Tadbirda JSTga aʼzo mamlakatlar va kuzatuvchi davlatlar savdo vazirlari hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etyapti.
Shu yil 12-iyunda dastur doirasida ochilish marosimi va yalpi majlis boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbirlarda koʻp tomonlama savdo tizimining dolzarb masalalari, shu jumladan koronavirus pandemiyasi oqibatlariga qarshi kurashish, turli xil COVID-19 shtammlariga qarshi vaksinalar ishlab chiqarishda Intellektual mulk huquqlarining savdo bilan bogʻliq jihatlari toʻgʻrisidagi bitim qoidalari (IMHSJ)ni qoʻllashdan voz kechish, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, baliqchilik subsidiyalarini optimallashtirish, JST faoliyatini isloh qilish va boshqa masalalar muhokama etildi.
Vazirlar konferensiyasidagi onlayn nutqida Bosh vazir oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov JSTning koronavirus pandemiyasi oqibatlariga qarshi kurashish, oziq-ovqat inqirozini hal etish, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va koʻp tomonlama savdo tizimini mustahkamlashdagi muhim rolini taʼkidladi.
2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot Strategiyasi doirasida Oʻzbekiston tashqi iqtisodiy siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida JSTga aʼzo boʻlishining mutlaq ustuvorligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayonini, jumladan, joriy yil 21-22-iyun kunlari boʻlib oʻtadigan Tashkilot ishchi guruhining 5-yigʻilishida faol ilgari surishga tayyorlik bildirildi.
Shuningdek, Vazirlar konferensiyasi doirasida Oʻzbekiston raisligida JSTga kirayotgan mamlakatlar norasmiy guruhining (IGAG) delegatsiyalari rahbarlari — vazirlar darajasidagi navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Uning davomida Tashkilotga qoʻshilayotgan mamlakatlarning dolzarb masalalari muhokama etildi. Tashkilotga aʼzo boʻlish boʻyicha muzokaralar jarayonida nomzod mamlakatlar duch kelayotgan asosiy muammo va qiyinchiliklarni hal etish borasida toʻplangan amaliy tajriba va fikr almashildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun: Vazirlar konferensiyasi JSTning oliy organi hisoblanadi. Vazirlar konferensiyasining yigʻilishlari 1994-yil 15-apreldagi “Jahon savdo tashkilotini tashkil etish toʻgʻrisidagi Marrakesh bitimining” 4-moddasiga muvofiq har ikki yilda yoki undan tezroq vaqt davomida oʻtkaziladi. Bugungi kunga kelib 11 ta konferensiya oʻtkazildi.