil muddatga — 2021-2023-yillarga saylanganini aytib oʻtish mumkin».
Nashrda taʼkidlanganidek, islohotlarning bugungi bosqichida mamlakatda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash borasidagi islohotlar tizimli davom ettirilyapti.
“Bu ishlarni yangi pogʻonaga olib chiqish maqsadida 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilindi, - deb yozadi muallif.- Erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi 18 yosh etib belgilandi, ayollar mehnati toʻliq yoki qisman qoʻllanilishi taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay boʻlgan ishlar roʻyxati bekor qilindi. Ichki ishlar tizimida xotin-qizlar bilan ishlash masalalari boʻyicha inspektor lavozimi joriy etildi”.
Maqolada Oʻzbekiston Prezidentining 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan 2022-2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʻyicha milliy dastur tasdiqlangani maʼlum qilingan.
“Mazkur hujjat bilan xotin-qizlarning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy huquqlarini taʼminlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar belgilab olindi va amaliy ijrosi taʼminlanyapti. Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarda voyaga yetayotgan qizlarga oliy taʼlim muassasasida tahsil olishi uchun 4 foizli kvota ajratildi”, deb qayd etadi manba.
Muallif yozganidek, bugungi kunda yurtimizda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilmoqda. «Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi tayyorlandi. Qonun loyihasi gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazildi.
2022-yil 20-iyul kuni Toshkent shahrida “Jahon konstitutsiyalarida ayollar huquqlari toʻgʻrisidagi qoidalarning aks ettirilishi” mavzusida xalqaro jamoatchilik muhokamalari (maslahatlashuvi) boʻlib oʻtdi. Tadbirda xotin-qizlarning qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni taʼminlashning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini yanada rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi», deb taʼkidlaydi nashr.
“Bugun Oʻzbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tenglikni taʼminlash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ular uchun yangi ish oʻrinlari yaratish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Bu, oʻz navbatida, jamiyatning eng asosiy jabhalari — siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda ayollar nufuzi, har bir sohada faolligi ortishiga, opa-singillarimizning jamiyat hayotidagi ishtiroki yil sayin kengayishiga xizmat qilmoqda”, deb yozadi “The Korea Times”.