Marosimda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, universitet rektori S.Safoyev, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Shermatov, IT Park direktori F.Ibragimov, tashqi ishlar, oliy va oʻrta taʼlim vazirliklari vakillari, oliy oʻquv yurtlari rektorlari, yetakchi xususiy kompaniyalar rahbarlari, OAV vakillari, JIDU oʻqituvchi va talabalari ishtirok etdi.

Oʻz chiqishida S.Safoyev quyidagilarni taʼkidladi: “Raqamli texnologiyalarning faol rivojlanishi bugungi kunda butun dunyoda asosiy trend hisoblanadi. Tobora koʻproq mamlakatlar ushbu oʻzgarishlarning ahamiyatini anglab yetib, ushbu yoʻnalishga alohida eʼtibor qaratyapti, davlat, ijtimoiy, taʼlim va boshqa jarayonlarni har tomonlama raqamlashtirishga qaratilgan milliy raqamli rivojlantirish strategiyalarini qabul qilyapti.

“Raqamli diplomatiya” atamasi mustahkam oʻrin olgan xalqaro munosabatlar sohasida ham jadal rivojlanish kuzatilyapti. Oʻzbekistonda davlatimiz rahbarining Farmoni bilan “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilindi. Ushbu keng koʻlamli dasturiy hujjat iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari va mamlakatimiz hududlarini raqamli oʻzgartirish boʻyicha yoʻl xaritalarini oʻz ichiga oladi”.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Huawei Technologies” kompaniyasi bilan birgalikda yagona IT ekotizimini yaratish konsepsiyasi – “Smart University”ni amalga oshirishga kirishdi. Bugun ochilayotgan uchun Inkubatsiya va akseleratsiya markazi uning tarkibiy qismi hisoblanadi. Markaz iqtidorli talabalarning gʻoyalarini ochib berish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga moʻljallangan va startap loyihalarini yaratish uchun ragʻbatlantiruvchi omil boʻlib xizmat qiladi.

Universitet hududidagi markaz uchun jihozlangan auditoriyalar ajratilgan, ular orasida interaktiv mashgʻulotlar oʻtkazish uchun 60 kishilik auditoriya, muzokaralar xonasi mavjud. Barcha zarur jihozlarga ega alohida kovorking-ofis, loyiha bosqichlari taqdimotlari uchun ixtisoslashtirilgan auditoriya mavjud. Markaz faoliyati doirasida talabalar uchun maslahatlashuvlar, turli tanlovlar oʻtkaziladi.

Talabalar, shuningdek, 8 ta modulni oʻz ichiga olgan inkubatsiya dasturlariga ham jalb qilinadi. Ushbu modullar turli biznes sohalaridagi maʼruzachilar ishtirokida oʻtkaziladi, bu esa talabalarga oʻz loyihasini samarali va batafsil ishlab chiqish imkonini beradi.

Inkubatsiya dasturi davrida JIDU professor-oʻqituvchilari talabalarga marketing, loyiha boshqaruvi, yurisprudensiya, marketing tadqiqotlari va biznes rejalar va hokazolar boʻyicha bilim olishga yordam beradi. Inkubatsiya dasturining oxiriga kelib, talaba investitsiya fondlari bilan hamkorlik qilish uchun puxta ishlab chiqilgan taqdimotlarga ega boʻladi. Har bir modul boʻyicha oʻqish bilan bir qatorda, rezidentlarga xatolar ustida ishlash va mahsulotlarni takomillashtirish uchun koordinator bilan ekspert sessiyasi oʻtkaziladi.

Tadbir doirasida mehmonlarga universitet talabalarining taʼlim va qurilish sohasidagi startap gʻoyalari taqdimotlari ham oʻtkazildi. Bundan tashqari, JIDU bitiruvchisi, Black Swan Consulting yuridik konsalting kompaniyasi rahbari A. Axmedov tomonidan “Startap va venchur investitsiyalarni rivojlantirish istiqbollari: normativ-huquqiy baza, qonunchilikdagi kamchiliklar, amaldagi va xorijiy amaliyot” mavzusida interfaol mashgʻulot oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.