Shu kunlarda yurtimiz uzra eng ulugʻ, eng aziz ayyom — Mustaqillik bayrami shukuhi kezib yuribdi. Ushbu qutlugʻ kun arafasida mamlakatimizda turli sohalarda qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar haqidagi koʻngillarimizni shod aylaydigan xushxabarlar ham tobora koʻpaymoqda. Shunga monand tarzda sportchilarimiz ham istiqlolimizning 30 yilligi bayramiga munosib sovgʻa hozirlashayotgani barcha yurtdoshlarimizga cheksiz quvonch, gʻurur va iftixor bagʻishlaydi. Dastavval, Tokio-2020 yozgi Olimpiadasida sportchilarimiz qoʻlga kiritgan 3 ta otin, 2 ta bronza medali barchamizga ana shunday tuygʻularni bagʻishlagan boʻlsa, shu kunlarda oʻtkazilayotgan Tokio-2020 yozgi Paralimpiya oʻyinlarida sportchilarimiz qoʻlga kiritayotgan gʻalabalar yanada salmoqli boʻlib, qalbimizni cheksiz gʻurur-iftixorga toʻldirmoqda.
Tokioda oʻtkazilayotgan XVI yozgi Paralimpiya oʻyinlari tobora qizgʻin pallaga kirib bormoqda. Mamlakatimiz sport muxlislari hamyurtlarimiznining har bir chiqishini katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib borishyapti. Unda sportning 8 turida 48 sportchimiz ishtirok etmoqda. Sportchilarimiz paralimpiya musobaqlarining dastlabki kunlaridanoq oʻzlariga bildirilgan ishonchni oqlab, yuksak natijalarni qayd etmoqda. Ha, natijalarimiz chindan ham yuksak, 5 ta oltin, 4 ta kumush va 6 ta bronza medali! Hali musobaqlar davom etmoqda!
Paralimpiya oʻyinlarining dastlabki kunida terma jamoamiz vakili Islom Aslanov para-suzish bahslarida bronza medaliga sazovor boʻldi. Erkaklar oʻrtasida 100 metrga batterflyay usulida (S13 klass) suzish bahsida 2 nafar vakilimiz final dasturida qatnashdi. Uchinchi yoʻlakda harakat qilgan yurtdoshimiz Islom Aslanov 57.12 soniya natija qayd etdi va bronza medalini qoʻlga kiritdi.
27-avgust kuni boʻlib oʻtgan Para-yengil atletika dasturining T11 klassida ayollar oʻrtasida uzunlikka sakrash bahslari biz uchun omadli keldi. Unda ishtirok etgan hamyurtimiz Asila Mirzayorova delegatsiyamiz hisobiga ikkinchi medalni qoʻshib qoʻydi. U 4.91 metr natija koʻrsatgan holda, 2-oʻrinni egalladi va kumush medalga sazovor boʻldi.
Oʻsha kuni delegatsiyamizning Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlaridagi dastlabki oltin medalini para-dzyudochimiz Uchqun Quronboyev qoʻlga kiritdi. -66 kilogramm vazn toifasida kurashayotgan polvonimiz oltin medal uchun kechgan bahsda ispaniyalik Serxio Ibanes bilan raqobatlashdi. Qiziqarli va murosasiz kechgan bellashuvda vakilimizning qoʻli baland kelib, Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligiga munosib tuhfa tayyorladi — oltin medal.
Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlarining 28-avgust kungi bahslarida hamyurtimiz Elbek Sultonov kunning birinchi xushxabarini keltirdi. Para-yengil atletikaning F12 toifasida yadro uloqtirish bahslarida ishtirok etgan Sultonov bronza medaliga sazovor boʻldi. Uning dastlabki urinishda qayd etgan 15.94 metr natijasi yakunda shohsupaga koʻtarilishiga zamin yaratdi.
Oʻsha kuni ayollar oʻrtasida para-yengil atletikaning nayza uloqtirish turida F13 klassida hamyurtimiz Nozimaxon Qayumova Oʻzbekistonga navbatdagi oltin medalni keltirdi. Tajribali sportchimiz 42.59 metr natija bilan birinchi boʻldi.
Aytish joizki, Nozimaxon Qayumova Rio-2016 yozgi Paralimpiya oʻyinlarida ham oltin medalni qoʻlga kiritgan edi.
— Chempion boʻlishdan koʻra, uni himoya qilish qiyinroq degan gap bor sportda, — deydi N.Qayumova. — Shuni hisobga olib, bu gal ikki hissa tayyorgarlik koʻrdim. Rio-2016 Paralimpiya oʻyinlaridagi natijamni Tokioda ham takrorlab, jamoamiz hisobiga oltin medal olib berishni koʻnglimga tukkandim. Tokio paralimpiya musobaqasida ham gʻalaba qozonib, ikki karra paralimpiya chempioni boʻlish baxtiga muyassar boʻlganimdan juda baxtiyorman. Bu, avvalo, Prezidentimizning biz yoshlarga, xususan, sportga qaratayotgan yuksak eʼtibori, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar samarasi deb, bilaman. Gʻalabamni Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlayman.
Delegatsiyamizning yana bir oltin medalini para-yengil atletikachimiz Mohigul Hamdamova qoʻlga kiritdi. F57 toifasida disk uloqtirish bahsida qatnashgan Mohigul 31.46 metr natija qayd etdi. Ushbu dasturda qatnashgan boshqa hech qaysi sportchi bu koʻrsatkichga hatto yaqin ham kela olmadi va Hamdamova Paralimpiya oʻyinlari chempioniga aylandi.
Para-pauerlifting boʻyicha ayollar oʻrtasida -61 kg vazn toifasida hamyurtimiz Roʻza Qoʻziyeva final bahsida ishtirok etib, 130 kilogramm toshni boʻysundirgan holda, kumush medalga sazovor boʻldi.
Para-dzyudo boʻyicha –57 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Parvina Samandarova finalda ozarbayjonlik Sevda Valiyevaga qarshi bahs olib bordi. Murosasiz kechgan bahsda Samandarova vazari bahosi bilan imkoniyatni boy berib qoʻydi va delegatsiyamiz hisobiga yana bir kumush medalni taqdim qildi.
Para-dzyudochimiz Feruz Saidov paralimpiya musobaqasida oltin medalga sazovor boʻldi. –73 kg vazn toifasida bahs olib borgan vakilimiz finalda qozogʻistonlik Temirjan Dauletni ippon bahosi bilan magʻlub etib, Paralimpiya oʻyinlari chempioniga aylandi.
Para-dzyudochimiz Nafisa Sheripbayeva –63 kg vazn toifasida musobaqlarda ishtirok etdi. Bronza medali uchun kechgan kurashda ispaniyalik Marta Arse ustidan ippon bahosi bilan gʻalaba qozonib, delegatsiyamiz hisobiga uchinchi bronza medalini taqdim etdi.
Para-dzyudochimiz Dovurxon Karomatov Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlari finalida ozarbayjonlik sportchiga qarshi kurashdi. –81 kilogramm vazn toifasida Huseyn Rahimliga qarshi kurash olib borgan vakilimiz qoʻshimcha vaqtda imkoniyatni boy berib, kumush medalga sazovor boʻldi.
— Millionlab hamyurtlarimiz gʻalabamizga koʻz tikib turganini his etish, Vatan sharafini himoya qilish, sportchi uchun katta sharaf, — deydi Dovurxon Karomatov. — Bu ayni paytda sportchiga katta masʼuliyat ham yuklaydi. Bu yilgi paralimpiya musobaqalarida kumush medalga sazovor boʻldim. Bu bilan toʻxtab qolmoqchi emasman. Keyingi olimpiadalarda ham ishtirok etib, oltin medalni qoʻlga kiritishni oʻz oldimga maqsad qildim.
Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlarining 29-avgust kungi dasturida 100 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan para-dzyudochimiz Sharif Halilov bronza medali uchun kechgan kurashda braziliyalik Antonio da Silvadan ustun kelib, ikkinchi bor Paralimpiya oʻyinlarining medaliga sazovor boʻldi. Hamyurtimiz bundan avval London–2012 Paralimpiadasida kumush medalga ega chiqqan edi.
30-avgust kuni ham paralimpiyachilarimiz sport muxlislarini gʻalabalar bilan quvontirdi. Para-yengil atletikaning erkaklar oʻrtasida F41 klassida yadro uloqtirish bahslarida ishtirok etgan sportchimiz Boburjon Omonov 14.06 metr natija qayd etib, oltin medalga sazovor boʻldi. Tagʻin Paralimpiya rekordini yangilagan holda!
Taʼkidlash kerakki, bu borada jahon rekordi ham aynan Omonovga tegishli. Boburjon Birlashgan Arab Amirliklarida boʻlib oʻtgan jahon chempionatida 14.31 metr natija bilan dunyo rekordini oʻrnatgan edi.
— 2017-yil yoshlar oʻrtasidagi Paraosiyo oʻyinlarida, 2019-yili jahon chempionatida gʻolib boʻlganimdan keyin, endi paralimpiya oʻyinlarida ham, albatta, gʻalaba qozonib, Vatanimiz bayrogʻini yuqori koʻtarishni oʻz oldimga maqsad qilgandim, — deydi Boburjon Omonov. — Bugun sportdagi ana shu eng yuksak dovondan ham muvaffaqiyatli oʻtib, Paralimpiya chempioni boʻlganimdan, juda xursandman. Bundan buyon ham yangi Oʻzbekistonimizga yangi gʻalabalar keltirish yoʻlida bor kuch va gʻayratimni ayamayman.
Para-yengil atletikachimiz Nurxon Qurbonova yadro uloqtirish bahsida — F54 toifasida kechgan bahsda 7.77 metr natija qayd etib, shaxsiy koʻrsatkichini yangiladi. Shu bilan birga, ushbu natija unga bronza medalini ham taqdim qildi.
Para-suzuvchimiz Shohsanam Toshpoʻlatova Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlarida delegatsiyamizning 15-medaliga mualliflik qildi. Hamyurtimiz 200 metr masofaga kechgan kompleks suzish dasturida bronza medalini qoʻlga kiritdi. U oʻta murosasiz kechgan final dasturida marraga uchinchi boʻlib yetib keldi. Vakilamiz masofani 2:27.92 daqiqada suzib oʻtishga muvaffaq boʻldi. Qayd etish joiz, bu uning uchun Paralimpiya oʻyinlaridagi uchinchi medali boʻldi. Ushbu sportchimiz Rio-2016 Paralimpiadasida 2 ta bronza medaliga sazovor boʻlgan edi.
Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston delegatsiyasi Rio-2016 Paralimpiya oʻyinlarida ham yuksak natijalar qayd etgan. Oʻshanda sportchilarimiz 8 ta oltin, 6 ta kumush, 17 ta bronza, jami 31 ta medalni qoʻlga kiritib, medallar soni boʻyicha 12-oʻrinni egallagan.
Delegatsiyamizning Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlaridagi medallari hozircha 5 ta oltin, 4 ta kumush va 6 ta bronzani tashkil etmoqda. Bu bilan Oʻzbekiston paralimpiya jamoasi ayni paytda dunyo davlatlari orasida medallar jamgʻarmasi boʻyicha 14-oʻrinni egallab turibdi. Bu hali hammasi emasligiga ishonamiz. Chunki Paralimpiya oʻyinlari hali davom etmoqda. Sportchilarimiz qoʻlga kiritayotgan bunday yuksak gʻalabalar tobora yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 30 yilligiga munosib tuhfa boʻladi.
Shahzod GʻAFFOROV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri