Tariximiz va qadriyatlarimiz qalqoni

Shunday davrlar boʻldiki, Amir Temur shaxsi va faoliyatiga adolatsizlik bilan yondashilib, bir yoqlama baho berib kelin­di. Mustaqillikka erishganimizdan soʻng bunday qarashlar barham topdi, istiqlol bois, Amir Temurning buyuk sarkarda, dav­lat arbobi, ilm-fan, maʼnaviyat va ruhoniyat homiysi ekanini bildik. Uning jahon ta­rixida tutgan oʻrni, faoliyatini oʻrganishga va uni ommalashtirishga keng yoʻl ochildi.

Davlatimiz rahbari buyuk ajdodimiz shaxsiga toʻxtalib aytgan soʻzlariga diqqat qilaylik: “Oʻn beshinchi asrda Sohibqi­ron Amir Temur bobomiz asos solgan va uning munosib avlodlari davom ettirgan muhtasham saltanat, yurtimizda ikkinchi Uygʻonish davrini boshlab berdi”. Bu bi­lan har birimiz temuriylar davrida fan va sanʼatning gullab-yashnagani Yevropada uygʻonish jarayoniga hayotbaxsh taʼsir etga­nini, umumjahon taraqqiyotiga koʻmaklash­ganini anglab, faxr va gʻururga toʻlamiz.

Yurtimizning fevral oyida kechgan siyosiy-ijtimoiy hayoti mavzusiga bagʻish­langan maqolamiz ibtidosida keltirilgan ushbu mulohazalar Prezidentimizning shu yil 5-fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi Sohibqiron Amir Temur taval­ludining 690-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan tanishgan har bir yurtdoshimiz koʻnglidan oʻtgan boʻlsa, ajab emas. Hujjatda Sohibqiron siymosi milliy davlatchiligimiz timsoliga ayla­nib, oʻzlikni anglash, anʼana va qadriyatla­rimizni tiklash borasida xalqimizga ulkan maʼnaviy kuch bagʻishlab kelayotgani urgʻula­nadi.

Mamlakatimiz milliy rivojining yangi bosqichi — Uchinchi Renessansga qadam qoʻyayotgan, hayotimizning barcha jabhalarida tub oʻzgarishlar yuz berayotgan bugungi kun­da Sohibqiron Amir Temurning shaxsiyati, buyuk ajdodimizning bashariyat tarixi va Turon tamaddunidagi oʻrni hamda temu­riylarning boy va betakror merosini chu­qur oʻrganish, yurtimiz va chet ellarda keng ommalashtirish maqsadlari aks etgan qaror­da keng koʻlamli vazifalar qamrab olingan.

Zero, hujjatning asosiy maqsadlaridan biri yosh avlodni yangi Oʻzbekiston bunyod­korlari etib tarbiyalash borasidagi ulkan

 masʼuliyatni inobatga olib, ushbu yoʻnalish­dagi tashkiliy-amaliy, ilmiy va maʼnaviy- maʼrifiy ishlarni yangi sifat bosqichiga koʻtarish hisoblanadi.

Fevral oyida xalqimiz qalbiga yanada yaqin va moʻtabar ayyomga aylanib borayot­gan muborak Ramazon oyi kirib keldi. Shu munosabat bilan mamlakatimiz yetakchi­sining 16-fevral kuni eʼlon qilin­gan “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori keyingi yillarda mamlakatimizda inson qadri, huquq va manfaatlarini taʼmin­lash, jamiyatimizda tinchlik, doʻstlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, aholi, ayniqsa, ehtiyojmand toifalarni ijtimoiy himoya qilish borasidagi keng koʻlamli islohotlarimizni oʻzida aks et­tirgan hujjat boʻldi.

Diniy-maʼrifiy, madaniy qadriyatla­rimizni asrab-avaylash va ulugʻlash maqsa­dida yurtimiz boʻylab “Ramazon — mehr- muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu gʻoya asosida muqaddas oyni mu­nosib kutib olish hamda yuqori saviyada oʻtkazish choralari belgilandi va bu ishlar ayni kunlarda izchillik bilan ado etilyap­ti. Qarorda nazarda tutilganidek, bunda kam taʼminlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni har tomonla­ma qoʻllab-quvvatlash, mahallalarni oʻzaro hurmat, hamjihatlik, adolat va tarbiya mas­kaniga aylantirish, tabiiy muhitni asrash, muqaddas qadamjolar, ziyoratgoh va qabris­tonlarni obod etish, Ramazon oyi bilan bogʻ­liq tadbirlarni isrofgarchilikka yoʻl qoʻy­masdan, ixcham, mazmunli oʻtkazishga alohida eʼtibor berilmoqda.

Davlatimiz rahbari qaror qabul qi­lingan kuni Ramazon oyida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazganida ham chuqur maʼno va yuksak insoniylik fazilatlari mujassam. Bugungi kunda mamlakatimizda Ramazon oyida ehtiyojmand aholini qoʻllab-quvvat­lashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar qi­linayotgani, bu xayrli tashabbuslar orqali Ramazon nafaqat shaxsiy ibodat oyi, balki jamiyatda mehr-oqibat, ahillik va oʻzaro gʻamxoʻrlikni mustahkamlaydigan ulkan maʼ­naviy maktab sifatida namoyon boʻlayotgani­ni koʻrsatadi.

Prezidentimiz har bir mahallada eh­tiyojmand oilalarning aniq va shaffof roʻyxatini shakllantirish, yordamlarni fuqarolarning dini, millati va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, teng va ado­latli tarzda yetkazish shartligini alohida taʼkidladi. Masʼul idoralarga bu borada qatʼiy nazorat oʻrnatish topshirildi.

Joriy yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 19-fevral kuniga toʻgʻri kel­di va uning arafasida davlatimiz rahba­ri Oʻzbekiston xalqiga Ramazon tabrigi yoʻlladi.

“El-yurtimizning ijtimoiy-maʼnaviy hayotida alohida oʻrin tutadigan, insonni ezgu va savob ishlarga daʼvat etadigan ushbu oyni munosib tarzda oʻtkazish maqsadida bu yil ham mamlakatimizda katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahalla va uy-joylar, masjid va madra­salarni obod qilish, keksa, nogiron va yor­damga muhtoj shaxslarning holidan xabar olish, qoʻshnilar, yaqin qarindoshlarga mehr va eʼtibor koʻrsatish, ibodat va iftor maro­simlarini tartibli oʻtkazishga xonadon va mahalla ahllari, jamoatchilik vakillari tarafidan alohida ahamiyat berilmoqda”, deyiladi Prezidentimiz tabrigida.

Inson taqdiriga daxldor omil

Jamiyatning qay darajada rivojlanayotga­ni insonlarning kundalik hayotidagi oʻzgarish, ular oʻzini jamiyatda qanchalik kerakli, himoya­langan va qadrlangan deb his etishida aks eta­di. Agar davlat siyosati inson taqdiriga bevo­sita taʼsir koʻrsatmasa, aholining ehtiyojmand qatlami eʼtibordan chetda qolsa, islohotlar qiymati yoʻqoladi. Davlatimiz rahbari islo­hotlar yurtimizning eng chekka va olis nuqtala­riga ham yetib borishini istayotgani, buni barcha mutasaddilardan talab qilayotgani ham yuqori­dagi omillar bilan asoslanadi.

Fevral oyida Prezidentimiz mutasaddi­lar ishtirokida Fargʻona, Navoiy, Andijon viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Res­publikasida islohotlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarni muhokama qildi. Shuningdek, Toshkent va Surxondaryo viloyatlariga tashrif buyurib, hududlardagi bunyodkorlik ishlari, sanoat, qishloq va suv xoʻjaligi, qurilish, ijtimoiy va boshqa so­halardagi loyihalar bilan tanishdi.

Xususan, 4-fevral kuni Fargʻona viloya­tini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan yi­gʻilishda yer va qazilma boyliklari cheklangan boʻlishiga qaramasdan, hududda soʻnggi yillarda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmatlar va axborot texno­logiyalari sohalarida barqaror oʻsish taʼmin­langani qayd etildi.

Yigʻilishda erishilgan natijalar xotir­jamlikka asos boʻla olmasligi taʼkidlanib, istiqboldagi kechiktirib boʻlmas vazifalar belgilab olindi, mavjud imkoniyatlar tahlil qilindi. Viloyatda investitsiya va eksport haj­mini izchil oshirish, ishsizlik va kambagʻallik­ni qisqartirish masalalariga tizimli hamda manzilli yondashish lozimligi uqtirildi.

Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ish­lar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasi­dan 10-fevral kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda viloyatning sanoat va ishlab chiqarish salohiya­tiga eʼtibor qaratilgan boʻlsa, 12-fevraldagi yigʻilish kun tartibidan Andijon viloyatida islohotlar natijadorligi va ustuvor vazifa­lar muhokamasi oʻrin oldi. Unda yer resurslari cheklangan sharoitda har bir gektar yer, har bir lo­yiha hamda har bir investitsiya yuqori qoʻshilgan qiymat va barqaror ish oʻrni yaratishi shartligi taʼkidlandi. Bu viloyat rahbariyati oldidagi eng asosiy vazifa ekani koʻrsatib oʻtildi.

Prezidentimiz 20-fevral kuni Qora­qalpogʻiston Respublikasida amalga oshi­rilayotgan islohotlar natijadorligi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari boʻyicha yigʻilish oʻtkaz­di. Qoraqalpogʻiston ulkan maydoni va qazilma boyliklar zaxirasi bilan katta iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatga ega ekaniga eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, hudud iqtisodiyotida sezilarli oʻzgarishlarga erishilgani qayd etildi. Jumla­dan, 8 yil oldin hudud iqtisodiyoti aholi jon boshiga hajm boʻyicha eng oxirgi oʻrinda boʻlgan boʻlsa, bugun 7-oʻringa koʻtarildi. Sanoat mah­sulotining atigi 4 foizi eksportga chiqqan boʻlsa, hozir bu koʻrsatkich 30 foizga yetdi. Umu­miy eksport 2016-yildagiga nisbatan 3,5 karra oshib, 2,1 milliard dollar boʻldi.

Kelgusi 5 yilda hudud iqtisodiyotini 102,5 trillion soʻmga (2025-yilda 54,3 trillion soʻm boʻlgan), aholi jon boshiga esa 51 million soʻm­ga yetkazish, sanoat va xizmatlar sohasida 7,2 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshi­rish rejalashtirilgan.

Yigʻilishda investitsiyalarni jalb qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida hududga avval berilgan imtiyozlar muddatini uzaytirish taklifi bildirildi. Prezidenti­miz ushbu taklifni qoʻllab-quvvatladi.

Yigʻilish yakunida davlatimiz rahbari Qoraqalpogʻistonda belgilangan marralarga erishish uchun barcha imkoniyat va resurslarni toʻliq ishga solish, har bir tuman va mahalla­da aniq hisob-kitob hamda manzilli yondashuv asosida ish tashkil etib, aholi turmush sifati­ni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarning amaliy natijasini tezroq taʼminlash boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

13-fevral kuni Prezidentimiz raisli­gida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash boʻyicha aso­siy vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilish avvalida oʻtgan yilgi makroiq­tisodiy natijalar qayd etildi. Kamchilik va nuqsonlarga yoʻl qoʻygan, tashabbus va faollik koʻrsatmagan mutasaddi rahbarlar, viloyat va tu­man hokimlari faoliyati tanqid qilindi.

Davlatimiz rahbari 2026-yil uchun belgi­langan koʻrsatkichlarga toʻxtalib, 6,6 foizli iq­tisodiy oʻsish orqali yalpi ichki mahsulot haj­mini 167 milliard dollarga yetkazish rejasi geosiyosiy vaziyat va iqtisodiy tebranishlarni inobatga olgan holda shakllantirilgan ehtiyot­kor prognoz ekanini taʼkidladi.

* * *

Hududlarni rivojlantirish, aholi faro­vonligini taʼminlash, inson qadrini oshirish mavzulari yigʻilish va taqdimotlar chegarasini buzib, hududlarga amaliy tashrif koʻrinishida davom etdi. Prezidentimiz 13-fevral kuni Toshkent viloyatining Ohangaron tumaniga tashrif buyurdi.

Soʻnggi yillarda sanoat, ishlab chiqarish va tadbirkorlik jadal rivojlanish pallasi­ga kirgan hudud sifatida eʼtirof etilayotgan viloyatdagi oʻzgarish, yangilanish va islohotlar natijalari bilan tanishgan davlatimiz rahba­ri dastlab yuqori kuchlanishli kabel mahsulot­lari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Enco Group” korxonasida boʻldi.

Bugun iqtisodiyot tarmoqlari va aholi oʻsi­shi natijasida elektr energiyasiga ehtiyoj or­tib borayotgani yuqori kuchlanishli elektr uza­tish tarmoqlarini rivojlantirishni taqozo etmoqda. Shu bois, yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlariga ichki va tashqi bozorlarda bar­qaror talab shakllanmoqda.

Faoliyati ushbu talabni qondirishga qara­tilgan “Enco Group” korxonasi Belarus Res­publikasining “Energokomplekt” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Eltech Industrial” texno­parki hududida 21 gektar maydonda barpo etil­moqda. Loyihaning umumiy qiymati qariyb 60 million dollarni tashkil etadi. Korxona toʻ­liq quvvatga chiqqanidan soʻng 600 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratiladi.

Davlatimiz rahbariga korxonaning kelgu­sidagi rivojlanish rejalari, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, mahsulot turlarini koʻpaytirish hamda mahalliylashtirish dara­jasini oshirish boʻyicha takliflar taqdimot qilindi.

Prezidentimiz tumandagi “Vades Group” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan yuqori texnologiyali loyiha bilan ham tanish­di. Mazkur korxonada identifikatsiya uchun moʻljallangan mikroprotsessor modullari, sim-kartalar, shuningdek, transport, ijtimoiy va xalqaro toʻlov kartalarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, “Infinity Copper Group” mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarish kor­xonasi faoliyati mamlakatimiz yetakchisining eʼtiboridan chetda qolmadi. Loyiha Xitoy va Germaniya kompaniyalari bilan hamkorlik­da 10 gektar maydonda amalga oshirilmoqda, umumiy qiymati 36 million dollarga teng. Qurilish ishlari 90 foiz yakunlangan, loyiha doirasida 14,9 million dollar investitsiya oʻzlashtirilgan.

Tashrif davomida “Premier” maishiy texni­ka mahsulotlari korxonasi faoliyati bilan ham tanishildi. Kelgusida majmua toʻliq ishga tu­shishi hisobiga 87 million dollarlik import oʻrnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilishi kutilyapti. Davlatimiz rahbari korxonaning ish jarayoni, mahsulotlari sifatini koʻzdan kechirdi. Mutaxassislar va ishchilar bilan suh­batlashdi.

Shu yerning oʻzida korxonaning 2026-2027-yillarga moʻljallangan rivojlanish das­turi taqdimot qilindi. Mamlakatimizdagi elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarning koʻrgazmasi bilan tanishildi. Shuningdek, “Eltech Industrial” texnoparkida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli re­jalar toʻgʻrisida ham axborot berildi.

— Elektrotexnika sanoatini iqtisodiyoti­miz drayverlaridan biriga aylantirib, koʻr­satkichlarni kelgusida oʻn milliard dollarga yetkazishni strategik maqsad qilib qoʻyishimiz zarur. Buning uchun ichki va tashqi bozorlarda mustahkam oʻrin egallash, raqobatbardosh mah­sulot ishlab chiqarish hamda soha uchun yetuk, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratishimiz shart, — dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz 26-fevral kuni ijti­moiy-iqtisodiy islohotlar jarayonlari bi­lan tanishish uchun Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Amaliy safar davomida Ter­miz tumanidagi “Tomorqa maktabi”, Jarqoʻrgʻon tumanida qurilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massi­vi, u yerda faoliyat yuritayotgan xorijiy tillar va axborot texnologiyalari oʻquv markazi hamda 66-maktabda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Soʻng viloyatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar koʻrgazmasi hamda xorijiy inves­torlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar taqdimotida ishtirok etdi. Jamoatchilik vakillari ishtirokida Surxon­daryo viloyatida umumiy qiymati 7,1 milliard dollar boʻlgan 44 ta loyihani ishga tushirish va boshlashga bagʻishlangan marosim boʻlib oʻtdi. Prezidentimiz ramziy tugmani bosib, togʻ-kon sanoati, geologiya, yengil sanoat, mebelsozlik, oziq-ovqat, xizmat koʻrsatish va turizm sohala­rida yangi loyihalarning qurilishi va faoliya­tini boshlab berdi. Jumladan, Xitoy, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va mahalliy investorlar ishtirokida 741 million dollarlik 13 ta loyiha ishga tushirildi.

Shuningdek, Termiz shahrida barpo etilgan etnoshaharchada boʻlib, amalga oshirilgan ish­larni koʻzdan kechirdi. Bundan tashqari, Termiz shahrida “Toʻpalang” suv ombori suvidan foyda­lanish hisobiga Surxondaryo viloyatida ichimlik suv taʼminotini yaxshilash loyihasining amaliy natijalari tahlil etildi. Davlatimiz rahbari shu yerda viloyatning gidroenergiya koʻrsatkichlari hamda sohada amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Safarning ikkinchi kuni davlatimiz rah­bari ishtirokida Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish boʻyicha ustuvor va­zifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Prezidentimiz viloyat faollari, yoshlar va nuroniylar bilan muloqot qildi, har bir masala va yoʻnalish boʻyicha ularning fikr-mulohazalari bilan qiziqdi. Hokimlar va mutasaddilarning hisobotlari tinglandi. Mamlakatimiz yetakchisi belgilangan vazifalar ijrosini qatʼiy nazoratga olish, har bir yoʻna­lishda aniq natijaga erishish boʻyicha tegishli topshiriqlar berdi.

— Surxondaryo nafaqat tabiati goʻzal zamin, balki ruhi baquvvat, gʻayrati baland, oriyati mustahkam insonlar yurtidir. Surxonni ri­vojlantirish yangi Oʻzbekistonning janubiy tayanch ustunini mustahkamlash demakdir, — dedi davlatimiz rahbari.

Hududlar taraqqiyoti va hayoti, mahalliy tadbirkor va ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab- quvvatlash haqida gap ketar ekan, Prezidenti­miz 4-fevral kuni imzolagan “Mahalliy ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini yangi tizim asosida rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻri­sida”gi farmon, uning ahamiyati va mohiyati haqida gapirmasak boʻlmas.

Hujjat mahalliy mahsulotlar ishlab chi­qarilishini kengaytirish, sanoat tarmoqlari va aholi isteʼmoli uchun zarur mahsulotlarni oʻzlashtirish hamda ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirishda bozor mexanizmlarini keng joriy qilish, mahalliy tadbirkorlik subʼ­yektlari va yirik korxonalar oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini tizimli kengaytirish, davlat xaridlarida mahalliy mahsulotlar xaridini ragʻbatlantirish hamda qoʻllab-quvvatlashni takomillashtirish chora-tadbirlarini aks et­tirgan.

Farmonning asosiy maqsadlari sifatida sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari so­hasida yagona boshqaruvni joriy etish orqali yaxlit va muvofiqlashtirilgan davlat siyosati yuritilishini yoʻlga qoʻyish, yuqori texnolo­giyali va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratish, oʻzlashtirish tavsiya eti­ladigan raqobatbardosh mahsulotlarni aniq­lash va boshqa jihatlar oʻrin olgan.

Bundan tashqari, yangi boshqaruv tizimi­ni yaratish, dasturiy chora-tadbirlar, yangi instrumentlar, mahalliy ishlab chiqaruvchi­larning raqobatbardoshligi, davlat xaridla­rining samaradorligini oshirish, kadrlar siyo­sati kabi ustuvor maqsadlar boʻyicha vazifalar belgilab berilgan.

Xalqaro maydonda ishonchli hamkor

Prezidentimizning 5-6-fevral kunla­ri Pokiston Islom Respublikasiga davlat tashrifi davlatlarimiz oʻrtasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishga asos yaratgani bilan tarixiy ahamiyatga ega boʻl­di. Tashrif davomida erishilgan kelishuv va shartnomalar nafaqat mamlakatlarimiz, balki Markaziy va Janubiy Osiyoni oʻzaro bogʻlovchi, toʻldiruvchi sifatida har ikki tomonga ulkan imkoniyatlar taqdim etadi.

Dangalini aytganda, Oʻzbekiston manfaati nuqtayi nazaridan, Pokiston portlari dengiz yoʻliga chiqishimiz uchun dunyo bozoriga eltuv­chi darvozalarning oltin kaliti vazifasini bajaradi. Oʻz navbatida, Pokiston ham oʻzaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirish, mamla­katimiz bilan doʻstona munosabatda boʻlish ta­rafdori.

Tashrif davomida davlatimiz rahbari­ga “Nishoni Pokiston” ordeni topshiril­di. Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif “Nishoni Pokiston” davlatning eng oliy mukofoti ekani, agar bundan ham yuksakroq mukofot boʻlsa, unga ham eng munosib shaxs Shavkat Mirziyoyev boʻlishini taʼkidlab, lutf etdi. Bu eʼtirof Prezidentimiz bilan birga yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida xizmat qilayotgan xalqimizga koʻrsatilgan yuk­sak ehtirom ramzi hamdir.

Shuningdek, Strategik hamkorlik kengashi­ning birinchi yigʻilishi doirasida Oʻzbekiston Prezidentiga Pokiston Milliy fan va texnolo­giyalar universiteti faxriy doktori va profes­sori unvonlarini berish marosimi boʻlib oʻtdi. Bosh vazir Shahboz Sharif davlatimiz rahbariga bu haqdagi tegishli sertifikatni topshirdi.

Ushbu unvonlar Oʻzbekiston yetakchisining ijtimoiy-iqtisodiy va taʼlim sohalaridagi islohotlar, mamlakatni izchil modernizatsiya­lash, fan va texnologiyalarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlik hamda akademik aloqalarni mustahkamlashga qoʻshgan ulkan hissasi uchun be­rildi.

Prezidentimiz davlat tashrifi doirasida “Ayvoni Sadr” qarorgohida Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Asif Ali Zardoriy bilan tor doirada va delegatsiyalar ishtirokida uchrashuv oʻtkazdi. Oʻzbekiston va Pokiston oʻr­tasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada ken­gaytirish, doʻstlik hamda strategik sheriklik­ni mustahkamlashning joriy holati va dolzarb yoʻnalishlari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Asif Ali Zardoriyni Oʻzbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

* * *

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 17-19-fevral kunlari Tinchlik ken­gashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Vashing­ton shahrida boʻldi.

Tinchlik kengashi AQSH Prezidenti Do­nald Trampning tashabbusi bilan tashkil etilgan. Oʻtgan oyda Oʻzbekiston Shveysariya­ning Davos shahrida mojaroning keskinlashuv xavfini kamaytirish, Gʻazo sektorida iqtiso­diy va ijtimoiy tiklanish uchun qulay sharoit­lar yaratishga qaratilgan Tinchlik kengashi taʼ­sischilaridan biri boʻlgani katta siyosiy voqea sifatida baholandi.

Davlatimiz rahbari 19-fevral kuni Va­shington shahrida Tinchlik kengashining dast­labki yigʻilishida ishtirok etdi. AQSH Pre­zidenti Donald Tramp raisligida oʻtkazilgan tadbirda Ozarbayjon, Qozogʻiston, Bahrayn, Indoneziya, Argentina, Paragvay, Ruminiya, Misr, Qatar, Pokiston, Vengriya, Albaniya, Ar­maniston, Vyetnam, Kambodja, BAA, Turkiya, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Isroil, Marokash va boshqa davlatlar delegatsiyalari rahbarlari ham qatnashdi.

Gʻazo sektorini qayta tiklash va gumanitar yordam koʻrsatish, shuningdek, mintaqada tinch­lik hamda barqarorlikni taʼminlash masala­lari muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari nutqida Oʻzbekiston Tinchlik kengashini tuzish boʻyicha tinchliksevar tashabbusni qoʻllab-quv­vatlagani va uni muvaffaqiyatli roʻyobga chiqa­rishda amaliy ishtirok etishini qatʼiy tas­diqlagani taʼkidlandi.

— Ishonchim komil, kengash ishi Gʻazo min­taqasini iqtisodiy va ijtimoiy qayta tiklash uchun qulay sharoit yaratishga imkon beradi, — dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston ushbu hu­dudda turar joylar, bolalar bogʻchalari, maktab va shifoxonalar barpo etishga imkon qadar his­sa qoʻshishga tayyorligini qayd etdi.

— Bizning uchrashuvimiz xalqaro bir­damlik, tinchliksevarlik va Yaqin Sharqdagi vaziyatni yaxshilashga boʻlgan umumiy intilishi­mizning yorqin ifodasidir. Biz yangi Gʻazoni — iqtisodiyoti farovon, aholi uchun munosib tur­mush sharoitlariga ega boʻlgan mintaqani barpo etish uchun ushbu tarixiy imkoniyatdan foydala­nishimiz zarur, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbirda boshqa xorijiy mamlakatlarning davlat, hukumat va tashqi siyosiy idoralari rahbarlari ham soʻzga chiqdi. Yigʻilish yakunida Tinchlik kengashi faoliyatini qoʻllab-quvvat­lash toʻgʻrisidagi deklaratsiya imzolandi.

Mamlakatning oltin fondi

Koʻksaroy qarorgohida 24-fevral kuni Prezidentimizning yoshlar bilan muloqoti boʻlib oʻtdi. Davlatimiz rahbari uchrashuv davo­mida mamlakatimiz kelajagining oltin fondi boʻlgan yoshlarga ishonishini, suyanishini, ular­ning salohiyatini toʻla namoyon qilishlari uchun barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratib beri­shini taʼkidladi. Oʻz navbatida, ishtirokchilar tomonidan bildirilgan turli sohalarga oid taklif va tashabbuslarni tingladi.

Uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslar koʻlami va miqyosi doimgidek salmoqli boʻldi. Tadbir shaklan muloqot koʻrinishida kechgan boʻlsa-da, mazmunan davlat va yoshlar oʻrtasidagi ijtimoiy shartnomaning yangi modelini ifoda etdi. Yaʼni bu yerda yoshlar maydonga ijtimoiy himoya obyekti emas, taraqqiyot subyekti sifa­tida olib chiqildi.

Prezidentimiz yoshlar bilan muloqot doi­rasida “Raqamli texnologiyalar yoʻnalishida eng yaxshi startap” — “President Tech Award” loyihasi gʻoliblarining taqdimoti bilan ta­nishdi. Mazkur tanlov Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi koʻmagida 2023-yildan boshlab oʻtka­zilmoqda. Uning umumiy mukofot jamgʻarmasi 1 million dollarni tashkil etadi.

Tanlovda sunʼiy intellekt, ijtimoiy tex­nologiyalar, MicroSaaS va AdTech, moliyaviy texnologiyalar va tadbirkorlik, oʻyin dasturla­ri hamda maxsus yoʻnalish — xakaton boʻyicha eng namunali loyihalar tanlab olinadi.

Ilk tashkil etilgan tanlovda toʻrt mingdan ziyod ishtirokchi qatnashgan boʻlsa, 2025-yilga kelib ular soni olti mingga yaqinlashdi. Ja­moalarning soni esa 444 tadan 862 taga yetdi. Davlatimiz rahbariga tanlov gʻoliblari oʻzla­rining startap loyihalari, ularning afzal­liklari va amaliy samarasi xususida soʻzlab berdi.

— Biz kichik startaplar katta-katta loyi­halarga, daromadli biznesga aylanishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz. Buning uchun har bir startapchi bilan mulo­qot qilish, unga kerakli yordamni koʻrsatish lozim, — dedi Prezidentimiz.

Yoshlarning qiziqishlarini qoʻllab-quv­vatlash orqali kelajak kasblariga zamin yara­tilayotgani, dunyo davlatlari ham yoshlarning startap loyihalariga alohida qiziqish bildi­rayotgani taʼkidlandi.

Prezidentimiz startap loyihalarni qoʻl­lab-quvvatlashga mablagʻ yanada koʻpaytirilishi­ni aytib, yoshlar oʻzlarining yangicha qarashlari va gʻoyalari bilan yana qaysi soha va yoʻnalish­larda izlanishi kerakligi yuzasidan tavsiyala­rini berdi.

* * *

Yilning ikkinchi oyi taqdimot, yigʻilish va qabullarga ham boy boʻldi. Jumladan, fuqa­ro aviatsiyasi, koʻmir va uran tarmoqlarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda navbat­dagi loyihalar, urbanizatsiya va uy-joy qu­rilishi, suv resurslaridan foydalanish, maktabgacha taʼlim tizimini yanada tako­millashtirish, qishloq xoʻjaligida yangi yer­larni oʻzlashtirish hamda ilm-fanni rivoj­lantirishga qaratilgan takliflar boʻyicha taqdimotlar oʻtkazildi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari huzu­rida kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish va yangi madaniyat maskanlari loyihala­ri, texnik tartibga solish sohasi, fazoga sunʼiy yoʻldosh uchirish va birinchi milliy kosmonavtni tayyorlash boʻyicha takliflar, ipakchilik sohasi, qishloq xoʻjaligida tex­nikalar parkini yangilab, raqamli yechim­larni keng joriy etish va boshqa qator dol­zarb masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Senati Raisi Faysal Aqif Misqal al-Fayoz, Osiyo infra­tuzilmaviy investitsiyalar banki preziden­ti Szou Szyai boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Mamlakatimiz yetakchisi Buyuk Britaniya­ning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon boʻ­yicha savdo vakili lord Jon Olderdays, iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchi Suma Chakrabarti, Belarus Res­publikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchin bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Koʻrib turganingizdek, eng qisqa oy boʻlsa- da, fevral mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida zalvorli voqeliklarga boy palla si­fatida tarixga kirdi. Maqolamiz avvalida Amir Temurning mamlakatimiz va dunyo tari­xida tutgan oʻrni haqida soʻz ochgandik. Soʻngida esa Sohibqiron oʻgitlaridan quyidagi parchani keltirsak: “Har kimdan kengash oldim, har kim­dan fikr oʻrgandim, qaysi biri foydaliroq boʻl­sa, uni koʻngil xazinasida saqlab, ishlata bil­dim”. Bu iqtibos Prezidentimiz boshchiligida fevral oyi mobaynida mamlakatimizda kechgan siyosiy-ijtimoiy jarayon shiddati va mohiyati­ni yanada teranroq anglash va his qilishga yordam beradi.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri