Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslar afv etildi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi Farmoniga sharh

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida xalqimizga xos ezgulik, bagʻrikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli boʻlish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida “Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi Farmonni imzoladi.

    Farmonga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 426 nafar shaxs afv etildi.

    Afv etilgan shaxslarning 135 nafari asosiy jazodan toʻliq ozod etildi, 200 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 26 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 65 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

    Afv etilganlarning 11 nafarini chet el fuqarolari, 50 nafarini ayol, 13 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 157 nafarini yoshlar (shulardan, 3 nafari voyaga yetmaganlar) hamda 5 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

    Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bagʻriga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shugʻullanishlari, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib, jamiyatda munosib oʻrin topishlari uchun ularga koʻmak berish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.