Jiddadagi buxoriylar diasporasining faol xotin-qizlari bilan hamkorlikda sumalak tayyorlandi

    Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi Jiddadagi buxoriylar diasporasi faol xotin-qizlari bilan birgalikda sumalak tayyorlash marosimini tashkil qildi.

    Tadbirda Sadiya Arabistonida turli sohalarda faoliyat koʻrsatayotgan faol oʻzbek ayollari, xususan Podshoh Abdulaziz nomidagi universitet va “Ummul Quro” universitetining professorlari, Oʻzbekistonning Jiddadagi Bosh konsulxonasi xodimlarining oila aʼzolari qatnashdi.

    Sumalak bazmi ishtirokchilariga Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, taʼlim sohasidagi oʻzgarishlar, mamlakatimizning iqtisodiy va turistik salohiyati hamda milliy bayramlarimiz, oʻzbek milliy taomlari, xususan sumalak pishirish jarayoni haqida batafsil maʼlumot berildi.

    2023-yil 1-yanvardan boshlab Saudiya Arabistoni fuqarolari Oʻzbekistonga 30 kunga vizasiz borishi mumkinligi taʼkidlandi.

    Oʻz navbatida, buxoriylar diasporasi vakillari joriy yil 22-yanvar kuni Jidda shahrida oʻtkazilgan Birinchi islom sanʼati biyennalesining ochilish marosimida Oʻzbekistondan yuqori darajadagi delegatsiyaning ishtirokini yuqori baholadi.

    Ularning aytishicha, joriy yil 23-yanvardan 23-aprelgacha uch oy davomida Birinchi islom sanʼati biyennalesida Oʻzbekiston tarixiy merosining namoyish etilayotgani eʼtiborga sazovor voqea boʻldi.

    Buxoriylar diasporasi vakillari Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ayollarning oʻrni alohida eʼtiborga loyiq ekanligini taʼkidlab, respublikada xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni alohida qayd etdi.