26-fevral kuni Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning Oʻzbekistonga amalga oshirgan ikki kunlik rasmiy tashrifi yakunlandi.

Toshkentda boʻlib oʻtgan oliy darajadagi sammitda Oʻzbekiston — Pokiston strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning barcha yoʻnalishlari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat ­Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri ­Shahboz Sharif keyingi yillarda koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Toshkentda Oʻzbekiston — Pokiston hamkorligini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan Qoʻshma dek­laratsiya hamda ikki tomonlama Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tuzish toʻgʻrisidagi bayonnoma imzolandi.

Oʻzbekiston — Pokiston sammiti yakunlari pokistonlik ekspert va ijtimoiy-siyosiy doiralar vakillari tomonidan katta qiziqish bilan oʻrganilmoqda.

Sarmad Ali, Pokiston Senati aʼzosi:

— Tashrif ikki davlat oʻrtasidagi chuqur tarixiy aloqalardan darak beradi. Pokis­ton Hukumati rahbari Shahboz Sharifning Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi yangi kelishuv va tashabbus­lar orqali mintaqaviy aloqalar doirasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish va oʻzaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.

Kun tartibidagi asosiy masala oʻzaro savdo va sarmoyani ragʻbatlantirishdan iborat. Shu bilan birga, har ikki tomon oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish boʻyicha koʻzlangan maqsadni amalga oshirishga intilmoqda.

Ishonchim komilki, Toshkentda boʻlib oʻtgan muzokaralarda taʼkidlanganidek, iqtisodiy munosabatlarning bugungi surʼatlari bilan turli sohalarda, jumladan, energetika, infratuzilma va yuqori texnologiyalarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqali oʻzaro savdo hajmini 2 milliard dollardan ziyodga oshirish mumkin.

Tashrif davomida muhim hujjatlar toʻplami — savdo, mudofaa ishlab chiqarishi, iqlim oʻzgarishi, turizm, madaniyat va taʼlim sohalarini qamrab olgan kelishuv va memorandumlar imzolandi. Ushbu kelishuvlar biznes imkoniyatlarini kengaytirish va muhim sohalarda Pokiston — Oʻzbekiston hamkorligini mustahkamlashga yordam beradi.

Tashrif doirasida boʻlib oʻtgan Pokis­ton — Oʻzbekiston biznes-forumi, ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasidagi V2V uchrashuvlari tijorat aloqalarini mustahkamlash, yangi sarmoyaviy loyihalarni ishlab chiqish va qoʻshma korxonalarni tashkil etishga zamin yaratdi.

Davlat rahbarlari iqtisodiy aloqalardan tashqari mintaqaviy xavfsizlik va koʻp tomonlama hamkorlik masalalarini ham muhokama qildilar. Ikki davlat ham Markaziy va Janubiy Osiyoda barqarorlikni saqlash hamda mintaqaviy savdo yoʻlaklarini mustahkamlashdan umumiy manfaatlarga ega.

Janubiy va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi mintaqaviy aloqalarni mustahkamlashda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning roli juda yuqori. Ushbu muhim omil Pokistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun muhim savdo va tranzit markazi sifatidagi mavqei bilan bir qatorda har ikki tomonning mintaqaviy taraqqiyot va iqtisodiy integratsiya haqidagi qarashlarini mus­tahkamlaydi.

Pokiston va Oʻzbekiston oʻzaro aloqalarni yangi choʻqqilarga olib chiqish, mintaqada uzoq muddatli farovonlik va barqarorlikni taʼminlash uchun savdo, investitsiya va mudofaa sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirmoqda.

Bosh vazir Shahboz Sharifning tashrifi Pokiston — Oʻzbekiston munosabatlarini mustahkamlash, kengaytirilgan diplomatik va iqtisodiy hamkorlikning yangi ufqlariga yoʻl ochishda muhim qadam boʻldi.

Xolid Taymur Akrom, “Umumiy kelajak jamiyati” tahlil markazi ijrochi direktori:

— Pokiston va Oʻzbekiston rahbarlari oʻrtasida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi muzokaralar ikki tomonlama strategik sherik­likni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu tashrif juda muhim. Har ikki davlat oʻzaro savdo hajmini kengaytirishga intilayotgan ekan, uning natijalari mintaqaviy bogʻliqlik tashabbusini yangi loyihalar bilan boyitadi. Diplomatik munosabatlarni mustahkamlaydi, iqtisodiy aloqalar va oʻzaro farovonlikni ragʻbatlantiradigan hamkorlikning yangi yoʻnalishlari boʻyicha kelishib olish imkoniyatini beradi.

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida ikki davlatning iqtisodiyotning turli sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga boʻlgan intilishini kuchaytiruvchi qator ikki tomonlama shartnomalar imzolandi.

Tashrifning asosiy nuqtasi Pokiston — Oʻzbekiston biznes-forumi boʻlib, unda yetakchi biznes vakillari V2V formatidagi uchrashuvlarda ishtirok etdi. Ushbu forum yakunlari Pokiston va Oʻzbekis­ton bizneslari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻyish orqali savdo aloqalarini mus­tahkamlaydi, sarmoyaviy va iqtisodiy imkoniyatlarni oshirishga zamin yaratadi.

Yangi kelishuvlarning imzolangani savdo, iqlim oʻzgarishi, mudofaa sohasidagi hamkorlik va madaniy-gumanitar almashinuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun ham zamin yaratadi.

Mamlakatlarimizni iqtisodiy va strategik sheriklikni barcha sohalarda kengaytirish, barqaror rivojlanish va mintaqaviy taraqqiyotga koʻmaklashish istagi birlashtiradi.

Pokiston va Oʻzbekiston mintaqaviy va global tinchlikka koʻmaklashish, xususan, Janubiy va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash borasida umumiy qarashlarga ega.

Har ikki davlat mintaqaviy savdo aloqalari va mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, jumladan, terrorizmga qarshi kurash masalalarida oʻz rolini kuchaytirish niyatida.

Bosh vazir Shahboz Sharifning tashrifi Pokiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlaydi. Bu nafaqat koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishga zamin yaratadi, balki mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy farovonlikni yanada oshirishga ham xizmat qiladi. Strategik sheriklikni mustahkamlash har ikki davlatning oʻsib borayotgan ikki tomonlama aloqalaridan uzoq muddatli foyda olishda davom etishini taʼminlaydi.

Adam Saud, “Bahriya” universiteti gumanitar va ijtimoiy fanlar fakulteti dekani, professor:

— Pokiston Bosh vaziri Shahboz ­Sharifning Oʻzbekistonga bu galgi tashrifi ikki birodar xalq oʻrtasidagi aloqalar mus­tahkamlanib borayotgan bir pallaga toʻgʻri kelmoqda.

Rasmiy Islomobod va Toshkent oʻzaro aloqalarni koʻp tomonlama darajada, ayniqsa, COVID-19 pandemiyasi holatida ham mustahkamladi.

Oʻzaro savdoni yanada rivojlantirish, madaniy almashinuvlarni mustahkamlash, strategik sheriklik uchun yangi umumiy asos­larni izlash, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash masalalari boʻyicha yaqin hamkorlik, Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash tashabbusi doirasidagi loyihalarni amalga oshirish — bularning barchasi ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalardir.

Umumiy din, tarix va madaniyat xalq dip­lomatiyasini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Oʻzbekistonda pokis­tonlik talabalar soni sezilarli darajada oshgani bu mamlakatning Pokiston jamiyati uchun ahamiyatidan dalolat beradi. Bunday oʻzaro hamkorlik faol ravishda qoʻllab-quvvatlanishi kerak.

Ziyorat turizmi, albatta, muhim yoʻnalish hisoblanadi. Aksariyat pokistonliklar Imom Buxoriy va Imom Termiziy merosiga hurmat bilan yondashadi. Shuningdek, ­Pokistonda oʻzbek xalqining buyuk ajdodlari Amir Temur va Zahiriddin Muhammad Bobur eʼzozlanadi.

“Uzbekistan Airways” pokistonlik yoʻlovchilarga goʻzal Oʻzbekistonga toʻgʻridan toʻgʻri va eng qisqa masofani bosib oʻtishni ­taʼminlash barobarida Markaziy Osiyo, MDH va Yevropaning boshqa mamlakatlariga sayohat qilish uchun muqobil yoʻnalish taqdim etishi mumkin.

Har ikki tomon ilm-fan, bilim almashish, texnologiya va rivojlanish sohasida bir-birini qoʻllab-quvvatlamoqda.

Ishonchim komilki, Oʻzbekistonga bu galgi tashrif ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirishga yangi surʼat bagʻishlaydi.

Mahmud ul-Hasan Xon, “Janubiy Osiyo va xalqaro tadqiqotlar” tahlil markazi ijrochi direktori:

— Tashrif Oʻzbekiston va Pokiston hamkorligini barcha muhim yoʻnalishlarda, xususan, savdo, transport, energetika, mintaqaviy xavfsizlik, mudofaa, taʼlim, madaniyat va boshqa sohalarda mustahkamlash hamda strategik sheriklik munosabatlarini kengaytirishda yangi bosqichning boshlanishi boʻladi.

Mutaxassislarga koʻra, imzolangan hujjatlar yangi loyihalar uchun mustahkam poydevor boʻlib, ularning hayotga tatbiq etilishini tezlashtiradi.

Tomonlar biznes, transport va logistika, huquqni muhofaza qilish, terrorizm va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish, ommaviy axborot vositalari, madaniyat, taʼlim va boshqa sohalarda samarali idoralararo va vazirliklararo mexanizmlarni yoʻlga qoʻyishga intilmoqda.

Toʻqimachilik, moda, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika va axborot texnologiyalari kabi sohalarda yangi qoʻshma korxonalar yaratish uchun ulkan salohiyat mavjud.

Ikki davlat yetakchilarining muzokaralari yakunlari va erishilgan kelishuvlar oʻzaro savdo hajmini oshirish, sarmoyalarni jalb qilish, savdo uylari va madaniyat markazlari tashkil etish, biznes-forumlar, V2V va G2D uchrashuvlari, sanoat va qishloq xoʻjaligi koʻrgazmalari va boshqa tadbirlarni oʻtkazishga kuchli turtki beradi.

Pokiston va Oʻzbekiston “GSP+” tizimi maqomiga ega boʻlib, ushbu imtiyoz ularning toʻqimachilik, tikuvchilik va moda ­sanoati kabi turli sohalardagi hamkorligini muvofiqlashtirish istiqbollarini yanada kengaytiradi. Oʻzbekistonning turli ­hududlaridagi toʻqimachilik korxonalaridan birgalikda foydalanish qoʻshimcha ­afzallik berishi mumkin.

Har ikki davlat barqaror tranzit tizimini yaratish, savdo-iqtisodiy maqsadlarga erishish, mintaqaviy ijtimoiy-iqtisodiy integratsiya, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini jadallashtirish uchun transport-logistika koridorlarini diversifikatsiya qilish ustida ishlamoqda.

Elektron tijorat va inson kapitalini rivojlantirish boʻyicha qoʻshma dasturlarni joriy etish iqtisodiy diplomatiyaning yana bir istiqbolli yoʻnalishi hisoblanadi.

Iqtisodiy integratsiya va sanoat kooperatsiyasining yangi innovatsion, integratsiyalashgan va raqamli modelini shakllantirish ham ikki tomonlama kun tartibining muhim bandi sifatida qaralmoqda.

Xususiy sektor vakillarining iqtisodiy jarayonlarda bevosita ishtirok etishi, ular tomonidan har ikki davlat hududida barpo etilayotgan savdo uylari, zamonaviy ishlab chiqarish va sanoat ­obyektlari strategik sheriklikni yanada mustahkamlamoqda.

Ishonamanki, tashrif yangi marralarning boshlanishi boʻladi. Shuningdek, u Pokiston va Oʻzbekiston xalqlariga, Markaziy hamda Janubiy Osiyo mintaqalariga barqarorlik va farovonlik olib keladi.

Asad Majid Xon, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi:

— Tashrif muhim voqea boʻldi, chunki Pokiston ham, Oʻzbekiston ham Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining muhim aʼzolari va faol ishtirokchilari hisoblanadi.

Mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash tarafdori boʻlgan tashkilot sifatida IHT yetakchilik darajasidagi bunday ishtirok nafaqat mamlakatlarni ikki tomonlama asosda yaqinlashtirishda muhim rol oʻynashiga, balki mintaqaviy iqtisodiy oʻsish, savdo integratsiyasi va aloqadorlik boʻyicha mazkur tuzilma kun tartibini ilgari surishda yordam berishiga qatʼiy ishonadi.

Biz ushbu muhim tashrif natijalariga ijobiy qaraymiz va u mintaqalararo hamkorlikni yanada jadallashtirishiga umid qilamiz.

“Dunyo” AA