Narxlar izchil va taxmin qilinadigan muhitda aholi kelajakni rejalashtiradi, tadbirkor esa ishonch bilan sarmoya kiritadi. Natijada iqtisodiyot sifat jihatidan oʻsish imkoniga ega boʻladi. Shu bois, narx barqarorligi statistik koʻrsatkichdan koʻra hayotiy ahamiyatga ega.

Ammo inflyatsiya kuchaygan sharoitda bu muvozanat izdan chiqadi. Oziq-ovqat, dori- darmon yoki kommunal xizmatlar narxining tez-tez oʻzgarishi aholining kundalik reja­lariga bevosita taʼsir qiladi. Daromadi cheklangan oilalar, birinchi navbatda, is­teʼmol xarajatini qisqartirishga majbur boʻladi. Oddiy misol: oʻtgan yili muayyan miqdordagi mablagʻga bir haftalik oziq-ov­qat mahsulotlari xarid qilingan boʻlsa, bu­gun oʻsha pulga kamroq tovar olish mumkin. Bu holat pulning qadri pasayganini anglatadi. Yaʼni mablagʻ miqdori oʻzgarmagan boʻlsa-da, imkoniyati qisqardi.

Shuningdek, inflyatsiya tadbirkor va ish­lab chiqaruvchilar uchun ham ogʻir muammo tugʻdiradi. Xomashyo va transport xarajati tez-tez oʻzgarib turgan sharoitda mahsulot tannarxini aniq hisoblash qiyinlashadi. Bu esa yangi loyihalarga sarmoya kiritishda ehtiyotkorlikni kuchaytiradi. Uzoq muddatli innovatsion rejalar ortga suriladi, qisqa muddatli foydaga eʼtibor koʻproq boʻladi. Shu orqali iqtisodiy oʻsishning sifat ji­hatdan ham susayishi kuzatiladi.

Inson bugun mehnat qiladi va ertangi kun­ga ishonch bilan qarashni istaydi. Agar top­gan mablagʻining qadri saqlanishiga ishonch boʻlsa, u jamgʻaradi, reja tuzadi, sarmoya ki­ritadi. Agar ishonch susaysa, ehtiyotkorlik va ikkilanish kuchayadi. Shu bois, inflyatsiyani jilovlash makroiqtisodiy vazifa emas. Bu har bir xonadon dasturxonida barqarorlikni taʼminlash, bozorda tadbirkor uchun aniqlik va jamiyat ongida ishonchni saqlash masala­sidir. Barqaror narx muhiti shakllanganda iqtisodiy oʻsish raqamlarda emas, balki har bir oilaning turmushi, xarid qobiliyati va kelajakka ishonchida aks etadi.

Mamlakatimiz iqtisodiyotida yashirin faoliyat ulushini qisqartirish, iqtisodiy oʻsish surʼatiga toʻsiq boʻlayotgan omillar­ni bartaraf etish va makroiqtisodiy bar­qarorlikni taʼminlash davlat siyosatidagi ustuvor yoʻnalishlardan biriga aylandi. Bu borada, xususan, soliq maʼmurchiligi isloh qilinmoqda va uni raqamli yechimlar asosida zamonaviy darajaga koʻtarish orqali iqtiso­diyotdagi xufiyona aylanmalarni qisqartirish boʻyicha tizimli ishlar izchil bajarilyapti.

Yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga qa­ratilgan chora-tadbirlar nafaqat iqtisodiy samaradorlik, balki ijtimoiy adolat va dav­latga ishonch muhitini mustahkamlash bilan ham bogʻliq. Hududlar va tarmoqlar boʻyicha qilinayotgan ishlar samaradorligini oshi­rish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, iqtisodiy jarayonlarning shaffofli­gini taʼminlash hamda byudjet daromadini kengaytirish maqsadida kompleks chora-tad­birlar ishlab chiqildi. Ularning asosiy yoʻ­nalishi — yashirin faoliyatni legallashti­rish, soliq bazasini mustahkamlash va ichki zaxiralarni samarali ishga solishdan iborat.

Davlatimiz rahbarining 2025-yil 10-dekabrdagi “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulu­shini qisqartirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bu jarayonni tizimli va samarali amalga oshi­rishda huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda. Farmon soliq organlariga iqtisodiyotdagi xufiyona aylanmalarni qisqartirish, soliq maʼmurchiligi samaradorligini oshirish va biznes muhitini ragʻbatlantirish uchun yangi imkoniyat va instrumentlar taqdim etadi.

Birinchidan, farmon mazmun-mohiyati keng jamoatchilikka yetarli darajada yetka­zilishi zarur. Shu maqsadda hududlarda aho­li va tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan uchrashuvlar tashkil qilindi, ularga yangi normalarning mohiyati va amaliyotda qoʻllanishi tushuntirildi. Yangi tizimning foydali jihatlari sodda va tushunarli tarz­da videorolik, infografika va boshqa vizual materiallar tarzida ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirildi, markaziy va mahalliy tele­kanallarga uzatildi.

Shuningdek, oʻtgan davrda ommaviy ax­borot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali targʻibot ishlari faol olib boril­di. Tadbirkorlik subyektlarining shaxsiy kabinetiga ham farmon talablari haqida xabarnomalar yuborildi. Bu esa soliq toʻ­lovchilarning yangi tizimga moslashuvini tezlashtirdi va ularning huquqiy ongini mustahkamladi.

Bunday tizimli chora-tadbirlar tufayli soliq organlari nazoratchi boʻlish bilan bir­ga raqamli texnologiyalar va axborot vosita­lari orqali xizmat koʻrsatuvchi, tadbirkor va aholi uchun barqaror ishonch muhitini taʼ­minlovchi institutga aylandi. Yashirin iqti­sodiyotni qisqartirish orqali iqtisodiyotda aniq va shaffof jarayonlar rivojlanmoqda. Bu esa uzoq muddatli iqtisodiy oʻsishning asosiy poydevoridir.

Ushbu jarayon davlat va tadbirkorlikning oʻzaro ishonch va hamkorlik asosida rivoj­lanishiga misol. Soliq maʼmurchiligini raqamli yechimlar asosida takomillashtirish orqali iqtisodiy samaradorlik taʼminla­nishi bilan birga jamiyatda barqarorlik, adolat va innovatsiya muhiti ham mustah­kamlanmoqda.

Ikkinchi muhim yoʻnalish sifatida mamlakatimizda soliq maʼmurchiligini raqamlashtirish va zamonaviy axborot ti­zimlari asosida takomillashtirish ishlari izchil bajarilmoqda. Bu texnik yangilik, davlat va tadbirkorlik oʻrtasida iqtisodiy jarayonlarning shaffofligini taʼminlash va yashirin aylanmalarni qisqartirish bilan bogʻliq strategik jarayondir.

Farmon talablariga asosan soliq or­ganlarining axborot tizimlariga qator yan­gilik va qoʻshimchalar kiritildi. Masalan, taʼsischisi yoki rahbarlari soliqdan boʻyin tovlagan korxonalarga QQSni tezlashtiril­gan tartibda qaytarmaslikning texnik imko­niyati yaratildi. Bu tadbir nafaqat qonuniy tadbirkorlikni ragʻbatlantirish, balki ado­lat va masʼuliyat muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, soliq organlari ustav kapitali va undagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni elektron taqdim etish va hisobga qoʻyish imkoniyati­ni ham yaratdi. Bu tadbir tadbirkorlar uchun vaqt va maʼmuriy yukni kamaytirish, soliq hisobotlarining aniqligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Elektron hisobvaraq- fakturalarda litsenziyalanadigan faoliyat boʻyicha tovarlar sotilayotganini avtomatik tekshirish imkoniyati ham joriy qilindi. Bu esa iqtisodiy operatsiyalarning shaffof­ligini taʼminlash va yashirin aylanmalarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Kameral soliq tekshiruvlari natija­si boʻyicha taqdim qilingan asoslar koʻrib chiqilgani haqida xabardor qilish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Bu soliq toʻlovchilarning huquqiy ongini mustahkamlab, davlatga ishonchini taʼminlaydi. Qurilish pudrat shartnomalarini soliq organlarida hisobga olish imkoniyati amaliyotga joriy etilib, markazlashgan qurilishlar boʻyicha elektron hisobvaraq-fakturada “kapital_ID”ni koʻrsa­tish orqali Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan integratsiya taʼminlandi. Bu tadbir sarmoya va qurilish loyihalarining shaf­fofligini taʼminlaydi, tadbirkorlar uchun barqarorlik va aniqlik yaratadi.

Shuningdek, import qilingan oziq-ovqat mahsulotlari muayyan muddatda sotilmagan va qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravaridan ortiq boʻlgan holatlarda sayyor tekshiruvga nomzod shakllantirish boʻyicha xavfni tahlil qilish tizimiga yangi mezonlar kiritildi. Bu tadbir iqtisodiyot­dagi resurslarni samarali taqsimlash, tah­didlar va xavflarni oldindan prognoz qi­lish imkonini beradi.

Jismoniy shaxslar uchun ham raqamli qulayliklar kengaytirildi. my3.soliq.uz elektron xizmati orqali shaxsiy kabinetning “Xizmatlar” oynasida “jismoniy shaxslar­ning daromadi va xarajatlari” modullari joylashtirildi. Bu xizmat soliq toʻlovchilar­ga oʻz moliyaviy harakatini aniq, oson va qulay tarzda kuzatish, barqaror rejalashtirish va mablagʻlardan samarali foydalanishga zamin yaratadi.

Raqamli transformatsiya soliq tizimini nazorat qiluvchi, xizmat koʻrsatuvchi, ishonch­li va insonparvar institutga aylantirishga yaqqol misoldir. Har bir elektron xizmat va avtomatlashtirilgan jarayon tadbirkor va davlat oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlay­di, iqtisodiy qarorlarning aniqligini taʼminlaydi hamda iqtisodiyotdagi yashirin aylanmalarni kamaytiradi.

Shu tariqa raqamli texnologiyalar va axborot tizimlarini joriy qilish soliq maʼmurchiligidagi zamonaviylik va bar­qarorlikni belgilaydi. Biznes muhitini ragʻbatlantirib, iqtisodiyotning raqobatbar­doshligi va jamiyatda ishonch muhitini mus­tahkamlaydi.

Uchinchi muhim yoʻnalish sifatida farmon talablari boʻyicha Soliq qoʻmitasiga soliq maʼmurchiligi samaradorligini oshirish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish uchun tegishli normativ hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish topshirilgan. Bu jarayon na­faqat qonuniy bazani, balki tadbirkor va davlat oʻrtasidagi ishonch muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bugun farmonda belgilangan topshiriqlar asosida bir qonun va Vazirlar Mahkamasi­ning toʻrtta qarori loyihalari ishlab chiqil­di. Bu hujjatlar zamonaviy soliq maʼmur­chiligi uchun aniq yoʻnalishlarni belgilaydi. Soliq toʻlovchilarning huquq va majburiyat­larini tartibga soladi hamda iqtisodiy ja­rayonlarning shaffofligini taʼminlaydi.

Tadbirkorlikdagi har bir qadam, oila rejasi va davlat moliyaviy siyosati oʻrta­sidagi uzluksiz bogʻliqlik iqtisodiyot­ning hamma jihatini bogʻlab turgan hayotiy muvozanatdir. Yangi Oʻzbekistonda soliq tizimining zamonaviy transformatsiyasi texnik va normativ yangilanishlardan ibo­rat boʻlibgina qolmay, iqtisodiy muhitni mustahkamlaydigan jarayon. Soliq tizimi, eng avvalo, davlat va tadbirkorlik, inson va iqtisodiy imkoniyatlar oʻrtasida ishonch­ning koʻzgusidir.

Zamonaviy soliq maʼmurchiligi jazodan ragʻbatga oʻtishning yaqqol misoli. Unda na­zorat va tekshiruvlar faqat adolat va shaf­foflikni taʼminlash uchun xizmat qiladi, tadbirkorlar esa oʻz rejasini erkin va aniq shaklda roʻyobga chiqarishi mumkin. Proaktiv hisobotlar, raqamli xizmatlar va kameral tekshiruvlarning avtomatlashtirilishi tad­birkor uchun faqat texnik qulaylik emas, balki iqtisodiy erkinlik va strategik ishonchni ham taqdim etadi. Endi tadbirkor­ning harakatlari jazodan qochish yoki nomaʼ­lum xavfdan qoʻrqish emas, balki samarali sarmoya kiritish, yangi ish oʻrinlari ochish va innovatsion loyihalarni amalga oshirishga qaratiladi.

Soliq tizimi xalq va davlat oʻrtasida­gi iqtisodiy hamkorlik ramzidir. Undagi shaffof va barqaror muhit har bir oila­ning kundalik hayotiga taʼsir qiladi: xa­rid qobiliyati, sarmoya kiritish imkoniyati, ijtimoiy barqarorlik va kelajakka ishonch shulardan iborat. Narx barqarorligi va inflyatsiyani jilovlash ham aynan shu ishonch­ni saqlash bilan bogʻliq. Agar pul qadri saqlansa va iqtisodiy muhit prognoz qili­nadigan boʻlsa, har bir fuqaro va tadbirkor oʻz xatti-harakatini ishonch bilan rejalash­tirishi mumkin. Inflyatsiya esa bu ishonchni susaytiradi, ijtimoiy-iqtisodiy qarorlar samaradorligini pasaytirib, innovatsiya va sarmoya kiritishga toʻsiq boʻladi.

Shu nuqtayi nazardan, soliq tizimini ra­qamli texnologiyalar va axborot tizimlari asosida modernizatsiya qilish nafaqat iqti­sodiy samaradorlikni taʼminlaydi, balki yashirin iqtisodiyotni qisqartirib, adolat va ishonch muhitini mustahkamlaydi. Bu ja­rayonda davlat va tadbirkorlik oʻrtasidagi hamkorlik oʻzining haqiqiy maʼnosini to­padi: nazorat va qonuniylik bilan ragʻbat va erkinlik oʻzaro uygʻunlashadi.

Bundan tashqari, zamonaviy soliq tizimi iqtisodiy oʻsishning sifati va barqarorli­gini belgilaydigan markaziy institutdir. U faqat raqamlar, hisob-kitoblar va byurok­ratiya bilan chegaralanmaydi. Aksincha, har bir xonadon hayotida, tadbirkorning reja­larida, oilalarning kelajakka ishonchida oʻz aksini topadi. Soliq tizimi orqali iqtiso­diy aylanmalar shaffoflashadi, sarmoya va resurslar samarali taqsimlanadi, yangi ish oʻrinlari va innovatsion loyihalar uchun im­koniyatlar ochiladi.

Shu bilan birga, soliq maʼmurchiligini raqamli transformatsiya asosida takomil­lashtirish iqtisodiy jarayonlarning sama­radorligini oshirish barobarida jamiyat ongida ishonch va barqarorlikni mustah­kamlaydi.

Sardor TOLLIBOYEV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri