Mamlakatimizda hech kim mehr va e'tibordan chetda emas. Ayniqsa, imkoniyati cheklangan insonlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning iqtidorini yuzaga chiqarish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Bunga javoban ular ham ilm-fan, san'at va sport sohalarida xalqaro maydonda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqda.
Joriy yil 24-avgustdan 5-sentyabrgacha Yaponiya poytaxti Tokio shahrida bo'lib o'tgan paralimpiya musobaqalari buning yorqin namunasidir. Unda ishtirok etgan sportchilarimiz imkoniyati cheklangan bo'lishiga qaramay, o'zlarining etuk tayyorgarligi va yuksak mahoratini ko'rsatib, yurtimiz sportidagi eng yuqori ko'rsatkich — 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medalni qo'lga kiritdi. Bu g'alabadan nafaqat ularning ota-onalari, balki barcha yurtdoshlarimizning qalbi faxrga to'lgani ayni haqiqat.
Davlatimiz rahbari 10-sentyabr kuni XVI Paralimpiya o'yinlarida ishtirok etgan sportchi va murabbiylar bilan uchrashib, barchani sportchilarimizning ana shu ulkan g'alabasi bilan muborakbod etar ekan, qahramonlarimizning har biri nomma-nom tilga olindi.
Ta'kidlanganidek, ular erishgan yutuqlar tinimsiz jismoniy mashqlar bilan birga, kuchli ruhiy tayyorgarlik, mustahkam iroda va pok niyat samarasidir. Inson oldiga ana shunday aniq maqsad qo'yib, unga erishish yo'lida astoydil mehnat qilsa, tunni tun, kunni kun demay harakat qilsa, g'alaba sari intilsa, albatta, niyatiga etadi. Zero, har qanday xayrli ish pok niyat va harakat bilan ijobat bo'ladi.
So'nggi yillarda yurtimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e'tibor va g'amxo'rlik esa ushbu intilishlarga rag'bat bermoqda. Respublikamizning har bir hududida ana shunday matonatli sportchilarimizni tayyorlash uchun barcha sharoitlar yaratilyapti.
Uchrashuvda Prezidentimiz erishilgan natijalarni mustahkamlash, yanada ko'proq yutuqlarni qo'lga kiritish uchun 2024-yilda Parijda bo'lib o'tadigan Paralimpiya o'yinlariga hozirdanoq aniq tizim asosida tayyorgarlik ko'rish zarurligini ta'kidlab, bu boradagi muhim vazifalarni belgilab berdi. Jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarni sportga keng jalb etib, paralimpiya harakatini rivojlantirish, iqtidorlilarni saralab, tarbiyalash, xorijdan tajribali mutaxassis va murabbiylar jalb etish bo'yicha ko'rsatmalar berildi.
Sport ta'limi maskanlarida paralimpiya bo'yicha bo'limlar tashkil etilib, qo'shimcha kvotalar ajratilishi, maxsus o'quv dasturlari va metodika joriy qilinishi aytildiki, bu yoshlarni sportga jalb qilish, ularni barkamol qilib tarbiyalashda katta ahamiyat kasb etadi. Kelgusi o'quv yilidan boshlab, O'zbekiston Milliy paralimpiya qo'mitasi qoshida Paralimpiya sport turlari bo'yicha mutaxassislar tayyorlash institutining tashkil etilishi esa yurtimizda sohaga yuqori darajada katta e'tibor qaratilayotganidan dalolat beradi.
Hozirgi kunda yoshlar orasida hayotda ozgina to'siq yoki qiyinchilikka uchrasa, o'zini yo'qotib, umidsizlikka tushib qoladigan yigit-qizlarimiz afsuski, yo'q emas. Bu borada alohida maktab tashkil etilsa, u erda tajribali ustozlar, sportchilar yoshlar bilan uchrashib, ularga hayot yo'llari, erishgan yutuqlari, qiyinchiliklarni qanday engib o'tayotgani haqida so'zlab bersa, ishonamanki, yigit-qizlarimiz ham ularga havas qilib, ketidan ergashadi. Ulardek vaqtning qadriga etishni o'rganadi, sport bilan shug'ullanib, o'zbek yigitlari, o'zbek qizlari nimaga qodir ekanliklarini isbotlaydi.
Quvonarli tomoni, ularning ibratli hayoti va faoliyati haqida xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz qanchalik ko'p xabardor bo'lsa, ulardan o'rnak olib yashasa, bu jamiyatimizdagi ma'naviy muhitni yanada sog'lomlashtirishga xizmat qiladi. Shu jihatdan, bu borada O'zbekiston Milliy paralimpiya qo'mitasi tarkibida “Matonat maktabi” tashkil etilishi ayni muddao bo'ldi.
Albatta, imkoniyati cheklangan sportchilarning taqdir sinovlariga mardona bardosh berib, sabr-toqat va shukronalik ruhi bilan, hayotda o'z munosib o'rnini topib yashayotganining o'zi katta jasorat. Ularning erishgan yutuqlari mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e'tibor amalda o'z samarasini berayotganining yana bir yaqqol dalili bo'ldi.
Odinaxon OTAXONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati