Fransiya va Yevropaning qator mamlakatlari inson hayoti uchun xavf tug‘dirayotgan kuchli issiqlik ta’sirini boshdan kechirmoqda. Ekstremal haroratlar kundalik hayotni qiyinlashtirib, maktablarning yopilishiga va poyezd qatnovlarining to‘xtatilishiga sabab bo‘lmoqda.

Ehtiyot choralari doirasida dunyodagi eng mashhur turistik obyektlar faoliyatiga ham cheklovlar kiritildi. Parijdagi Eyfel minorasi jazirama issiq sababli odatdagidan ertaroq yopilib, ko‘plab sayyohlarning rejalarini o‘zgartirishga majbur qildi.

AQShdan kelgan sayyoh Tamara Danser minoraga chipta sotib olish uchun ikki oy avval buyurtma berganini, ammo safari so‘nggi daqiqada bekor qilinganini aytdi.

Shunga qaramay, ayrim sayohatchilar issiq ob-havo Parijni tomosha qilishga xalaqit bermasligini ta’kidlashdi.

“Jazirama issiq sayohatimiz zavqini buza olmaydi. Parijda ko‘radigan joylar hali juda ko‘p”, — dedi Kaliforniyadan kelgan sayyohlar Karlin va Kerol.

Bundan avval Fransiyada misli ko‘rilmagan jazirama issiq oqibatida uch kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Mamlakatning qator hududlarida havo harorati 40°C dan oshib ketgan bo‘lib, hukumat jazirama issiq yana bir necha kun davom etishi mumkinligi haqida ogohlantirdi, deb xabar berdi Kazinform.