Bu borada Vazirlar Mahkamasi qaror loyihasi regulation.adliya.uz portalida jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Loyihaga koʻra, avtomototransport vositalarini jarima maydonchasidan olib chiqish uchun endi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga anʼanaviy qogʻozbozlik oʻrniga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP), Davlat xizmatlari markazlari yoki maxsus mobil ilova orqali elektron ruxsatnoma olish imkoniyati yaratiladi.
Yangi tartib fuqarolarning vaqt va mablagʻini tejashi, ortiqcha ovoragarchilikni kamaytirishi kutilmoqda.
Rejaga koʻra,
- 2025-yil 31-iyulga qadar YAIDXP, Davlat xizmatlari markazlari yoki Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining mobil ilovasi orqali avtomototransport vositalarini jarima maydonchasidan olib chiqish uchun elektron ruxsatnoma olish davlat xizmati yoʻlga qoʻyiladi;
- jismoniy va yuridik shaxslar avtomototransport vositalarini jarima maydonchasidan olib chiqish uchun elektron ruxsatnoma olish yuzasidan DYHXXga anʼanaviy (ogʻzaki yoki yozma) tarzda murojaat qilishi mumkin.
Qayd etish joizki, elektron ruxsatnoma QR-kod koʻrinishida rasmiylashtiriladi va vakolatli organlar tomonidan avtomatlashtirilgan tizim orqali tekshiriladi. Bu jarayonda YAIDXP hamda Ichki ishlar vazirligining axborot tizimlari oʻzaro integratsiya qilinadi.
Prezidentning ichki ishlar organlarini raqamli transformatsiya qilishga oid qarori ijrosi doirasida tayyorlangan mazkur qaror loyihasi fuqarolar va mutaxassislar tomonidan keng muhokama qilinmoqda.








